Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Rossiya mehnat muhojirlariga soliq solmoqchi

Rossiya mehnat muhojirlariga soliq solmoqchi

Rossiyada migrantlar uchun shaxsiy daromad solig‘ini 30 foizgacha oshirish taklif qilinmoqda. Bunday qonun loyihasi Davlat Dumasiga taqdim etish uchun Leonid Slutskiy boshchiligidagi LDPR fraksiyasi tomonidan tayyorlangan.

«Qonun loyihasining konsepsiyasi xorijiy fuqarolarga nisbatan soliq tizimining asosiy parametrlarini qayta ko‘rib chiqish va ijtimoiy, iqtisodiy sohalardagi muammolarni hal qilish uchun Rossiya Federatsiyasi budjet tizimining daromadlarini oshirish zarurligiga qaratilgan», deyiladi «Izvestiya» xabarida.

Ta’kidlanishicha, birgina 2022 yil davomida Rossiya Federatsiyasida ishlash uchun ruxsatnoma olgan xorijiy fuqarolar soni 2 164,6 ming kishini tashkil etgan, ulardan 2 035 000 nafari mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun apatentga ega bo‘lgan. 2023 yilda ham shunday ko‘rsatkich qayd etilgan.

«Rossiya Federatsiyasi Soliq kodeksining 224-moddasi 3-bandiga muvofiq, Rossiyada soliq rezidenti bo‘lmagan jismoniy shaxslar tomonidan olingan barcha daromadlar uchun 30 foiz soliq stavkasi nazarda tutilgan. Patent asosida haq to‘lanadigan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanadigan chet el fuqarolarining daromadlari ushbu me’yorning talablariga rioya qilmaydi», — deya qayd etishgan qonun loyihasi mualliflari va buni tuzatishni taklif qilishgan.

«Ko‘plab xorijliklar Rossiyaga ishlash uchun kelishmoqda. Muhojirlarning deyarli uchdan ikki qismi patent asosida yollanma ishchi sifatida ishlaydi va ular topgan pullarini xorijdagi oilalariga jo‘natishadi. Ammo biz chet ellik muhojirlarning daromadi Rossiya budjeti uchun ishlashi kerak, deb hisoblaymiz», — deydi Leonid Slutskiy.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiya budjetini qo‘shimcha daromadlar bilan to‘ldirish imkonini beradi.

Mazkur qonun loyihasi 5 avgust kuni tasdiqlash uchun hukumatga yuborilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring