Rossiyada migrantlarning patent olishi va uni uzaytirishiga yangi shart qo‘yildi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin mehnat migrantlariga o‘zini hamda Rossiyada yashayotgan qaramog‘idagi oila a’zolarini yashash minimumidan kam bo‘lmagan darajada ta’minlash majburiyatini yuklovchi qonunni imzoladi.
Qonunga ko‘ra, xorijiy fuqarolar patent olganda nafaqat o‘zlari, balki voyaga yetmagan barcha farzandlari uchun ham jismoniy shaxslar daromad solig‘i (NDFL) bo‘yicha belgilangan qat’iy avans to‘lovini amalga oshirishi shart bo‘ladi.
Mazkur talab tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan holda jismoniy shaxslar uchun uy-ro‘zg‘or va shaxsiy xizmatlar ko‘rsatayotgan xorijiy fuqarolarga ham tatbiq etiladi.
Agar ushbu talablar bajarilmasa, migrantning patenti yoki ishlash ruxsatnomasi uzaytirilmaydi. Shundan so‘ng, Rossiyada vaqtincha qolish uchun boshqa qonuniy asos bo‘lmasa, ular voyaga yetmagan farzandlari bilan birga 15 kun ichida mamlakatni tark etishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, qonunga muvofiq, xorijiy fuqaroning voyaga yetmagan farzandlarining Rossiyada vaqtincha bo‘lish muddati ota-onasiga berilgan (uzaytirilgan yoki qayta rasmiylashtirilgan) patent amal qilish muddatidan oshmasligi belgilandi. Biroq bu muddat 18 yoshga to‘lgunga qadar amal qiladi va buning uchun NDFL bo‘yicha qat’iy avans to‘lovi to‘langan bo‘lishi lozim.
Farzandlar 18 yoshga to‘lgach, Rossiyada qolish uchun boshqa qonuniy asos mavjud bo‘lmasa, ular 30 kun ichida mamlakatni tark etishi yoki shu muddat ichida patent olish uchun ariza berib, tegishli avans to‘lovini amalga oshirishi kerak bo‘ladi.
Yangi qonunga ko‘ra, Rossiya Ichki ishlar vazirligiga xorijiy fuqarolarning daromadi va NDFL bo‘yicha qat’iy avans to‘lovi amalga oshirilganini tekshirish vakolati berildi. Shuningdek, vaqtincha yashash ruxsatnomasi yoki yashash guvohnomasini olgan xorijiy fuqarolarning soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tgan-o‘tmaganini ham davlat migratsiya axborot tizimi orqali nazorat qilish mumkin bo‘ladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter