Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Sanksiyalar Rossiyaga nechog‘li ta’sir qilyapti? Jozep Borrel muhim savolga atroflicha javob berdi

Sanksiyalar Rossiyaga nechog‘li ta’sir qilyapti? Jozep Borrel muhim savolga atroflicha javob berdi

YeI bosh diplomati Jozep Borrel.

Foto: AP

Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin kollektiv G‘arb, jumladan, Yevropa Ittifoqi tomonidan bir necha bosqichda sanksiyalar joriy etildi. Urushning intihosi ko‘rinmayotgan, energiya manbalari qimmatlashayotgan hozirgi pallada Rossiyaga nisbatan joriy etilgan moliyaviy jazo choralari qanchalik o‘zini oqlamoqda degan savol qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili – Yevropa komissiyasi prezidentining o‘rinbosari Jozep Borrel katta maqolasida ushbu muhim savolga atroflicha javob berdi.

«Ko‘pchilik Rossiyaga qarshi sanksiyalar samara bermoqdami deb so‘rayotir. Bu borada men hech ikkilanmay ha deyman va bu javobimni asoslab-tushuntirib ham beraman. YeI hamda hammaslak-hamkorlarimiz tomonidan qabul qilingan sanksiyalar hozirdanoq Vladimir Putin va uning sheriklariga kuchli zarba bermoqda. Rossiya iqtisodiyotiga qaratilgan cheklov choralari ta’siri yanada ortadi», – deydi Yevroittifoq bosh diplomati.

Hozirda moliyaviy jazo choralari Rossiyaning 1200 dan ziyod jismoniy va 100 ga yaqin yuridik shaxslariga, shuningdek, bir qator iqtisodiy sektorlarga tatbiq etilmoqda. Cheklov choralari «Katta yettilik» mamlakatlari bilan kelishilgan holda joriy qilingan. Bundan tashqari, qirqdan ziyod davlat, jumladan, an’anaviy ravishda betaraflikni ma’qul ko‘radigan mamlakatlar ham jazo choralariga qo‘shilgani ularning samaradorligini oshiradi.

«YeI qabul qilgan asosiy sanksiyalardan biri – 2022 yil oxiriga qadar Rossiya neft importining 90 foizidan voz kechishni ko‘zda tutadi. Bu esa Moskvani mo‘may daromaddan mahrum etadi. To‘g‘ri, Rossiya o‘z neftini boshqa bozorlarda sotishi mumkin, ammo Rossiya har bir barrel uchun katta chegirmalar berishga majbur bo‘layotgani sabab, foyda miqdori kamayadi (ayni paytda Rossiya nefti dunyo bozorida o‘rtacha narxdan 30 dollar arzonga sotilmoqda). Qolaversa – men buni eng muhim jihat deb atagan bo‘lar edim – tadrijiy neft embargosi va gaz importining qisqartirilishi Yevropani Rossiyadan energetika jabhasidagi qaramlikdan xalos etadi», – deb yozadi J.Borrel.

Ta’kidlash joizki, YeI ko‘p yillardan beri Rossiya energetika manbalariga qaramlik masalasini muhokama etib kelgan. Kezi kelganda bu omil Moskvaga nisbatan keskin choralar ko‘rishga ham to‘sqinlik qilgan. Ukraina bosqini esa bu jarayonni tezlashtirdi. Kuni kecha, Boku shahrida YeI hamda Ozarbayjon o‘rtasida energetika sohasidagi hamkorlikka doir anglashuv memorandumi imzolangani ham muqobil manbalarni topish yo‘lidagi dadil qadam sanaladi.

«Bu qaramlik Putinning Ukrainaga nisbatan dastlabki xomcho‘tlarida muhim rol o‘ynagan bo‘lsa ajab emas. Ehtimol, u energiya manbalariga haddan ziyod bog‘lanib qolgani vajidan Yevropa Ittifoqi Rossiyaga nisbatan jiddiy sanksiyalar joriy etmaydi deb o‘ylagandir. Bu – Putinning urush boshlashdagi eng katta xatolaridan biri bo‘ldi. Albatta, Rossiya energiya manbalari «zahari»dan bu qadar tez xalos bo‘lish  bir qator davlatlar va sektorlar uchun xarajatlarni sezilarli darajada oshiradi – bu holatga allaqachon ro‘baro‘ kelmoqdamiz.  Ammo bu – biz demokratiya va xalqaro huquqni himoya qilish yo‘lida to‘lashimiz lozim bo‘lgan tovon ekanini unutmagan ma’qul», – deydi YeIning yuqori martabali vakili.

Qayd etilishicha, Rossiya yuqori texnologiyalar jabhasida Yevropaga 45 foiz, AQShga 21 foiz va Xitoyga 11 foiz bog‘liqdir.  Bu sohadagi talabni esa milliy ishlab chiqarish orqali qondirish amrimahol. Avtomobilsozlik sanksiyalardan eng ko‘p zarar ko‘rgan sohalardan biri sanaladi. Xorij shirkatlari Rossiya bozorini tark etishi oqibatida joriy yil may oyida ishlab chiqarish o‘tgan yilga qaraganda 97 foizga qisqardi. Rossiya aviasanoati ham jiddiy inqiroz yoqasiga kelib qolgan. Mamlakatdagi 1100 ta fuqaro uchoqlarining qariyb 700 tasi xorijga tegishli.

J.Borrelga ko‘ra, moliyaviy bozordagi yo‘qotishlar, ilmiy tadqiqot yo‘nalishidagi ortga ketishlar, malakali kadrlarning xorijga yo‘l olishi kabi holatlar ham og‘ir oqibatlarga olib keladi.

«Putin siyosiy volyuntarizmning sehrli kuchiga ishonadi. Ammo bu hol abadiy davom etmasligi aniq. Shu sabab Yevropa strategik miqyosda sabr namunasini ko‘rsatmog‘i lozim.  Urush uzoq davom etar ekan, matonat sinovi ham cho‘ziladi. Zotan, boshqa tanlovimiz yo‘q. Rossiyaning qo‘li baland kelishiga imkon berish esa, demokratiyamizni va qoidalarga asoslangan xalqaro tartibot o‘zagini yakson qilish bilan barobardir», – deb xulosa qiladi YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili J.Borrel. 

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring