Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shimoliy Koreya rahbari o‘lim to‘shagida yotgani haqidagi ovozalarga aniqlik kiritildi

Shimoliy Koreya rahbari o‘lim to‘shagida yotgani haqidagi ovozalarga aniqlik kiritildi

Foto: KCNA/AP

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In yurak jarrohligi operatsiyasidan keyin o‘lim to‘shagida yotgani haqida xabar tarqalgan edi. Bu haqda dastlab muhojirotdagi shimoliy koreyaliklar, so‘ng AQSh yetakchi nashrlari xabar berdi. Ammo Janubiy Koreya hukumati ushbu ovozani rad etdi.  

Janubiy Koreya prezidenti ma’muriyatiga ko‘ra, 36 yoshli Kim Chen In chindan ham og‘ir kasal ekanini tasdiqlovchi jiddiy dalil mavjud emas.

Mishmishlar tarqalishining o‘ziga xos sababi bor. 15-aprel kuni  Shimoliy Koreya davlati asoschisi Kim Ir Senning tug‘ilgan kuni nishonlandi. An’anaga ko‘ra, amaldagi rahbar Kim Chen In bobosi tug‘ilgan kuniga bag‘ishlangan marosimlarda qatnashib kelgan. Ammo bu gal u mamlakatning asosiy bayramlaridan biri munosabati bilan tashkil qilingan tadbirda ko‘rinish bermadi.

Shimoliy Koreya rasmiy matbuotida Kim Chen In haqida so‘nggi bor 12-aprel kuni xabar berilgan. Qisqa xabarda «dohiy» aviatsiya bo‘linmasi faoliyati bilan tanishgani ma’lum qilingan. O‘shandan buyon mamlakat yetakchisi haqida rasmiy xabar berilmagan.

Shimoliy Koreya sayyoramizdagi eng sirli-tilsimli mamlakatlardan biri sanaladi. O‘zi shundoq ham yopiq o‘lka koronavirus pandemiyasi sabab, joriy yil yanvarda tashqi chegaralarini butunlay yopdi. Bunday vaziyatda esa ovozalar qanchalik asosli ekanini aniqlash ikki karra mushkuldir. Ammo «dohiy» og‘ir ahvolda ekanini rad etgan rasmiy Seul ham u jarrohlik amaliyotini boshdan kechirganini inkor qilgani yo‘q.  

Shimoliy Koreya rahbarining salomatligi borasida ovozalar tarqalishi ilk bor kuzatilayotgani yo‘q. 2014-yilda ham Kim Chen In davlat to‘ntarishi sabab hokimiyatdan chetlatilgani haqida xabar tarqalgan, ammo qirq kuncha o‘tib, u hassa tutgan holda jamoatchilikka ko‘rinish bergan edi.

Shimoliy Koreya xalq demokratik respublikasi ta’sis etilgan 1948-yildan buyon o‘lkani Kimlar sulolasi idora etib keladi. Jumladan, Kim Ir Sen 1948-1994, Kim Chen Ir 1994-2011-yillarda rahbarlik qilgan. Bobosi va otasidan qolgan «taxt»ni  2011-yilda Kim Chen In egallagan. U vafot etgan taqdirda mamlakat tepasiga kim kelishi aniq emas. To‘g‘ri, ehtimoliy nomzodlar yo‘q emas. Masalan, amaldagi rahbarning 32 yoshli singlisi Kim Yo Chjon davlat tepasiga kelishi mumkin. Ammo 70 yildan buyon yakkahukmdorlar tomonidan idora etib kelgan mamlakat siyosiy elitasi qay kayfiyatda ekani borasida tayinli xulosa aytish amrimahol.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring