Suriyada kurd avtonomiyasi tugadi: Rojava tajribasining yakunlanishi
Suriyada qariyb 14 yil davom etgan kurdlar boshchiligidagi avtonom hudud — Rojava o‘z mavjudligini amalda tugatdi. Yangi Damashq hukumati qo‘shinlari yanvar oyida qisqa muddat ichida mintaqani to‘liq nazoratga oldi va Suriya demokratik kuchlari (SDF) taslim bo‘lishga majbur bo‘ldi. Shu tariqa, Yaqin Sharqdagi eng o‘ziga xos siyosiy tajribalardan biri yakunlandi.
Rojava 2012 yilda, Suriya fuqarolik urushi avj olgan paytda, mamlakatning shimoliy-sharqida — Yevfrat orti hududida shakllangan edi. U «kurd avtonomiyasi» deb atalib kelgan bo‘lsa-da, bu hududda kurdlar aholining yarmidan sal ko‘prog‘ini tashkil etar, arablar, assiriylar, turkmanlar va boshqa xalqlar bilan birga yashar edi. Hududni asosan kurd otryadlari yetakchilik qilgan SDF nazorat qilardi.
Rojava xalqaro maydonda, eng avvalo, «Islomiy davlat»ga qarshi kurashdagi roli bilan tanildi. AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya havodan yordam bergan bo‘lsa, yerdagi asosiy janglarni aynan SDF olib bordi. 2017 yilda Rakkaning qo‘lga olinishi «Islomiy davlat»ning amalda mag‘lub etilishini anglatdi.
Biroq 2024 yil oxirida Bashar Asad rejimi qulaganidan so‘ng, Rojava taqdiri keskin o‘zgardi. Yangi Suriya rahbari Ahmad ash-Sharaa federalizatsiya g‘oyasini qat’iyan rad etdi va mamlakatni markazlashgan davlat sifatida tiklashni ustuvor deb bildi. Bu esa kurdlarning avtonomiyani saqlab qolish haqidagi talablari bilan mutlaqo to‘qnash keldi.
AQSh ma’muriyati esa Suriyani markazlashtirish yo‘lini ma’qulladi. Turkiyaning manfaatlari ham shu qarorda muhim rol o‘ynadi: Anqara kurd qurolli tuzilmalarini milliy xavfsizligiga tahdid deb biladi. Natijada, Damashqka kurd masalasini kuch ishlatib hal etish uchun amalda «yashil chiroq» berildi.
Yanvar oyida hukumat qo‘shinlari Aleppodagi kurd anklavlarini, ortidan esa Rakka, Deyr-ez-Zor va Hasakani deyarli qarshiliksiz egalladi. 18 yanvar kuni e’lon qilingan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi esa, mohiyatan, SDFning taslim bo‘lishi bo‘ldi. Kelishuvga ko‘ra, avtonomiya hududlari to‘liq Damashq nazoratiga o‘tadi, kurd qurolli tuzilmalari tarqatiladi va jangchilar individual tarzda Suriya armiyasiga qo‘shiladi.
Shu bilan birga, yangi hukumat ramziy imtiyozlar ham berdi: kurd tiliga rasmiy maqom berildi, Navro‘z umummilliy bayram sifatida tan olindi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter