Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Taniqli olim Frensis Fukuyama Ukrainadagi urush yakunini bashorat qildi

Taniqli olim Frensis Fukuyama Ukrainadagi urush yakunini bashorat qildi

Foto: Getty Images

AQShning Stenford universiteti professori Frensis Fukuyama American Purpose nashrida chop etilgan muxtasar maqolasida Ukrainadagi urushga o‘z munosabatini bildirdi. Quyida taniqli siyosatshunosning 12 banddan iborat bashorat va tavsiyalari bilan tanishishingiz mumkin.

  1. Rossiya Ukrainada shubhasiz mag‘lubiyatga uchraydi. Chunki Kreml harbiy harakatlarni Ukraina armiyasi ko‘z ochib yumguncha yer tishlaydi degan soxta ma’lumot va umidga suyanib boshladi. Hozirga qadar prezident Vladimir Putin barcha harbiy kuchlarni safarbar qildi, ammo rus qo‘shini Ukraina shaharlarini egallay olmadi.
  2. Rossiya kutilmaganda va halokatli tarzda pozitsiyalarni boy beradi. Shu tariqa rus qo‘shini ruhiy jihatdan uzil-kesil mag‘lubiyatga uchraydi.
  3. Ayni paytda ham Ukraina, ham Rossiyaga maqbul diplomatik yechim mavjud emas.
  4. BMT Xavfsizlik kengashi bu gal ham hech narsaga qodir emasligini ko‘rsatdi.
  5. AQSh prezidenti Jo Baydenning Ukraina osmonini uchish taqiqlangan hudud deb e’lon qilmagani va ularga MiG-29 harbiy uchoqlarini bermagani to‘g‘ri qaror bo‘ldi. Moskva mag‘lubiyatiga NATOning aralashuvini vaj o‘laroq ko‘rsatmasligi uchun Ukraina o‘z kuchi bilan g‘alaba qozongani ma’qul.
  6. Ukraina urushda so‘zsiz katta talafot ko‘radi. Ammo hozirgi pallada rus armiyasini havoda emas, yerda to‘xtatish muhim.
  7. Putin mag‘lubiyatga dosh bera olmaydi. Tarafdorlari ham uni kuchli hukmdor bo‘lgani uchun qo‘llab-quvvatlashini unutmaslik kerak.
  8. Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirgani Putinga bo‘lgan xayrixohligini ochiq izhor etib kelgan Matteo Salvini (Italiya), Jair Bolsonaru (Braziliya), Erik Zemur, Marin Le Pen (Fransiya), Viktor Orban (Vengriya), Donald Tramp (AQSh) kabi populist siyosatchilarning ham paytavasiga qurt tushirdi.
  9. Bu urush Xitoyga saboq bo‘lishi, rasmiy Pekin Tayvanga hujum qilish niyatidan qaytishi kerak.
  10. Tayvan uyqudan uyg‘onib, ukrainaliklar kabi jiddiy jangga hozirlik ko‘rishga kirishmog‘i lozim.
  11. Turkiya ishlab chiqarayotgan uchuvchisiz qurilmalar (dronlar) dunyo bo‘ylab xaridorgir mahsulotga aylanadi.
  12. Rossiyaning mag‘lubiyati erkinlikning qayta tug‘ilishiga doyalik qiladi va global demokratiyaning o‘limi haqidagi taxminlarga yo‘qqa chiqaradi. Ukrainaliklarning jasorati tufayli 1989 yilgi ruh yana qayta jonlanadi.

70 yoshli Yosixiro Frensis Fukuyama  – yapon millatiga mansub Amerika faylasufi, siyosatshunos, siyosiy iqtisodchi va yozuvchi. Dunyo bo‘ylab shov-shuv uyg‘otgan «Tarixning tugashi va so‘nggi odam» bestselleri muallifi.

Avval xabar berganimizdek, Fukuyama urush boshlangan ilk kunlarda V.Putinning nega harbiy harakat boshlagani sababi haqida gapirgan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring