Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Afg‘oniston: ichkari va tashqaridagi voqealar xronikasi

Afg‘oniston: ichkari va tashqaridagi voqealar xronikasi

Tolibonlar prezident saroyida. 15 avgust, 2021 yil

Xabaringiz bor, «Tolibon» harakati allaqachon poytaxt Kobulga kirib bo‘ldi va hukumatni tinch yo‘l bilan taslim qildi. Quyida Afg‘onistondagi voqealar rivoji bo‘yicha onlayn xabar berib turdik.


21:59. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov telefon orqali AQSh davlat kotibi Entoni Blinken va Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi.

21:40. Radio va TV odatdagidek ishlamoqda: yangiliklar, kino, sport dasturlari efirga ketyapti. Ko‘pchilikda sun’iy yo‘ldosh antennasi bor. Ammo ayrim dasturlarda o‘zgarishlar kuzatilgan: ko‘ngilochar ko‘rsatuvlar o‘rniga diniy dasturlar qo‘yilmoqda.

21:30. Buyuk Britaniya «Tolibon»ga qarshi sanksiya kiritish masalasini ko‘rib chiqishi mumkin, deya ma’lum qildi mamlakat tashqi ishlar vaziri Dominik Raar.

21:22. «Rossiya hozircha toliblarning ayollarga nisbatan yomon munosatini ko‘rmadi, Kobulda qizlar maktabi ish boshladi.G‘ani hukumatidan ko‘ra tolibonlar haqida odamlarning fikri ijobiy», demoqda Rossiyaning Afg‘onistondagi elchisi Dmitriy Jirnov.

21:13. Kobul aeroportidagi tartibsizliklarda halok bo‘lganlar soni 10 kishiga yetdi, demoqda ToloNews.

21:05. Kobul xalqaro aeroporti xavfsizlik nuqtai nazaridan harbiy va fuqarolik samolyotlarini qabul qilmay turibdi.

20:31. Tolibon vakillari yangi davlatni tuzish rejasi bo‘yicha xalqaro hamjamiyat va boshqa afg‘on siyosatchilari bilan maslahatlarni boshlab yubordi.

20:22. Bu orada esa BMTning Xitoydagi vakili so‘zlariga ko‘ra, Pekin tolibonlarning yangi hukumat tuzish majburiyatlarini bajarishini kutyapti.

20:17. AQSh rasmiylari Afg‘onistondagi amerikaliklarga nisbatan bo‘ladigan har qanday qarshilikka tez va kuchli zarba bilan javob qaytarishga va’da berdi.

20:12. «Rossiya Afg‘onistonda tez o‘zgarayotgan vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda. Ayni paytda bizni Afg‘oniston tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan terrorchilik harakati xavotirga solyapti», dedi BMTning Rossiyadagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya.

20:05. BMT doimiy vakili G‘ulom Is'hoqzay Afg‘oniston Islom Amirliklarini (tolibon davlatining yangi nomi) tan olmaslikka chaqirmoqda.

20:02. Afg‘onistonda 30 yildan beri faoliyat olib borayotgan Xalqaro qizil yarim oy jamiyati hozir ham bu yerdan ketmasligini va ishini to‘xtatmasligini e’lon qildi.

19:58. Tolibonlar Kobul aeroportida 60 dan ortiq odamni hibsga olgan, ularning aytishicha, hibsdagilar o‘g‘rilikda gumon qilinyapti.

19:55. Associated Press xabariga ko‘ra, Kobul aeroportidagi tartibsizliklarda halok bo‘lganlar soni 5 tadan 7 taga yetdi.

19:49. AQSh tolibonlarga Afg‘onistondan ketmoqchi bo‘lganlarga to‘sqinlik qilmaslik talabini qo‘ydi. Bu orada evakuatsiya tadbirlari qayta tiklangani xabar qilindi.

19:41. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Afg‘onistondagi barcha tomonlarni odamlar hayotini saqlab qolish uchun bor imkoniyatlarini ishga solishga chaqirdi. Shuningdek, barcha davlatlar afg‘on qochoqlarini qabul qilish va deport etmaslikka tayyor turishlari kerakligini aytdi.

19:37. Tolibonlar qasos olish maqsadida uyma-uy izg‘ib yurmoqda, Kobul aholisi qo‘rquv ichida qoldi, demoqda BMTning Afg‘onistondagi doimiy vakili G‘ulom Is'hoqzay.

19:33. CNN xabariga ko‘ra, Kobul aeportida bir amerikalik askar o‘qdan yaralangan.

19:30. AQSh vakillari jangarilar bilan shaxsan uchrashib, evakuatsiya jarayonlariga xalaqit bermaslikni masalasini muhokama qilmoqchi, deya xabar berdi Associated Press.

19:25. Rossiya tashqi ishlar vazirligining aytishicha, Rossiya Afg‘onistonning yangi hukumati bilan ishchi kontaktlarni o‘rnatgan.

19:21. Kobul shahridagi barcha afg‘on bayroqlari tushirildi.

19:16. AQSh askarlari Kobul aeroporti hududida ikki erkakni otib tashlagan, beya xabar tarqatdi WSJ jurnali.

19:05. AQSh hisobraqamlarida saqlanayotgan afg‘on zaxiralari, aktivlar hech qachon tolibonlarga berilmaydi, deya ma’lum qildi AQSh ma’umriyati vakili.

18:48. AQSh askarlari Kobul aeroportidan harbiy itlarni ham evakuatsiya qilmoqda. Shuncha afg‘on fuqarolari samolyotga yetisholmayotgan bir paytda bu holat katta e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

18:44. Rossiyaning Aeroflot va Airbridgecargo aviakompaniyalari Afg‘oniston osmonidagi parvozlarini to‘xtatdi.

18:37. AQSh milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan tolibonlarning g‘alabasida afg‘on harbiylarini aybladi. Uning aytishicha, afg‘on armiyasi Kobul uchun kurashishni istamagan paytda fuqarolar urushiga aralashib qolish Amerika uchun yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin edi.

18:33. Tolibonlar BMT xavfsizlik kengashini o‘zlarini zamonaviylashgan odamlar sifatida ishontira olsa, terrorchilar ro‘yxatidan chiqarilishi mumkin, dedi Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov.

18:28. Germaniya kansleri Angela Merkel Afg‘onistondan g‘arb askarlarining chiqib ketishini NATO tashkil topgandan beri eng katta mag‘lubiyat deb atadi.

18:21. Falastinning «Hamas» harakati tolibonlarning hukukmatni egallagani va AQSh askarlarini quvib chiqargani bilan «Tolibon»ni tabrikladi. Ertalab ikkala harakat rahbarlari Dohada uchrashgani haqida yozgandik.

18:05. AQSh prezidenti Jo Bayden yaqin soatlar ichida Amerika qo‘shinining mag‘lubiyati va tolibonlar hukumatiga oid bayonot berishi kutilyapti.

17:58. Tolibonlar barcha davlat xizmatchilaridan o‘z ish joyiga qaytishlarini so‘ramoqda va ularning xavfsizligi to‘liq ta’minlanishiga va’da berishyapti.

17:46. O‘zbekiston chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan afg‘on harbiy samolyoti O‘zbekiston havo mudofaasi tizimi tomonidan urib tushirilgani aytilmoqda.

17:33. British Airways, Lufthansa, Singapore Airlines, Air France va Virgin Atlantic samolyotlari xavfsizlik nuqtai nazaridan Afg‘oniston osmonidan uchib o‘tmaydigan bo‘ldi. Ularga parvoz yo‘nalishlarini o‘zgartirish tavsiya qilingan.

17:24. AQSh armiyasi evakuatsiya ishlarini vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Chunki afg‘on fuqarolaridan iborat katta olomon parvozga xalaqit bergan.

17:15. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi OAV departamenti boshlig‘i Bahrom Zulfiqorov Xabar.uz so‘roviga javoban Surxondaryodagi samolyot halokatini tasdiqlab, chegarani noqonuniy buzib kirganini ma’lum qildi.

16:42. Britaniya bosh vaziri Boris Jonson bugun Afg‘oniston masalasida zudlik bilan KOBRA yig‘ilishini o‘tkazadigan bo‘ldi. (COBRA – nozik masalalarni tor doirada muhokama qiladigan xona)

16:25. «O‘zbekiston ODKB tarkibiga kirmasa-da, agar Afg‘oniston chegarasidan birorta xavf tug‘ilsa, o‘zaro kelishuvga ko‘ra, Rossiya O‘zbekistonni yolg‘izlatib qo‘ymaydi», dedi Xalqaro ishlar bo‘yicha federatsiya kengashi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Vladimir Jabborov.

16:20. Agar vaziyat keskinlashib, tolibonlar Tojikistonga xavf soladigan bo‘lsa, ODKB (Jamoaviy xavfsizlik kelishuvi tashkiloti) tojik hukumatiga yordam berishini bildirdi.

16:12. Kun surati: Kobul aeroporti devoridagi kishi aeroport hududiga kirish uchun kichkina qizaloqqa yordam beryapti, 16 avgust, 2021 yil.

15:44. Ashraf G‘ani o‘tirgan samolyot kecha Tojikiston havo yo‘llarini noqonuniy kesib o‘tgani haqida xabarlar tarqaldi. Eslatib ketish kerak, tojik havo yo‘llarini Rossiya havo kuchlari qo‘riqlaydi.

15:30. «AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondagi mag‘lubiyati mintaqada muntazam tinchlikka zamin yaratadi», dedi Eron prezidenti Ibrohim Raisi.

15:23. Ashraf G‘ani kecha Tojikistonga uchganda tojik aeroporti uning samolyotini qabul qilishni istamagan. Shuning uchun u Ummonga uchgan.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Ashraf G‘ani AQShga ko‘chib o‘tishi kutilyapti.

15:15. Afg‘onistonni tark etishni istagan fuqarolar ayni paytda Kobul aeroportida.

15:04. Kobuldagi elchixonalarini yopmagan davlatlar: O‘zbekiston, Rossiya, Pokiston, Turkiya, Xitoy.

14:48. Surxondaryoda halokatga uchragan samolyot Afg‘oniston havo kuchlariga tegishli bo‘lgani aniqlandi. A-29B Super Tucano rususmli mazkur samolyot mamlakatdan O‘zbekistonga qochib o‘tayotganda halokatga uchragan.

14:28. Mamlakatni tark etishni istagan afg‘on fuqarolari AQSh samolyotiga osilib chiqqan va layner havoga ko‘tarilgach, ayrimlari yerga qulagan.

14:16. Ashraf G‘ani 4 ta mashina to‘la pullari bilan qochgani aytilmoqda. Unga sig‘magani vertolyotga joylangan, yana ortib qolgan uchish maydonchasiga sochilib ketgan.

14:01. Tolibon jangarilari katta qurol-yarog‘ omborini qo‘lga kiritgani haqida xabarlar tarqaldi.

13:53. Xitoy Afg‘onistonning yangi hukumati bilan do‘stona munosabatlar o‘rnatishga tayyorligini bildirdi.

13:34. Kobul aeroportidagi tartibsizlar iziga tushmasa, tolibonlar aralashishga majbur bo‘lishini bildirdi. Ayrim xabarlarda AQSh askarlari odamlarga ham o‘q uzgani aytilmoqda.

13:16. Surxondaryo viloyati Sherobod tumani hududiga Afg‘onistonga tegishliligi aytilayotgan harbiy samolyot qulagani haqida xabarlar tarqaldi.

13:11. Kobul aeroportidagi tartibsizliklarda 5 fuqaro halok bo‘lgani aytilmoqda, ular samolyotga chiqishga uringan olomon tagida qolib ketgan.

12:59. Fransiya (suratda) va Germaniya o‘z fuqarolarini Kobuldan evakuatsiya qilishni boshladi.

12:50. Turkiya Kobulga boradigan va u yerdan uchadigan barcha parvozlarni bekor qildi.

12:43. Rossiya tashqi ishlar vazirligi Afg‘onistonning yangi hukumatini tan olmasligini bildirdi.

12:37. Tolibonlar Kobulni bosib olgan kundan keyingi hayot.

12:23. Ashraf G‘ani Ummonga ketgani haqida yana xabar tarqaldi. U kecha Tojikiston osmonida bir necha bor aylanib, keyin Ummonga qarab yo‘l olgan. Abdurashid Do‘stumning qizi Rohila Do‘stum ham uning Ummonda ekanini yozgan.

12:06. Hozirda Kobulda hayot odatdagidek davom etmoqda, deb xabar berdi Reyters.

11:56. Kobul aeroportidagi tartibsizliklarda bir necha fuqaro halok bo‘lgani aytilmoqda. Ijtimoiy tarmoqda suratlar ham tarqaldi, ammo ular qanday o‘lgani aniqmas: olomon tagida qolganmi yoki AQSh askarlari o‘qidanmi o‘lganmi.

11:52. Hozirgi paytda Kobul aeroportidan barcha tijoriy parvozlar bekir qilingan, faqatgina harbiy samolyotlarga ruxsat berilgan. Lekin ular ham parvoz yo‘laklari odamlar bilan to‘la bo‘lgani uchun uchib ketolmayapti yoki qo‘nolmayapti.

11:50. «Iltimos, aeroportni vayron qilmang», deya bayonot berdi Kobul xalqaro aeroporti ma’muriyati.

11:44. Mavzuga oid karikatura: tolibon AQShning 20 yillik hujumiga barham berdi.

11:32. Ashraf G‘ani samolyoti Tojikiston hududiga qo‘ngani yo‘q, demoqda tojik tashqi ishlar vazirligi.

11:21. Britaniya tashqi ishlar vazirligining bayonotiga ko‘ra, tolibonlar Afg‘onistonni to‘liq nazoratiga olganiga qaramay, ular ortga chekinmoqchi emas.

11:13. Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, Ashraf G‘ani Qozog‘istonda emas.

11:06. Kobul aeroportidagi xaos: odamlar mamlakatni tark etish maqsadida samolyotga chiqish ilinjida.

10:59. «Markaziy Osiyoning olovli nuqtasida hukmron kuch, g‘oya o‘zgardi. Tolibon qudratga ega bo‘ldi. Bu holat, mening nazarimda, tolibonning yutug‘i emas, uning juda qudratli harbiy kuchga egaligini anglatmaydi. Avvalgi hukumat, rahbariyat afg‘on jamiyatida o‘zaro muvozanatni buzganining hosili, oqibati, deb qarayman. Xullas, davlat boy berildi, noqobil tizim shu oqibatga olib keldi», dedi O‘zbekiston prezidentligiga nomzodlardan biri, Ekopartiya rahbari Narzulla Oblomurodov.

10:54. Tolibonlar ommaviy amnistiya e’lon qilishdi. Unga ko‘ra, Afg‘onistonga qaytmoqchi bo‘lgan har qanday afg‘on fuqarosi muammosiz qabul qilinadi. «Afg‘onistonda yangi quyosh charaqlayapti», degan tolibon vakili.

10:48. Kobul xalqaro aeroporti, amerikalik askarlar va afg‘on xalqi.

10:41. Kecha tolibonlar barcha mahbuslarni ozod qilgandi. Qamoqdan chiqqanlar ichida pokistonlik tolibonlar guruhi yetakchisi Faqir Muhammad ham borligi aytilmoqda.

10:22. Tolibonlar Qunduz aviabazasini ham qo‘lga kiritishdi va Mi-35 harbiy vertolyotini qo‘lga kiritishdi. 2 yil oldin Hindiston bu vertolyotni Afg‘onistonga sovg‘a qilgandi.

10:16. AQSh askarlari Kobul aeroportida havoga o‘q uzishdi. Chunki katta olomon parvoz yo‘lagini to‘sib qo‘ygandi.

10:12. Abdulg‘ani Barodarga oid qiziq xabar: Pokiston uni 2010 yilda qamoqqa olgan. 2018 yilda Tramp bosimi bilan qo‘yib yuborgan.

10:08. Quyidagi xaritada tolibon bosib olgan yerlar ko‘rsatilgan. 10 iyul va 15 avgust sanalari solishtirilgan.

10:01. Mulla Abdulg‘ani Barodar o‘zini Afg‘oniston Islom Amirliklari prezidenti deb e’lon qildi.

09:54. Turkiya prezidenti Rajab Toyyip Erdo‘g‘on Afg‘onistonga tinchlikni qaytarish uchun imkoni boricha yordam berishini aytdi.

09:47. Ijtimoiy tarmoqda AQSh bilan bog‘liq yana bir surat tarqaldi. Unda 1975 yilgi Vetnam va 2021 yil Afg‘oniston tasvirlangan.

09:40. Shunchaki ma’lumot uchun, kecha Hindistonda mustaqillik kuni edi. Bugun esa Navro‘z, hindcha yangi yil boshlandi.

 

09:32. Ko‘plab tolibonlar ertalabdan Kobul shahriga kirib kelishmoqda.

 

09:22. Ijtimoiy tarmoqda 1973 yil Kobulda olingan surat tarqaldi.

 

09:14. Tolibonlar prezident saroyini egallagach, urush tugaganini e’lon qilishdi. Bundan buyon fuqarolar bexavotir yashashlari mumkinligi aytilmoqda.

09:02. Oq uy yonida afg‘on fuqarolari namoyish bilan chiqishdi. Ular tolibonlar hokimiyatiga qarshiligini ko‘rsatishmoqda.

08:45. AQSh prezidenti Jo Baydenning bayonotini hamma kutmoqda. Ammo hozircha bu haqda xabar yo‘q.

 

08:23. Qatarning Doha shahrida Afg‘oniston Islom Amirliklari deputati Mulla Barodar Oxund bugun Hamas siyosiy idorasi rahbari Ismoil Haniya bilan uchrashdi.

08:10. Kobulda ertalabki hayot. Qizlar odatdagidek maktabga ketishyapti.

08:05. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish tolibonlarni inson huquqlarini poymol qilmaslikka chaqirdi. Ayni paytda BMT afg‘on xalqiga yordam berish taraddudini ko‘ryapti.

07:55. AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp Afg‘oniston hukumatining mag‘lubiyatida amaldagi prezident Jo Baydenni ayblab chiqdi (el qatori). Uning fikricha, Amerika tarixidagi sharmandali mag‘lubiyat uchun Bayden iste’foga chiqishi kerak.

07:49. Tolibonlar prezident saroyida. Suratni AP fotomuxbiri olgan. 15 avgust, 2021 yil.

07:42. AQSh qurolli kuchlari generali Kennet Makkenzi kecha Dohada tolibonlar rahbariyati bilan uchrashgani ma’lum bo‘ldi. Ular Amerika qo‘shini eson-omon mamlakatni tark etishini, agar qarshilik ko‘rsatilsa, «havodan hujum qilib», ayab o‘tirmasligini aytgan.

07:40. Amerkalik kongressmen Adam Kinzingerning aytishicha, Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarining chiqib ketishi mamlakat kelajakda terrorchilar uchun maskanga aylanishiga zamin yaratadi.

07:38. Saudiya Arabistoni Kobuldagi elchixonasining barcha xodimlarini evakuatsiya qildi. AQSh elchixonasining deyarli barcha xodimlari ham Kobulni tark etdi.

07:35. Tolibonlar Afg‘oniston davlat televideniyesini qo‘lga olib, u orqali aholiga murojaat qildi. Ular aholini vahima qilmaslikka chaqirgani aytiladi.

07:31. Nyu-Yorkdagi afg‘on diasporasi tolibonlarga qarshi namoyish qilishdi. Mitingchilar qo‘lida Afg‘oniston bayrog‘i bilan «Tolibon»ni to‘xtating», «Afg‘onlarni o‘ldirishni to‘xtating» deb yozilgan plakatlar ko‘tarib chiqishdi.

07:28. Pentagon Kobuldagi AQSh qo‘shinini ko‘chirishga yordam berish uchun qo‘shimcha mingta askar yubordi.

07:26. Finlandiya Kobuldagi elchixonasini yopdi. Tashqi ishlar vaziriga ko‘ra, vaziyat bunchalik tez o‘zgarib ketishini kutishmagan (buni tolibonlar ham kutishmagandir). Diplomatik vakillar evakuatsiya qilindi.

07:24. Afg‘oniston hukumatining ag‘darilishida AQSh amaldorlari Jo Baydenni aybdor qilmoqda. Masalan, Kongress vakillik palatasining qurollik kuchlar bo‘yicha qo‘mitasining katta respublikachisi Mayk Rojers Jo Bayden va vitse-prezident Kamola Harrisni «boshqaruvdagi tarixiy no‘noqlik» deb atadi.

07:22. Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha onlayn translyasiyani davom ettiramiz. Bizdan uzoqlashmang, bugun yanada qiziqarli bo‘ladi.

Bugungi onlayn translyasiyamiz shu yerda vaqtincha to‘xtatiladi. Voqealar rivojini ertalab davom ettiramiz...

23:55. Prezident Ashraf G‘ani rafiqasi va ikki maslahatchisi bilan O‘zbekistonga borgani haqida New York Times nashri xabar tarqatmoqda.

23:43. Tolibonlar Kobulning barcha tumanlari ustidan nazorat o‘rnatdi, deya ma’lum qildi harakat rasmiy vakili Ariana News telekanaliga.

23:35. Qochoqlar Kobul aeroportida samolyotlarga qanday tashlanayotganini quyidagi videoda ko‘rishingiz mumkin:

23:28. Fransiya qurolli kuchlarining ikkita samolyoti Birlashgan Arab Amirliklariga yo‘l oldi, u yerdan Afg‘onistonga uchadi va fransuz fuqarolarini evakuatsiya qiladi.

23:22. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha ertaga, 16 avgust kuni BMT xavfsizlik kengashi majlisida nutq so‘zlaydi.

23:19. Prezident Ashraf G‘ani ortiqcha qon to‘kilishining oldini olish uchun mamlakatdan chiqib ketganini bildirdi.

23:16. Kobulda bir nechta portlashlar kuzatildi, deya xabar tarqatdi 1TV telekanali.

23:13. Turkiyaning Kobuldagi elchixonasi shahardagi vaziyatga qaramay, o‘z faoliyatini davom ettiradi, deya xabar berdi Turkiya tashqi ishlar vaziri Mahmud Chovusho‘g‘li Anadolu agentligiga.

23:10. Rossiyaning Kobuldagi elchisi dushanba kuni «Tolibon» vakillari bilan uchrashadi.

23:05. Kobuldagi prezident saroyi yaqinida portlash sodir bo‘ldi, deb xabar tarqatdi Al Jazeera telekanali.

23:02. «Biz Kobuldagi barcha elchixonalar, diplomatik vakillar va xorijiy fuqarolar uchun to‘liq xavfsizlikni ta’minlaymiz. Kobulda turgan hamma shuni bilsinki, ularga hech nima xavf solmayapti», deb yozdi tolibonlarning rasmiy vakili Zabihullo Mujohid Tvitter sahifasida.

22:55. BMT Xavfsizlik kengashi Afg‘onistondagi vaziyatni dushanba kuni ertalab muhokama qiladi, deb xabar berdi TASS.

22:48. Prezident Ashraf G‘ani Ummonga yetib borgani xabar qilinmoqda Kabul News telekanali tomonidan.

22:42. AQShning barcha diplomatik vakillari elchixonadan Kobul aeroportiga to‘liq evakuatsiya qilindi, demoqda CNN.

22:38. AQSh prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondagi vaziyatni milliy xavfsizlik bo‘yicha jamoasi bilan muhokama qildi, deb xabar berdi Oq uy ma’muriyati.

22:35. Afg‘oniston hukumati kengashga tinch yo‘l bilan hokimiyatni topshirmoqchi emas, deb ma’lum qildi Islom partiyasi yetakchisi Gulbiddin Hikmatiyor. Uning so‘zlariga ko‘ra, afg‘on hukumati jangovar harakatlarni to‘xtatish niyatida emas.

22:31. Kobuldan uchadigan barcha to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar bekor qilindi, faqat harbiy samolyotlargagina parvozga ruxsat berildi, demoqda Reyters.

22:26. «Tolibon» vakilining so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda harakat Kobulning 11 ta tumanini nazorat qilib turibdi. Shaharda 22 tuman bor.

22:21. NATO xorijliklarni evakuatsiya qilish uchun Kobul aeroportini nazoratda ushlab turibdi, deb ma’lum qildi NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg.

22:15. Kobuldagi Rossiya elchixonasi ruslarga Rossiyaga chiqib ketishlari uchun yordam berib turibdi. Hozircha ularga nisbatan hech qanday xatar yo‘qligi aytilmoqda.

22:10. Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson NATO bo‘yicha hamkorlarni hozircha Afg‘onistonning yangi hukumatini tan olmaslikka chaqirdi.

22:01. Bir qator afg‘on deputatlari va hukumat amaldorlari Dehli shahriga borib qo‘ndi, deb xabar berdi Times of India.

21:56. CNN ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda 60 mingta AQSh fuqarosi bor. «Eng katta muammo shuki, ular Kobulgacha yetib kelib, Amerikaga uchib ketoladimi?», deyiladi CNN telekanali xabarida.

21:49. «Tolibon» yaqin orada prezident saroyida turib Afg‘oniston Islom Amirliklari davlatini e’lon qiladi, deb xabar tarqatdi Times of India.

21:42. Fransiya elchisi Devid Martinon zirhli kamzulda Kobulni tark etmoqda.

21:36. Tolibonlar prezident Ashraf G‘aniga tinch yo‘l bilan hokimiyatni topshirishni so‘ragan, ammo davlat rahbari qochib ketgan, deya xabar tarqatdi Al Arabiya telekanali.

21:32. AQSh fuqarosi Kobul aeroportida yashirinishiga to‘g‘ri keldi, chunki o‘q ovozlari tinmayotgan edi.

21:21. Hindistonning Air India aviakompaniyasi Kobulga reyslarni hozircha bekor qilmaydi. Bekor qilish haqidagi oldingi xabar haqiqatga mos emasligi aytilgan.

21:10. «Tolibon» BMT Afg‘onistondagi faoliyatini davom ettirishini istamoqda. YuNISEF vakilining so‘zlariga ko‘ra, tolibonlar ularga nisbatan muloyimlik bilan munosabatda bo‘lgan va hozir tashkilot binosini qo‘riqlayapti.

21:04. «Tolibon» harakati vakillari prezident saroyida (suratda).

20:55. Kobul aeroportidan olingan videoda sumka va jomadon ko‘targan oq tanli harbiylarni ko‘rish mumkin.

20:49. «Biz Afg‘oniston, ayniqsa, Kobul xalqi ularning mol-mulklari, hayoti xavfsizlikda ekanliklariga ishonishlarini istaymiz. Hech kim qasos olmaydi. Biz ham shu mamlakatga xizmat qilamiz», degan «Tolibon» harakati matbuot kotibi Suhayl Shahin.

20:44. «Tolibon» jangarilari Kobuldagi prezident saroyini o‘z nazoratiga olishgan. Bu haqda Sky News va Reyters agentliklari xabar berdi.

20:38. Ashraf G‘ani ketgach, tolibonlarga hokimiyatni topshirish uchun kengash tuzilgan. Kengash tarkibida sobiq prezident Hamid Karzay, sobiq bosh vazir Abdulla Abdulla o‘rin olgan. Kengashni tuzishdan maqsad shuki, «Tolibon» hukumatni Ashraf G‘ani qo‘lidan olmasligini aytgan.

20:32. Fransiya ham AQSh va boshqa davlatlar singari o‘z diplomatik xodimlarini Kobul aeroportiga ko‘chirishga topshiriq berdi.

20:25. Amerikalik senator, Senatning razvedka bo‘yicha maxsus qo‘mitasi a’zosi Ben Shasse AQSh hukumati Afg‘onistondan Amerika askarlarini olib chiqib ketish haqidagi qarori uchun afsuslanishi aytdi. Unga ko‘ra, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik, amerikaliklarni qiynoqqa solish kabi harakatlar avj oladi.

20:20. Afg‘oniston ichki ishlar vaziri v.b. Abdulsattor Mirzakval Kobulda kommendantlik soatini e’lon qildi. Unga ko‘ra, kech soat 9 dan shaharning biror joyida yurish taqiqlanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring