Tramp favqulodda holat e’lon qildi
AQShda Kuba tomonidan milliy xavfsizlikka go‘yoki tahdid mavjudligi sababli favqulodda holat e’lon qilindi. Mazkur farmonga AQSh prezidenti Donald Tramp imzo chekdi.
«Men, Donald Tramp, Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti sifatida, Kuba bilan bog‘liq vaziyat AQShning milliy xavfsizligi va tashqi siyosati uchun favqulodda tahdid tug‘dirayotganini, uning manbai to‘liq yoki asosan mamlakat tashqarisida ekanini hisobga olib, ushbu tahdid munosabati bilan milliy favqulodda holat e’lon qilaman», — deyiladi Oq uy saytida e’lon qilingan hujjatda.
Favqulodda holat bilan bog‘liq muammoni hal etish maqsadida Tramp tarif tizimini joriy etishni taklif qildi. Unga ko‘ra, Kubaga neftni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita sotuvchi yoki yetkazib beruvchi xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan tovarlar importiga qo‘shimcha boj joriy etilishi mumkin.
11 yanvar kuni Tramp Kuba endi Venesueladan neft va moliyaviy mablag‘ olmasligini ma’lum qilib, Gavanani kelishuvga chaqirgan va respublikaga jiddiy oqibatlar bilan tahdid qilgan edi. Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, AQShda «u yerga borib, hammasini portlatib yuborish»dan boshqa imkoniyat qolmagan.
28 yanvar kuni AQSh davlat kotibi Marko Rubio Venesuela prezidenti vazifasini bajaruvchi Delsi Rodriges Kubaga neft yetkazib berishni to‘liq to‘xtatishga va’da berganini ma’lum qildi.
Politico gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati Kubaga nisbatan yangi chora-tadbirlarni, jumladan neft importini to‘xtatish maqsadida to‘liq harbiy-dengiz blokadasini joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Jurnalistlar ta’kidlashicha, AQSh davlat kotibi respublikada hokimiyatni almashtirishga qaratilgan bunday qadamlarni qo‘llab-quvvatlagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter