Tramp «Tinchlik kengashi»ga a’zolikni pullamoqchi
AQSh prezidenti Donald Tramp tashabbusi bilan tuzilayotgan yangi xalqaro tuzilma — «Tinchlik kengashi» (Board of Peace) doirasida davlatlardan doimiy a’zolik uchun kamida 1 milliard dollar miqdorida badal talab qilinishi mumkin. Bu haqda Bloomberg agentligi kengash ustavi loyihasiga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Tramp «Tinchlik kengashi» raisi bo‘ladi va unga kimlar a’zo bo‘lishini ham shaxsan o‘zi hal qiladi. Kengashga taklif etilgan davlatlar unda uch yilgacha a’zo bo‘lishi mumkin. Ammo agar davlat birinchi yil ichida kengash jamg‘armasiga 1 milliard dollardan ortiq mablag‘ kiritsa, unga doimiy a’zolik kafolatlanadi.
Bloomberg bilan suhbatlashgan AQSh rasmiysiga ko‘ra, kengashga kirish rasman bepul, ammo katta moliyaviy hissa qo‘shgan davlatlar cheklovlarsiz doimiy maqomga ega bo‘ladi. Yig‘ilgan mablag‘lar asosan G‘azo sektori infratuzilmasini tiklashga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Manba ta’kidlashicha, «deyarli har bir dollar» maqsadli sarflanishi nazorat qilinadi.
Ustavga muvofiq, kengash qarorlari «bir davlat — bir ovoz» tamoyili asosida qabul qilinadi, ammo barcha qarorlar yakuniy tarzda rais tomonidan tasdiqlanadi. Kun tartibini belgilash, yig‘ilish o‘tkazish vaqti va joyini aniqlash ham Tramp vakolatiga kiradi. Shuningdek, u kengash a’zolarini chiqarib tashlash huquqiga ega bo‘ladi, agar bu qarorga a’zolarning uchdan ikki qismi qarshi chiqmasa.
Hujjatda «Tinchlik kengashi» nizolardan jabr ko‘rgan hududlarda barqarorlikni ta’minlash, qonuniy boshqaruvni tiklash va uzoq muddatli tinchlikka erishishga qaratilgan xalqaro tashkilot sifatida ta’riflanadi. Biroq Tramp tanqidchilari uni BMTga muqobil yoki raqobatchi tuzilma yaratishga urinayotganlikda ayblamoqda. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, bir qator davlatlar ushbu tashabbusga keskin qarshi chiqib, qo‘shma javob tayyorlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, 16-yanvar kuni Oq uy G‘azo sektori bo‘yicha ijroiya kengash tarkibini e’lon qildi. Ushbu tuzilma «Tinchlik kengashi» doirasida faoliyat yuritadi. Uning tarkibiga AQSh davlat kotibi Marko Rubio, Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakil Stiv Uitkoff, prezidentning kuyovi Jared Kushner hamda Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler kiritildi.
Shuningdek, «Tinchlik kengashi»ga Argentina prezidenti Xaver Miley, Kanada bosh vaziri Mark Karni, Turkiya prezidenti Rajab Tayyib Erdog‘an, shuningdek Fransiya, Germaniya va Avstraliya rahbarlari ham taklif etilgan. Yevropa Ittifoqi nomidan Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen qatnashishi mumkin. Reuters manbalaridan biri bu tuzilmani «Tramp-BMT» deb atab, u BMT Ustavining asosiy tamoyillarini inkor etayotganini bildirgan.
Isroilda esa Tramp rejalari tanqidga uchradi. Binyamin Netanyaxu idorasi G‘azo bo‘yicha ijroiya kengash tarkibi Isroil bilan kelishilmaganini va mamlakat siyosatiga zid ekanini bildirdi. Oq uy esa bu e’tirozlarni rad etdi va G‘azo masalasini AQSh ma’muriyati mustaqil ravishda hal qilishini ta’kidladi.
Axios ma’lumotiga ko‘ra, Tramp «Tinchlik kengashi» faoliyatini kelasi hafta — 19–23 yanvar kunlari Shveysariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tadigan Jahon iqtisodiy forumi doirasida rasman ishga tushirishni rejalashtirmoqda.
Manba: ljjyzuhcxxbbbzrp.1tvv.live


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter