Tramp va Putin nega Alyaskada uchrashmoqchi?

Vladimir Putin va Donald Tramp Alyaska, ya’ni amerikaliklar hududida uchrashishiga sabab — bu yer Xalqaro jinoyat sudi (XJS) yurisdiksiyasiga kirmaydi. Bu haqda The Washington Post xabar berdi.
Amerika jurnalistlari yozishlaricha, Tramp va Putin uchrashuviga hozirlik davomida bir necha tanlov ustida ishlangan. Putinning o‘zi ommaviy chiqishida muzokaralar Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tishi mumkinligini aytgandi. Ikki yetakchining Italiyada uchrashuvi ehtimoli, Rossiya rahbari XJS orderi asosida hibsga olinishi mumkinligi bois, rad etildi.
«AQSh sud tomoni hisoblanmaydi, shu bois Alyaskadagi uchrashuv muammodan xalos etadi», — deb yozdi WP.
Aynan Alyaskaning tanlanishi esa bu shtatning Rossiya hududiga yaqinligi bilan izohlanmoqda.
«Delegatsiyamiz shunchaki Bering bo‘g‘ozidan uchib o‘tsa bo‘ldi, eng to‘g‘risi shu», — dedi Putinning maslahatchisi Yuriy Ushakov.
Tramp va Putin uchrashuvi 15-avgustda Alyaskada bo‘lib o‘tadi. Bu haqda AQSh prezidenti Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter