Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Trampga qarshi keskin bayonot

Trampga qarshi keskin bayonot

Foto: Getty Images

Braziliya prezidenti  Lula da Silva Ho‘rmuz bo‘g‘ozidan o‘tadigan kemalar uchun boj solish rejasi sabab amerikalik hamkasbi Donald Trampni keskin tanqid qildi. 

“Prezident Tramp Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yo‘lini ochishi, ammo bo‘g‘ozdan o‘tadigan har bir kemadan 20 foizdan boj undirishi haqida tvit e’lon qildi. Ilgari bunday xatti-harakat qaroqchilik deb atalgan”, – deya Trampni g‘ayriqonuniy harakatda aybladi Lula da Silva.

Braziliya rahbariga ko‘ra, ko‘p vaqtdan buyon o‘zini qaroqchilikka qarshi kurashchi deb taqdim etib kelgan Qo‘shma Shtatlarning o‘zi yo‘lto‘sarlik qilishi nomaqbuldir.

AQSh prezidentini ochiq tanqid qiluvchi sanoqli davlat rahbarlaridan bo‘lgan Lula da Silva Ho‘rmuz bo‘g‘ozi barcha uchun ochiq bo‘lishi lozimligini uqtirgan.

Ma’lumot o‘rnida: bo‘g‘oz yopilishi ortidan dunyo bozorida narx-navo qimmatlab ketganidan ko‘plab davlatlar qatori Braziliya ham aziyat chekmoqda.

Avval xabar berganimizdek, Donald Tramp 13 iyul kuni Ho‘rmuz bo‘g‘ozida Eron kemalariga nisbatan blokada tiklanishi, boz ustiga, kemalardan 20 foizlik yig‘im undirilishini ma’lum qildi.

Tramp yig‘im joriy etilishini AQSh tomonidan bo‘g‘ozda xavfsizlikni ta’minlash va kemalar qatnovini qo‘llab-quvvatlashni moliyalashtirish zarurati bilan asoslagan.

Qarorlarini gohida soat sayin o‘zgartiradigan Tramp bu orada Yaqin Sharq davlatlari bilan o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanuvchi kemalardan 20 foizlik yig‘im undirish tashabbusidan voz kechganini bildirdi.

Al Jazeera telekanali xabar berishicha, AQSh bilan ziddiyat yangi bosqichga ko‘tarilgan bir paytda Eron deputatlari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni qonuniylashtirish taklifini muhokamaga qo‘ydi. Hujjat matni e’lon qilinmagan, ammo bo‘g‘oz ustidan nazoratning qonuniy asosini shakllantirish tashabbusi Tehron hukumatining Vashingtonga nisbatan murosasiz siyosatni yoqlovchi qanotiga tegishli ekani ma’lum.

Joriy yil iyun oyida AQSh va Eron o‘zaro kelishuvga erishgach, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi tegrasidagi taranglik yumshagan va yuk kemalari qatnovi qayta yo‘lga qo‘yilgan edi. Ammo osoyishta vaziyat uzoqqa cho‘zilmadi. Bir necha kun avval Vashington va Tehron bir-birining obyektlariga zarba bera boshladi. 

Tahlillarga qaraganda, Tramp ma’muriyati Eron bilan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofida yuzaga kelgan keskinlik uzoq davom etishi mumkinligiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Dastlab fors davlatining raketa salohiyati va yadroviy dasturini cheklashga qaratilgan harbiy operatsiya endi dunyo energetikasi uchun strategik ahamiyatga ega Ho‘rmuz bo‘g‘ozi nazorati atrofidagi kurashga aylangan.

Ho‘rmuz bo‘g‘ozi shunchaki geografik nuqta emas, balki global iqtisodiy tizimning eng muhim tomiri hisoblanadi. Fors ko‘rfazini Hind okeani bilan bog‘lovchi ushbu yo‘lak orqali jahon nefti va suyultirilgan gazining katta qismi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan o‘g‘it va ayrim oziq-ovqat mahsulotlari tashiladi. Binobarin, mazkur yo‘lakdagi har qanday uzilish nafaqat energiya bozori, balki oziq-ovqat ta’minotiga ham kuchli ta’sir ko‘rsatadi.

Iqtisodchilar agar Ho‘rmuz bo‘g‘ozi avgust oyigacha yopiq qolsa, bu 2008 yildagi jahon moliyaviy inqirozi ko‘lamiga yaqin iqtisodiy pasayishni yuzaga keltirishidan ogohlantirmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring