Ukraina prezidenti idorasining sobiq rahbariga jiddiy ayblov qo‘yildi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy idorasining sobiq rahbari Andriy Yermak 10,4 million dollar miqdorida pul yuvishda gumon qilinmoqda.
Ukraina Milliy Korrupsiyaga Qarshi Byurosi (NABU) va Ixtisoslashtirilgan Korrupsiyaga Qarshi Prokuraturasi (SAPO) Ukraina prezidenti idorasining sobiq rahbari Andriy Yermakka ayblov e’lon qildi. U Kiyev yaqinida hashamatli uy-joylar qurilishi paytida 460 million grivna (10,4 million dollar) miqdoridagi pullarni yuvishda ishtirok etgan uyushgan guruh a’zosi deb ishoniladi.
Noqonuniy ravishda olingan mablag‘larni legallashtirish va yuvish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Tergovchilarning so‘zlariga ko‘ra, Yermak 2021-yilda va 2022-yil boshida dizayner bilan «Dinasti» kooperativida qasr qurishni muhokama qilgan. Ukraina OAVlarining xabar berishicha, qurilish jarayonini sobiq Jamiyat va hududiy rivojlanish vaziri Oleksiy Chernishev nazorat qilgan, uning rafiqasi qurilish kompaniyasida ulushga ega.
Mahalliy OAV ilgari Andriy Yermakning uyida tintuv o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan edi. Keyinchalik Yermakning o‘zi jurnalistlarga «faqat kvartira va mashinaga egaman» deb izoh berdi. U tergov tugaguniga qadar qo‘shimcha izoh berishdan bosh tortdi.
2025-yil noyabr oyida Yermakning uyida Ukraina energetika sohasidagi korrupsiya bo‘yicha tergov doirasida tintuv o‘tkazilgan edi.
O‘sha kuni Vladimir Zelenskiy Yermakni prezident devoni rahbari lavozimidan ozod qildi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter