Vuchich: Xorvatiya, Albaniya va Kosovo Serbiyaga hujum qilish uchun qulay fursatni kutmoqda
Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich Xorvatiya, Albaniya va Kosovo o‘rtasidagi harbiy hamkorlik kuchayishini o‘z mamlakati xavfsizligiga tahdid deb atadi va Belgrad ehtimoliy hujumni qaytarishga tayyorligini ma’lum qildi.
Vuchichga ko‘ra, Xorvatiya, Albaniya va Kosovo 2025-yil 18-martda Tiranada imzolangan mudofaa sohasidagi uch tomonlama deklaratsiya asosida birlashgan. U ushbu hamkorlik faqat texnik emas, balki strategik hujumkor xarakterga ega ekanligini da’vo qilmoqda.
Bu ittifoq Yevropadagi yirik mojaro (Rossiya va Yevropa o‘rtasida) yoki Yaqin Sharqdagi inqiroz kuchaygan paytda, dunyoda «tartibsizlik» yuzaga kelganda harakat boshlashi mumkin, dedi Serbiya rahbari.
Vuchich Serbiya ixtiyorida 400 km masofagacha uchadigan Xitoyning gipertovushli «havo-yer» raketalari mavjudligini va bu tizimlar hujumning oldini oluvchi eng zamonaviy qurollardan biri ekanligini ta’kidladi.
Xorvatiya, Albaniya va Kosovo rasmiylari Aleksandr Vuchichning ayblovlarini keskin rad etdi — ushbu uch tomonlama hamkorlik hech kimga, jumladan Serbiyaga qarshi qaratilmagan. Kelishuvdan maqsad — kiberhujumlarga qarshi turish, harbiy ta’lim va kadrlar tayyorlash hamda Kosovoning NATO tuzilmalariga integratsiyalashuviga ko‘maklashishdir. O‘z navbatida, Albaniya mudofaa vaziri Pirro Vengu 2026-yil yanvarida Serbiyani ham ushbu paktga qo‘shilishga taklif qilganini, biroq Belgraddan javob bo‘lmaganini eslatib o‘tdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter