Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xitoy Tojikistonda maxfiy ob’yekt qurayotgani xabar qilindi. Pekin va Dushanbe buni rad etdi

Xitoy Tojikistonda maxfiy ob’yekt qurayotgani xabar qilindi. Pekin va Dushanbe buni rad etdi

Xitoy 10 yildan buyon Tojikiston hududida maxfiy harbiy baza barpo etmoqda. Bu haqda Buyuk Britaniyaning «The Telegraph» nashri xabar berdi.

»Ob’yekt dengiz sathidan 3962 metr balandda, yetib borish mushkul bo‘lgan hududda 10 yildan buyon qurilmoqda. Bazada har ikki davlat qo‘shini mavjud. Lekin bu xabarni Xitoy ham, Tojikiston ham rad etmoqda», – deb yozdi gazeta.

Ingliz nashriga ko‘ra, Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegara mintaqasida joylashgan harbiy baza maxsus kuzatuv minoralariga ega. Bunga dalil sifatida tahririyat turli yillarda sun’iy yo‘ldoshdan olingan fotosuratlarni joylashtirgan.

»The Telegraph» ta’kidicha, Xitoy uchun Tojikistondagi harbiy baza bir necha omilga ko‘ra muhim ahamiyat kasb etadi:

  • Afg‘onistondagi beqaror vaziyat sharoitida Tojikiston chegarasida mudofaaning oldingi chizig‘ini yaratish uchun;
  • Shinjondagi uyg‘urlar ustidan mustahkam nazoratni saqlash uchun;
  • Dushanbe bilan terrorizmga qarshi kurash doirasidagi hamkorlikni davom ettirish uchun;
  • Tojikistonda Xitoy sarmoyasini muhofaza qilish uchun (ayni paytda Dushanbening 40 foiz tashqi qarzi Pekin ulushiga to‘g‘ri keladi).

Xitoy tashqi ishlar vazirligi Tojikistonda harbiy baza qurilayotgani haqidagi xabarni rad etgan.

«Siz eslab o‘tgan holatdan xabarim yo‘q. Ammo ishonch bilan aytamanki, Xitoy hamisha tinchlik tamoyiliga asoslangan tashqi siyosatga sodiq qoladi va Markaziy Osiyoda hech qanday harbiy bazaga ega emas», – deya jurnalistlar savoliga javob qaytargan TIV rasmiy vakili Lin Szyan.

Rasmiy Dushanbe ham «The Telegraph» xabarini inkor etgan.

«Tojikiston hududida Xitoy harbiy bazasi mavjud emas. Bu masala ikki tomonlama munosabatlar kun tartibiga qo‘yilmagan», – deyiladi Tojikiston TIV bayonotida.

Qayd etilishicha, Dushanbe va Pekin ikki tomonlama hamda xalqaro tashkilotlar doirasida tahdidlarga qarshi kurashishda faol hamkorlik qilmoqda.

Berlindagi «Karnegi» ilmiy markazi xodimi Temur Umarovning «24.kg» nashriga bergan izohiga ko‘ra, Xitoy chindan ham Tojikistonda baza qurmoqda, ammo u harbiy emas, balki militsiya bazasidir.

«Bazaning nomlanishi Xitoyning mintaqadagi ishtiroki mazmun-mohiyatini o‘zgartirmaydi. Lekin texnik va qonuniy jihatdan bu qurolli militsiya bazasidir. U birinchi galda Tojikistonga Afg‘oniston bilan chegarada xavfsizlikni ta’minlash uchun zarur. Xitoy uchun ham bu ob’yekt mamlakatning Afg‘oniston bilan chegara makonlarida xavfsizlikni muhofaza etishda asqatadi», – deydi Temur Umarov.

«Sputnik» agentligi ham bu o‘rinda gap Dushanbe va Pekin 2021-yilda imzolagan bitimda ko‘zda tutilgan ob’yekt haqida ketayotganini ma’lum qilgan. Aksilterror maqsadlarda qurilishi belgilangan ob’yektni Tojikiston ichki ishlar vazirligi nazorat qilishi  ko‘zda tutilgan.

2021-yilda «Reuters» agentligi ham Xitoy Tojikistonning Afg‘oniston bilan chegarasi yaqinida harbiy baza qurilishini moliyalashtirayotgani haqida surishtiruv e’lon qilgan, Pekin bunga javoban Markaziy Osiyoda harbiy baza yo‘qligi haqida bayonot bergan edi.Fotoga izoh:

«The Telegraph» ta’kidicha, Tojistondagi harbiy bazaning sun’iy yo‘ldoshdan olingan surati.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring