Xitoyda tug‘ilish rekord darajada pasaydi
2025-yilda Xitoyda tug‘ilish darajasi tarixiy eng past ko‘rsatkichga tushdi. Mamlakat aholisi ketma-ket to‘rtinchi yil qisqarib, 1 milliard 404 million kishini tashkil etdi. Bu haqda XXR Davlat statistika boshqarmasi ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil davomida mamlakatda 7,92 million chaqaloq tug‘ilgan, 11,31 million kishi vafot etgan. Natijada aholi soni bir yil ichida 3,39 million kishiga kamaygan.
Tug‘ilish ko‘rsatkichi har ming aholiga 5,63 nafarni, o‘lim ko‘rsatkichi esa 8,04 nafarni tashkil etgan.
CNN ta’kidlashicha, 2025-yil yakunlari bo‘yicha Xitoyda tug‘ilish darajasi mutlaq tarixiy minimumni qayd etdi. Ilgari eng past ko‘rsatkich 2023-yilda — har ming kishiga 6,39 tug‘ilish darajasida qayd etilgan edi. 2024-yilda qisqa muddatli o‘sish kuzatilgan bo‘lsa-da, yangi ma’lumotlar bu holat barqaror tendensiya emas, balki istisno bo‘lganini ko‘rsatmoqda.
Mutaxassislarning qayd etishicha, 2016-yildan buyon Xitoyda tug‘ilish izchil ravishda pasayib bormoqda. Davlat tomonidan ko‘rilgan rag‘batlantiruvchi chora-tadbirlar – soliq imtiyozlari, bolali oilalarga subsidiyalar va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash dasturlariga qaramasdan, demografik inqirozni bartaraf etish hozircha imkon bermayapti.
CNN ma’lumotlariga ko‘ra, o‘n yillab amal qilgan «bir oila — bir bola» siyosati ortidan yuzaga kelgan demografik muammolarni qisqa vaqt ichida hal etish qiyin bo‘lib qolmoqda. Ekspertlar aholining qarishi, mehnat resurslarining kamayishi va iqtisodiy o‘sish sur’atlariga salbiy ta’sir kuchayishidan xavotir bildirmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter