Yaqin Sharqdagi mojaro fonida neft narxi oshishda davom etyapti
Jahon bozorida Brent markali neft narxi bir barrel uchun 87 dollardan oshdi. Bu 2024 yil iyul oyidan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdir. Bu haqda ICE Futures (London birjasi) ma’lumotlariga tayanib OAV xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hafta boshidan beri Brent nefti taxminan 18 foizga qimmatlashgan. Faqat 2 mart kunining o‘zida narxlar 13 foizga o‘sgan, bu esa Ukrainadagi urush boshlanganidan beri kuzatilgan eng tez o‘sish sur’atlaridan biri hisoblanadi.
Mutaxassislar bu o‘sishni Yaqin Sharqdagi harbiy mojaro bilan bog‘lamoqda. AQSh va Isroil 28 fevral kuni Eron hududiga zarbalar bergan, Tehron esa javob tariqasida mintaqadagi bir qator ob’yektlarga hujum qilgan.
Shu bilan birga, Eron Hurmuz bo‘g‘ozini nazoratga olganini ma’lum qildi. Bu yo‘l dunyo neft savdosining muhim qismi o‘tadigan asosiy dengiz yo‘laklaridan biri hisoblanadi.
Tahlilchilarga ko‘ra, agar Hurmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat uzoq vaqt barqarorlashmasa, Brent nefti narxi 100 dollardan ham oshib ketishi mumkin. Biroq Goldman Sachs banki hozircha ikkinchi chorakda neft fyucherslarining o‘rtacha narxi 76 dollar atrofida bo‘lishini prognoz qilmoqda.
Yaqin Sharqdagi mojaro fonida Rossiyaning Urals markali nefti ham qimmatlashdi. Hafta boshida uning narxi 49 dollardan oshdi, bu esa 2024 yil noyabridan beri birinchi marta kuzatilmoqda.
Ekspertlar fikricha, Yaqin Sharqdagi vaziyat davom etsa, jahon energetika bozorida narxlar yana o‘zgarishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter