«Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili»da Yangi O‘zbekiston nafasi sezilyaptimi?
Bir mahallada ishsiz ota ish topsa, yolg‘iz ona o‘z daromadiga ega bo‘lsa, yosh mutaxassis kasbi bo‘yicha faoliyat boshlasa, bu shunchaki alohida muvaffaqiyatlar emas. Bu — mahalladagi o‘zgarishlarning inson taqdiridagi ifodasi. 2026-yil — «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili»da ana shu maqsad yo‘lida «mahalla yettiligi», raqamli xizmatlar, bandlik va infratuzilma islohotlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Xo‘sh, Yangi O‘zbekiston nafasi mahallada qanday sezilmoqda?
Eshmat aka uch nafar farzand ulg‘aytiryapti. U bir paytlar qurilishda ishlagan, qo‘lidan ustachilik ham keladi. Ammo doimiy ishi yo‘q edi. Ba’zan birovning uyini ta’mirlardi, ba’zan eshik-rom yasardi. Bugun ish bor, ertaga yo‘q. Oilasining daromadi ham shunga yarasha edi, bir oy yaxshi, keyingi oy tang...
Eshmat akaning asosiy istagi katta boylik orttirish emas, farzandlarini bemalol boqish, ro‘zg‘orini butlash va ertangi kundan xavotir olmasdan yashash edi.
U bir necha marta ish so‘rab turli idoralarga bordi. Bir joyda ma’lumotnoma, boshqa joyda ariza, yana bir yerda qo‘shimcha hujjat talab qilindi. Qaysi imkoniyatdan foydalanishi, o‘z kasbini qanday qilib daromad manbaiga aylantirishi mumkinligini ham bilmasdi.
Uning muammosi faqat ishsizlik emasdi. Bu axborot yetishmasligi, imkoniyatlardan foydalanish yo‘lini bilmaslik va muammosini kim oxirigacha hal qilib berishi noma’lum bo‘lgan oddiy insonning holati edi.
Bugungi kunga kelib, Eshmat aka yashaydigan mahalladagi «yettilik» vakillari uning oilaviy holatini o‘rgandi. Uning kasbi, ishlash imkoniyati, oilaviy daromadi va ehtiyojlari birgalikda tahlil qilindi.
Hokim yordamchisi uning tadbirkorlik yoki o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini o‘rgandi. Soliq xodimi faoliyatini qonuniy rasmiylashtirishga ko‘maklashdi. Mahalla raisi esa muammoning umumiy yechimini muvofiqlashtirdi.
Avval mahalladagi muammolar ko‘pincha alohida-alohida idoralar vakolati doirasida ko‘rib chiqilardi. Ishsizlik bir tashkilotga, ijtimoiy yordam boshqasiga, yoshlar masalasi yana bir idoraga tegishli edi. Aslida esa bir xonadondagi muammolarning barchasi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Masalan, oilada ishsizlik bo‘lsa, bu bolalar ta’limiga, oilaviy munosabatlarga, hatto insonning salomatligiga ham ta’sir qilishi mumkin.
Shu sabab «mahalla yettiligi» tizimidagi asosiy g‘oya esa aholini bir muammosi bilan emas, uning hayotiy vaziyatidan kelib chiqib o‘rganish va idoralararo hamkorlikda yechim topishdir. Ushbu tizim tarkibiga mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, soliq inspektori va ijtimoiy xodim kiradi. Ularning faoliyatini birlashtiradigan umumiy maqsad — mahalladagi insonning muammosini hal etish.
2026-yil 24-iyunda qabul qilingan Prezidentning PF–116-son Farmoni bilan ushbu tizim faoliyatini samarali tashkil etish, idoralararo hamkorlikni kuchaytirish va xodimlarni o‘z vazifasiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etmaslik bo‘yicha qo‘shimcha mexanizmlar belgilandi.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz farmon va qarorlari bilan olib borilayotgan islohotlar natijasida Eshmat aka va mahalladoshlarining ham hayot tarzi butunlay o‘zgardi.
Masalan, Eshmat akaning uyida kichik ustaxona tashkil qilish uchun joy bo‘lsada, ammo u o‘z faoliyatini qanday rasmiylashtirish, buyurtmalarni qayerdan topish va davlat ko‘magidan qanday foydalanishni bilmasdi.
Avval u asosan tanish-bilish orqali ish izlardi. Hokim yordamchisi bilan suhbatdan keyin esa uning kasbiy imkoniyatlari o‘rganilib, o‘zini o‘zi band qilish yoki tadbirkorlik yo‘nalishini tanlash imkoniyati tushuntirildi.
Bunda my.gov.uz portalidagi «O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazish» xizmati ham yaxshigina asqotdi. Eshmat aka OneID orqali portaldan ro‘yxatdan o‘tib, ushbu xizmatdan uyidan chiqmay, osongina tekinga foydalandi, ariza uchun undan alohida hujjat ham talab qilinmadi.
Shundan keyin hokim yordamchisi unga ustaxona ochishga zarur asbob-uskuna uchun subsidiya olish va kredit dasturlarini ham tushuntirdi.
Moddiy yordam kutayotgan yolg‘iz ona mustaqil daromad topayotgan tadbirkor ayolga aylandi...
O‘sha mahallada ulg‘aygan Zuhraning ikki nafar farzandi bor. Turmush o‘rtog‘i bilan ajrashganidan keyin bolalarini yolg‘iz tarbiyalayapti. Uyda pishiriq tayyorlashni yaxshi bilardi. Qo‘ni-qo‘shnilar ba’zan buyurtma berishardi, lekin bu daromad yolg‘iz onaning barcha ehtiyojlarini qoplashga yetmasdi. Zuhra bir necha bor moddiy yordam so‘rab murojaat qilgan. Uning uchun eng qiyini farzandlarining ehtiyojlarini qondirish va bir vaqtning o‘zida ishlashga ulgurish edi.
Xotin-qizlar faoli ayolning ijtimoiy holatini, kasbiy qiziqishini va imkoniyatlarini o‘rgandi. Ijtimoiy xodim esa oilaning ehtiyojmandlik holatini baholash, ijtimoiy xizmat va yordam masalalari bilan shug‘ullandi.
Zuhra esa moddiy yordam olish uchun yana sarson bo‘lmay, my.gov.uz portalidagi maxsus xizmat orqali ariza topshirdi. Murojaati belgilangan mezonlar asosida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan bir oyga ham qolmay ko‘rib chiqildi.
Zuhraga ham pishiriqchilik faoliyatini qonuniy yo‘lga qo‘yish, o‘zini o‘zi band qilish, buyurtmalar bilan ishlash va tadbirkorlikni boshlash imkoniyatlari tushuntirildi. Bugungi kunga kelib, u mahalladagi ikki nafar kelinchakni ham ish bilan ta’minlashga muvaffaq bo‘ldi.
Xotin-qizlar faolining vazifasi faqat ro‘yxat tuzish yoki yordam so‘ragan ayollarni aniqlashdan iborat emas. Asosiy maqsad — Zuhra kabi ayollarning o‘z kuchiga ishonchini qaytarish, uni iqtisodiy jihatdan mustaqil bo‘lishiga ko‘maklashish. Axir yolg‘iz ayolning mustaqil daromadga ega bo‘lishi farzandlarning ham kelajagiga ta’sir qiladi.
Kecha ish topolmay yurgan yigit bugun jamiyatga nafi tegadigan mutaxassis...
Murod 28 yoshda. Oliy ta’lim muassasasini tamomlagach mutaxassisligi bo‘yicha ish topolmadi. Unga taklif qilingan ayrim ishlarning goh maoshi, goh sharoiti to‘g‘ri kelmadi. Vaqt o‘tgani sayin ish qidirishga bo‘lgan ishtiyoqi ham pasayib bordi.
Murodning muammosi bilan yoshlar yetakchisi shug‘ullanishni boshlagach, uni bo‘sh ish o‘rinlari, kasbiy tayyorgarlik va malaka oshirish imkoniyatlari bilan bog‘lash choralari ko‘rildi.
Murod my.gov.uz orqali ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Mahalliy mehnat organi uning murojaatini ko‘rib chiqib, belgilangan tartibda ishsizlik maqomini berish masalasini hal qildi. U bugun o‘z sohasining mutaxassisi sifatida jamiyatga kerakli kadrga aylandi.
Bu jarayonda eng muhim jihat yoshlarga faqat bir martalik yordam ko‘rsatish emas, balki ularning bilim va qobiliyatini ishga solishi uchun sharoit yaratishdir.
Bitta ma’lumotnoma uchun idorama-idora yurish shart emas!
Mahalladagi nuroniylardan biri Atham ota pensiya oladi, ammo turli ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda, ayrim hujjatlarni rasmiylashtirishda, hatto pensiya oluvchi shaxs ekani haqida ma’lumotnoma olishda ham qiynalardi. Ba’zan bir ma’lumotnoma olish uchun ham bir nechta joyga borishiga to‘g‘ri kelardi.
Keksalar bilan ishlashda mahalla raisi va ijtimoiy xodimning ko‘magi muhim. Ular nuroniyning ehtiyojlarini o‘rganib, mavjud ijtimoiy xizmatlar haqida ma’lumot berishdi va elektron murojaatlarini rasmiylashtirishga ham yordamlashishdi.
Oilaviy janjallar kamaydi...
Mahallada yana bir xonadon bor. Bu oilada ilgari kelishmovchiliklar ko‘p bo‘lardi. Ishsizlik, qarzdorlik va o‘zaro tushunmovchiliklar sabab uyda janjallar tez-tez takrorlanardi.
Oilaviy kelishmovchiliklar jiddiy oqibatlarga olib kelmaslik uchun xotin-qizlar faoli va ijtimoiy xodim jalb qilindi. Oilaning har bir a’zosi bilan ishlanib, mavjud muammolar bartaraf etildi. Qo‘shnilarning ham qulog‘i tinchidi.
Mahalladagi osoyishtalik faqat jinoyatlar statistikasi bilan emas, odamlar o‘z uyida xavfsiz va xotirjam yashay olishi bilan ham o‘lchanadi.
Yuqoridagi qahramonlarning har biri alohida muammoga ega. Ammo ularning taqdiri bir nuqtada tutashadi, har biriga o‘z vaqtida eshitadigan, to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatadigan va muammoning yechimigacha kuzatib boradigan tizim kerak. Mahalla raisi ana shu hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi muhim bo‘g‘in hisoblanadi.
2026-yil 16-fevraldagi PF–22-son Prezident Farmonida aholi muammolarini xonadonbay o‘rganish, ularni «Raqamli mahalla» platformasiga kiritish va tegishli davlat idoralari tomonidan hal etilishini onlayn nazorat qilish vazifasi qo‘yildi. 2026-yil 24-iyundagi PF–116-son Farmonda esa bu jarayonni yanada takomillashtirish belgilab berildi.
Unga ko‘ra, 2026-yil 1-noyabrga qadar «Raqamli mahalla» platformasini tegishli davlat idoralarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish, sun’iy intellekt yordamida murojaatlarni saralash, ijrochilarga yo‘naltirish va bajarilishini nazorat qilish imkoniyatlarini yaratish, shuningdek, mahallalarni infratuzilma, tadbirkorlik, kambag‘allik, ishsizlik, jinoyatchilik va aholi murojaatlari kabi ko‘rsatkichlar asosida «qizil», «sariq» va «yashil» toifalarga ajratish nazarda tutilgan edi.
Bugun esa har birimiz ushbu islohotlarning natijasiga guvoh bo‘lyapmiz. Eshmat aka va mahalladoshlarining hayotidagi o‘zgarishlar atrofimizda sodir bo‘lyapti. Bugun mahallalardagi muammolar faqat qog‘ozda qayd etilgan murojaat bo‘lib qolib ketmayapti, uning qaysi tashkilotga yuborilgani va qanday natija bilan yakunlanganini kuzatish imkoniyatiga egamiz.
Masalan, Eshmat aka o‘zining ishsizligi haqida murojaat qilgach, masala tegishli yo‘nalish bo‘yicha mas’ullarga yetkazilgani yoki ko‘chadagi yoritish tizimi ishlamay qolganda kommunal xizmatlar uchun mas’ul tashkilotga topshiriq yuborilgani kabi.
Aholi tashabbusi bilan o‘zgarayotgan mahallalar
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanidagi Begobod mahallasini olaylik. 2025-yil oktyabr oyida bu hududda toza ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash masalasi dolzarb muammolardan biri bo‘lgan. Tuman markazidan olisda joylashgan mahalla aholisi uchun suv masalasi shunchaki maishiy noqulaylik emas, balki kundalik turmushga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan muammo edi.
Aholi tashabbusi bilan ilgari surilgan taklif «Tashabbusli budjet» loyihasida eng ko‘p ovoz to‘plab, g‘olib deb topildi. Natijada 1 milliard 500 million so‘m mablag‘ ajratilib, yangi ichimlik suvi qudug‘ini qazish, 1 600 metrdan ortiq tarmoq tortish, suv minorasi va tegishli inshootlarni barpo etish ishlari boshlandi.
Bekobod mahallasi misolida ko‘rinadiki, mahalladagi o‘zgarishlar, avvalo, aholining eng dolzarb ehtiyojlarini eshitish va ularga amaliy yechim topishdan boshlanadi. Zero, obod mahalla — bu faqat ravon yo‘llar yoki yangi inshootlar emas, balki har bir xonadonda turmush sifati yaxshilanishi, inson qadri va tashabbusiga e’tibor qaratilishidir.
my.gov.uz — mahalladagi muammolarni hal etishda raqamli yordamchi!
Mahalla tizimidagi islohotlarni raqamli davlat xizmatlarisiz tasavvur qilish qiyin. Chunki ko‘plab masalalarni hal etish uchun fuqaro har safar davlat idorasiga borishi shart emas. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali — my.gov.uz orqali aholi turli murojaatlarni elektron shaklda yuborishi va ularning natijasini kuzatishi mumkin.
Bu xizmatlar haqida aholiga tushuntirish berish, raqamli imkoniyatlardan mustaqil foydalanishga qiynaladigan fuqarolarga ko‘maklashishda mahalla xodimlari ham hissasi katta. Ularning eng katta vazifasi har bir xonadondagi muammoni hal etib, xalqning ko‘nglida ertangi kunga ishonch uyg‘ota olishidir. Chunki har qanday islohotning natijasi uning nomi, qabul qilingan qaror yoki ajratilgan mablag‘da emas. Natija odamlar yaxshilangan hayotida ko‘rinadi.
Mahalla obod bo‘lsa, inson hayoti ham o‘zgaradi
Mahalladagi islohotlar faqat ishsizlikni kamaytirish, ijtimoiy yordam ko‘rsatish yoki elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyati bilangina cheklanmaydi. Insonning farovon hayoti uchun u yashayotgan hududdagi yo‘llar ravon, xonadonlarda ichimlik suvi va elektr ta’minoti barqaror, ko‘chalar obod bo‘lishi ham muhim.
Zero, farzandini maktabga olib borayotgan ota-ona uchun ta’mirlangan yo‘l, suv tashishga majbur bo‘lgan xonadon uchun toza ichimlik suvi, tunda ko‘chasi yoritilmagan mahalla aholisi uchun esa xavfsiz muhit — bularning barchasi islohotlarning eng oddiy, biroq eng muhim ko‘rinishlaridir.
«Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» doirasida aynan shu masalalarga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Viloyatlardagi mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, yo‘l, ichimlik suvi, elektr energiyasi va boshqa zarur tarmoqlarni rivojlantirish uchun 20 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
Bu mablag‘lar hisobiga 9 mingdan ortiq mahallada infratuzilma obyektlarini kompleks modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Shu bilan birga, har bir viloyatdan 2–3 tadan tumanni kompleks qayta qurish dasturiga kiritish belgilanib, ushbu maqsadlar uchun 8,5 trillion so‘m ajratildi.
Bu shunchaki yo‘llarni ta’mirlash yoki quvurlarni yangilash emas. Bu odamlarning kundalik hayotini yengillashtirish, tadbirkorlik uchun qulay muhit yaratish, mahallaning iqtisodiy salohiyatini oshirish demakdir.
Islohotlarning yana bir muhim jihati mahalliy budjetlarning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirishdir. Tuman budjetlarida qo‘shimcha ravishda qariyb 5 trillion so‘mlik manbalar qoldirildi. Deputatlik okruglari tashabbuslarini amalga oshirish uchun 500 milliard so‘m, har bir deputatga esa hududlardagi dolzarb muammolarni hal etish maqsadida 330 million so‘mdan mablag‘ ajratildi.
Bu mexanizmning ahamiyati shundaki, mahalladagi muammoni eng yaxshi biladigan odamlar shu yerda yashayotgan aholi, mahalliy vakillar va mas’ullar uni hal qilish jarayonida faol ishtirok etishi mumkin. Ya’ni, hududdagi ehtiyojni yuqoridan turib taxmin qilish emas, balki joyning o‘zida aniqlab, mablag‘ni shu muammoga yo‘naltirish imkoniyati kengaymoqda.
Mahalla — faqat yashash joyi emas, imkoniyatlar makoniga aylandi
Obod mahalla faqat yangi yo‘llar, zamonaviy binolar va ta’mirlangan infratuzilma bilan o‘lchanmaydi. Unda yoshlar uchun sport bilan shug‘ullanish, kitob o‘qish, bilim olish va o‘z iqtidorini namoyon etish imkoniyatlari ham bo‘lishi kerak.
Shu maqsadda mahallalarda yoshlar o‘rtasida sportni rivojlantirish uchun 1 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shuningdek, kutubxonalarni har yili 10 million dona yangi kitob bilan ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Bu raqamlar ortida ham aniq bir maqsad bor, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sportga, mutolaaga va sog‘lom turmush tarziga jalb qilish. Chunki bugun sport maydonchasida mashq qilayotgan bola ertaga sog‘lom, faol va jamiyat hayotida o‘z o‘rniga ega inson bo‘lib kamol topadi.
Har bir mahallada Yangi O‘zbekiston nafasi sezilmoqda!
Mahalla islohotlarining eng muhim yo‘nalishlaridan biri — kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish. Chunki oilada barqaror daromad bo‘lmasa, obod ko‘cha yoki yangi infratuzilmaning o‘zi inson hayotidagi barcha muammolarni hal qila olmaydi.
2026-yil «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» deb e’lon qilinganida, yil yakuniga qadar 3,5 mingta mahallani kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish maqsadi belgilangan edi.
Sentyabr oyida o‘tkazilgan hukumat tahlillari hamda davlat rahbari raisligidagi videoselektor yig‘ilishida keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 3 429 ta mahalla ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirildi.
Jumladan, yil boshida 5,8 foizni tashkil etgan kambag‘allik darajasi sentyabr oyiga kelib 3,9 foizga tushgan. Ehtiyojmand aholi soni esa 2 million 200 ming nafardan 1,5 million nafarga kamaygan. Ya’ni, qariyb 700 ming nafar fuqaro ijtimoiy reyestrdan chiqarilgan.
Bu natijalar faqat statistik ko‘rsatkich emas. Ularning ortida ish topgan insonlar, o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ygan oilalar, daromad manbaiga ega bo‘lgan xotin-qizlar va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash orqali hayotida yangi imkoniyatlar paydo bo‘lgan xonadonlar turibdi.
Demak, «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» shunchaki yil taqvimiga bitilgan shior bo‘lib qolmayapti. Yangi O‘zbekiston nafasi odamlarning orzu-umidlari, tashvish va muammolari bilan yashaydigan har bir mahallada amaliy o‘zgarishlar orqali sezilmoqda.
E’zoza Turg‘unova


Izoh qoldiriş uçun saytda röyxatdan öting
Kiriş
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter