Buxoro matbuotining yo‘qotilmagan merosi (foto va video)
Buxoroning har bir ko‘chasi, har bir madrasasiyu qadimiy devoridan tarix nafasi ufurib turadi. Bu zaminda qalam ahli hamisha xalq dardini so‘zga ko‘chirib, zamon ruhini tarix sahifalariga muhrlab kelgan.
Buxoro shahridagi muhtasham Ko‘kaldosh madrasasida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi ko‘magida «Yo‘qotilmagan meros» deb nomlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Buxoro viloyati matbuoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan marhum ustoz jurnalistlar yodga olindi. Ishtirokchilar ularning ibratli hayot yo‘li, ijodiy faoliyati, kasbiga bo‘lgan cheksiz sadoqati hamda avlodlar uchun qoldirgan boy ma’naviy merosi xususida dildan suhbat qurishdi.
Marhum ustozlar haqiga tilovat va duo qilingach, yig‘ilganlar xotira ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdilar. Ko‘rgazma to‘ridan XX asr boshlarida chop etilgan «Buxoro proletari», «Buxoro axbori», «Buxoro haqiqati» kabi nodir nashrlar, shuningdek, yurtimizda radio sohasining ilk qadamlarini aks ettiruvchi ko‘hna uskuna va jihozlar joy oldi.
Xotira kechasida Fayzulla Xo‘jayev, Fitrat, Sadriddin Ayniy, Ne’mat Aminov, Omon Muxtor, Jamol Kamol, Toshpo‘lat Hamid, Toshpo‘lat Ahmad, Halima Vohidova, Baxshanda Boltayeva, Erkin Yodgorov singari zabardast qalam sohiblari chuqur ehtirom bilan yodga olindi.
Bu ulug‘ zotlarning hayot yo‘li silliq kechgan emas. Ularning aksariyati o‘z davrining og‘ir tazyiq va suronli sinovlarini boshdan kechirdi, haqiqatni baralla aytish yo‘lida jonini ham garovga qo‘yishdan qaytmadi.
«Ammo ularning barchasini yagona bir g‘oya: kasbga sadoqat, haqiqatga ishonch va xalqqa beminnat xizmat qilish tuyg‘usi birlashtirib turardi. Bugun ustozlarni yod etar ekanmiz, aslida, o‘z kasbimiz, tariximiz va o‘zligimiz haqida mushohada yuritamiz. Chunki ustozini unutgan shogirdning kelajagi, tarixini unutgan millatning ertasi bo‘lmaydi. Bu xotira kechasi — bizning farzandlik va shogirdlik burchimizdir», — dedi uyushmaning Buxoro viloyati bo‘limi raisi Gulshoda Ibragimova.
Marhum adib va jurnalistlarning oila a’zolari hamda soha faxriylari tomonidan arxiv hujjatlari, nodir suratlar va esdaliklar asosida Buxoro matbuoti tarixida iz qoldirgan ustozlar haqida xotira kitobini chop etish taklifi o‘rtaga tashlandi. Bu tashabbus, shubhasiz, g‘oyat qadrlidir. Zero, xotira faqat tilda aytilganda emas, balki sahifalarga muhrlangandagina avlodlardan avlodlarga o‘tadi. Bugun qo‘limizda turgan birgina ko‘hna gazeta yoki surat ertaga butun bir davr solnomasidan so‘z ochuvchi bebaho manbaga aylanishi mumkin.
Buxoro jurnalistikasi tarixida o‘zidan o‘chmas iz qoldirgan 160 nafar ustozning xotirasi qalblarimizda hamisha yashaydi. Ularning qalami to‘xtagan bo‘lishi mumkin, biroq, ular qoldirgan so‘z, fikr va ma’naviy meros hamon yashamoqda. Va bu meros yo‘qotilmagan. Bor va barhayot.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter