Instagram 16 yoshda!
2010-yil 6-oktyabrda ishga tushirilgan Instagram bugun 16 yoshini qarshi olmoqda. Bir vaqtlar faqat surat ulashish uchun mo‘ljallangan sodda mobil ilova sifatida paydo bo‘lgan platforma endi 3 milliarddan ortiq faol foydalanuvchiga ega global mediamaydonga aylangan.
Instagramning tarixi 2010-yil oktyabrida Kevin Sistrom va Mayk Kriger tomonidan yaratilgan fotoalmashish ilovasidan boshlangan. Atigi ikki yil o‘tib, 2012-yilda Facebook, hozirgi Meta, Instagramni qariyb 1 milliard dollarga sotib olgan. O‘sha paytda Instagram hali katta daromad keltirmaydigan fotoilova edi. Bugun esa u Metaning eng muhim mahsulotlaridan biri hisoblanadi.
Instagram 2 milliard faol foydalanuvchi ko‘rsatkichiga 2022-yilda erishgan edi. 2025-yil sentyabrida Meta rahbari Mark Sukerberg platforma auditoriyasi 3 milliard faol foydalanuvchiga yetganini ma’lum qildi. Bu uch yildan kam vaqt ichida yana 1 milliard foydalanuvchi qo‘shilganini anglatadi.
Instagramning bu darajada o‘sishida formatning o‘zgarishi muhim rol o‘ynadi. Ilk yillarda asosiy e’tibor fotosuratlarga qaratilgan bo‘lsa, keyinchalik video, Stories, Direct va ayniqsa qisqa videolar formati Reels platformaning asosiy harakatlantiruvchi kuchlariga aylandi.
Reels 2020-yilda TikTokka raqobatchi qisqa video formati sifatida ishga tushirildi. Bugun Instagram faqat surat joylashtiriladigan ijtimoiy tarmoq emas, balki video, reklama, inflyuenserlar, onlayn savdo va kontent-kreatorlar iqtisodiyotini birlashtirgan ulkan ekotizimdir.
Instagramning O‘zbekistondagi qamrovi ham salmoqlidir. DataReportal va Kepios ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil oxirida Metaning reklama vositalari O‘zbekistonda Instagramda 14,1 millionlik auditoriyani ko‘rsatgan. Bu mamlakat aholisining taxminan 37,9 foiziga teng. Internet foydalanuvchilari orasida Instagramning reklama qamrovi esa 42,6 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, bu raqamni 14,1 million unikal faol foydalanuvchi sifatida talqin qilishda shoshilmaslik kerak. DataReportal bu ko‘rsatkich Metaning reklama vositalaridagi auditoriya qamrovi ekanini, u oylik faol foydalanuvchilar soniga to‘g‘ridan-to‘g‘ri teng emasligini ta’kidlaydi.
2026-yilda AQShda Metaga qarshi Instagram va boshqa platformalarning o‘smirlar ruhiy salomatligiga ta’siri bo‘yicha minglab sud ishlari davom etmoqda. Da’volarda platformalar foydalanuvchilarni uzoqroq ushlab turishga mo‘ljallangan mexanizmlar cheksiz lenta, avtomatik ijro va bildirishnomalar kabi funksiyalar orqali yoshlarning haddan tashqari foydalanishiga sabab bo‘layotgani ta’kidlanmoqda. Meta esa bunday ayblovlarni rad etib, o‘smirlar xavfsizligi uchun yangi vositalar joriy qilayotganini bildirmoqda.
Bundan tashqari, 2026-yil avgust oyida AQShdagi 29 shtat da’volari bo‘yicha Meta maksimal 16,68 milliard dollarlik kelishuvga rozi bo‘ldi. Kelishuv Facebook va Instagramdan o‘smirlar foydalanishiga doir qo‘shimcha cheklovlar, jumladan, kunlik foydalanish limitlari va tungi blokirovkalarni joriy etishni ham nazarda tutgan. Kompaniya esa aybni tan olmagan.
Ayni paytda Instagramning yangi funksiyalari ham regulyatorlar e’tiboridan chetda emas. 2026-yil 6-oktyabrda Buyuk Britaniya mediaregulyatori Ofcom Metaning Instagramdagi Instants funksiyasi ishga tushirilishidan oldin bolalar va noqonuniy kontent bilan bog‘liq xavflar yetarlicha baholangan-baholanmaganini tekshirishini ma’lum qildi.
Instagramning 16 yillik tarixi texnologik kompaniyalar uchun muhim bir o‘zgarishni ko‘rsatadi, foydalanuvchi iste’mol qiladigan kontent o‘zgargani sari platformaning o‘zi ham o‘zgardi.
2010-yilda Instagram shunchaki suratlar uchun mo‘ljallangan mobil ilova edi. 2026 yilda esa u:
— 3 milliarddan ortiq faol auditoriyaga ega global platforma;
— video va qisqa kontentning yirik maydoni;
— inflyuenserlar va kontent-kreatorlar iqtisodiyotining muhim qismi;
— milliardlab dollarlik reklama bozorining asosiy ishtirokchisi;
— shu bilan birga, ma’lumotlar maxfiyligi va yoshlar xavfsizligi bo‘yicha kuchli regulyator nazorati ostidagi texnologik gigantdir.
Aytish joizki, Instagramning 16 yilligi shunchaki ijtimoiy tarmoqning tug‘ilgan kuni emas. Bu bir vaqtlar smartfonda surat saqlash va ulashish uchun yaratilgan kichik ilova qanday qilib 3 milliardlik global raqamli infratuzilmaga aylanganining tarixidir.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter