Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent botanika bog‘ida daraxtlar kesilyaptimi? Hokimiyat izoh berdi

Toshkent botanika bog‘ida daraxtlar kesilyaptimi? Hokimiyat izoh berdi

Foto: Yunusobod hokimligi axborot xizmati

Ijtimoiy tarmoqda Toshkent Botanika bog‘i hududida daraxtlar kesilayotgani va qurilish ishlari boshlangani haqida xabarlar tarqaldi. Yunusobod tumani hokimligi matbuot xizmati ushbu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Botanika bog‘i hududida daraxt kesish ishlari olib borilmayapti. Aksincha, aholi uchun qulay hordiq chiqarish sharoitlarini yaratish va daraxtlar uchun zarur namgarchilikni oshirish maqsadida maxsus loyiha asosida sun’iy ko‘l tashkil etilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, ko‘lning maydoni 0,5 gektar, suv hajmi 10 ming kub metrni tashkil etadi. Shuningdek, 1,2 kilometr uzunlikda velosiped va piyodalar yo‘lagi tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, hududga 180 tup daraxt ekiladi.

Fanlar akademiyasi Axborot xizmati ham Botanika bog‘idagi ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, hozirda Botanika bog‘ining bufer zonasida 50 sotix maydonda suv havzasi tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

Ta’kidlanishicha, mazkur hudud Botanika bog‘ining kolleksiya maydonlariga kirmaydi. U yerda asosan tabiiy ravishda o‘sib chiqqan o‘simliklar, jumladan, maymunjon, qamish va boshqa yovvoyi o‘simliklar mavjud. Suv havzasi tashkil etilayotgan maydonda Botanika bog‘ining ilmiy kolleksiyasiga mansub daraxt va butalar mavjud emas.

Ishlar ekologiya mutaxassislari hamkorligida olib borilmoqda. Hududdagi ishlar ekologik talablarga muvofiq tashkil etilishi va mavjud yashil hududlarga zarar yetkazilmasligi nazorat qilinmoqda.

Suv havzasini tashkil etishdan asosiy maqsad suv o‘tlari, suv bo‘yida o‘suvchi daraxt va butalar ekotizimini yaratish, ularni tadqiq qilish hamda tegishli tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat. Shuningdek, suv havzasi mikroiqlim barqarorligini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring