Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

USAID: eshitish qobiliyatini yo‘qotgan insonlar uchun loyiha

USAID: eshitish qobiliyatini yo‘qotgan insonlar uchun loyiha

25 iyun kuni Toshkentda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) IT4Everyone dasturi doirasida tashkil etilgan eshitish qobiliyati zaif insonlar uchun maxsus onlayn IT kurslari bitiruvchilariga sertifikat topshirildi.

IT akademiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan dastur doirasida 2024 yilning 18 martidan 29 apreliga qadar O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan 115 nafar vakil imo-ishora tili foydalanuvchilariga moslashtirilgan ijtimoiy media marketingi (SMM) onlayn saboqlarida ishtirok etdi.

Eng yaxshi 25 bitiruvchi loyihaning ikkinchi bosqichi – IT kompaniyalariga sayohatlar va Toshkent shahri hamda viloyatida bo‘lib o‘tadigan yozgi lagerda qatnashadi.

«Bu tashabbus nafaqat o‘qitish va ta’lim, balki o‘z-o‘ziga ishonch va zamonaviy biznes muhitiga mazmunli integratsiyalashuv yo‘lidir. Birgalikda biz har bir inson o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish imkoniyatiga ega bo‘lgan kuchliroq, yanada inklyuziv jamiyat qurmoqdamiz», – deydi USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori vazifasini bajaruvchi Edvard Mixalski.

IT4Everyone loyihasi Markaziy Osiyoda eshitish qobiliyatini yo‘qotgan insonlarning ish qobiliyatini yaxshilash uchun ularga maxsus onlayn kurslarni taklif etadi. Loyihaning maqsadi mintaqadagi raqamli inklyuzivlik va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishdan iborat. Onlayn treninglarga it4everyone.uz platformasi orqali qatnashish mumkin.

Avval xabar berganimizdek, USAID O‘zbekistondagi ijtimoiy zaif va nogironligi bo‘lgan ayollarni raqamli iqtisodiyotga jalb qilishga qaratilgan dasturni ham amalga oshirgan. Bitiruvchilarga dastur yakunida ishga joylashish va o‘z startap biznesini boshlash imkoniyati taqdim etilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring