Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekistonning «Tadbirkorlik kodeksi» qabul qilinyapti

O‘zbekistonning «Tadbirkorlik kodeksi» qabul qilinyapti

Qonunchilik palatasi deputatlari «O‘zbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq 5 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar mavjud. Ularning tarqoq holda va nihoyatda ko‘p miqdorda qabul qilinganligi zarur bo‘lgan qonunchilik hujjatini topish hamda amalda qo‘llashda qiyinchiliklarni yuzaga keltirmoqda.

Tadbirkorlik kodeksi loyihasiga 100 ortiq qonunchilik hujjatlarini unifikatsiya qilish orqali tadbirkorlik sohasidagi munosabatlarni yagona hujjat bilan tartibga solish, davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlik huquqi sohasida yagona yondashuvni belgilash ko‘zda tutilmoqda.

Kodeks loyihasi bilan tadbirkorlik faoliyatining qonuniylik, tadbirkorlik erkinligi, sub’yektlar tengligi, halol raqobat, vijdonlilik prezumpsiyasi, korrupsiyadan xolilik kabi asosiy prinsiplari mustahkamlanmoqda. Tadbirkorlik sub’yektlari kichik, o‘rta va yirik toifalarga ajratilmoqda (amalda toifa sifatida faqat kichik tadbirkorlik sub’yekti mavjud edi).

Shuningdek, tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solishning chegaralari hamda tartibga solish shakllari ko‘zda tutilmoqda. 39 ta davlat organining 147 ta nazorat funksiyalari va Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida o‘tkaziladigan 20 turdagi tekshiruvlar ro‘yxatlari mazkur kodeksga ilova sifatida tasdiqlanib, ro‘yxatga kiritilmagan barcha tekshiruvlar Biznes-ombudsman bilan kelishilgan tartibda amalga oshirilishi taklif etilmoqda.

Shu bilan birga, kodeks loyihasi bilan xalqaro standartlarga muvofiq ayollar va yoshlar tadbirkorligi hamda ularni qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etilmoqda. Ijtimoiy tadbirkorlik, ijtimoiy korxona, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari, ularni qo‘llab-quvvatlash mexanizmi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, kodeks loyihasida yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilishi bilan mumkin bo‘lmagan faoliyat turlarini belgilagan holda ularga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda.

Deputatlarning qayd etishicha, kodeks loyihasi bilan jismoniy va yuridik shaxslarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishi va undan manfaatdor bo‘lishi uchun kafolatlar hamda sharoitlar yaratiladi, xususiy mulkni, shuningdek, tadbirkorlik subektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilinadi. 

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring