Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yashil makon»: 600 mingta ko‘chat sug‘orish tizimi bo‘lmagan joylarga ekilgan

«Yashil makon»: 600 mingta ko‘chat sug‘orish tizimi bo‘lmagan joylarga ekilgan

Bahor mavsumida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida qariyb 600 mingdan ortiq ko‘chat sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan joylarga ekilgan. Ayrim vazirlik, idora va tarmoqlarda esa bu tadbirlarga yetarlicha e’tibor qaratilmagan.

Bu haqda Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida ma’lum qilindi.

«Ekilgan ko‘chatlarni parvarish qilish, sug‘orish, payhon qilinishini oldini olish  ishlari yetarli darajada amalga oshirilmagan», – deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, 2023 yil 23 noyabrdagi PF-199-sonli Farmonga muvofiq hududlarda ekilgan daraxtlarning kasallik va zararkunandalarga qarshi mexanik, biologik, kimyoviy kurash tadbirlarini moliyalashtirish mahalliy budjet mablag‘lari hamda vazirlik va idoralarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan bo‘lsa-da, ushbu  masala ham hal etilmasdan qolmoqda.

Hokimliklar, vazirliklar, idora va tashkilotlar tomonidan  avvalgi mavsumlarda ekilgan, tabiiy va boshqa omillar hisobiga qurib qolgan daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish, ko‘karmasdan qurib qolganlari o‘rniga yangi ko‘chatlarni ekib o‘rnini to‘ldirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmagan.

Senat majlisida, shuningdek, joriy yilda jami 200 mln, shundan bahor mavsumida 125 mln tup ko‘chat ekilishi belgilangan bo‘lib, bahor mavsumida 138,1 mln tup (110,5 foiz) daraxt ko‘chatlari ekilganini ma’lum qilindi.

Muhokama yakunida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi hamda kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga qator taklif va tavsiyalar berildi. Xususan, ekilgan ko‘chatlar haqidagi ma’lumotlarni «Yashilmakon.eco» elektron platformasiga o‘z muddatida va haqqoniy joylashtirish, kuzgi mavsumda har bir hududning iqlimi, tuproq sharoitlaridan kelib chiqqan holda daraxt turi va ekish joylarni belgilash lozimligi ta’kidlandi.

Yirik sanoat korxonalari atrofi va unga tutash hududlarda hamda chiqindi poligonlari atroflarida «yashil belbog‘»larni barpo etishga alohida e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring