Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«Tibbiy sug‘urta jamg‘armasi yashash uchun imkon berdi»

«Tibbiy sug‘urta jamg‘armasi yashash uchun imkon berdi»

— «Otamni Hindistonda davolatishim kerak», «Farzandimga buyrak ko‘chirib o‘tkazish uchun falon so‘m pul kerak», deya ijtimoiy tarmoqlarda yordam so‘rab, post qo‘yadiganlarni topib, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasini tavsiya qilaman. Aholida huquqiy va tibbiy madaniyat yetarli emas, yangiliklarni kuzatishmaydi, — dedi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi matbuot kotibi Sayyora Shoyeva. — Bugungi ikkita ixtisoslashtirilgan, ya’ni akademik V.Vohidov nomidagi xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga uyushtirilgan press-turdan maqsad ham aholini ko‘proq ma’lumotga ega qilish va o‘z imtiyozlaridan foydalanishga chaqirishdir.

Tibbiy sug‘urta qanday jamg‘arma?

Bu jamg‘armaning tashkil topganiga bir yildan oshganiga qaramay, hamon ko‘pchilikning xabari yo‘q. Ya’ni, bu haqda 2021-yil 28-iyuldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori mavjud. Qarorga muvofiq, elektron axborot tizimi asosida imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llash tartibi hamda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tomonidan ularga ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar sifatini standartlar asosida baholash, ajratilgan mablag‘lar samaradorligini nazorat qilish tizimi joriy qilingan. Soddaroq qilib tushuntiradigan bo‘lsak, endi order (yo‘llanma)ni yillab kutishga va tanish-bilish qilishga hojat yo‘q. Hammasi elektron tartibda: ajratilgan mablag‘ ham, yaqinlashgan navbat ham. Sug‘urtalash tizimida har bir fuqaroning salomatligi davlat hisobidan sug‘urtalanadi. Bunda aholi pul to‘lamaydi va davlat tibbiy xizmatni bepul kafolatlaydi, ya’ni tibbiy xizmat xarajatlari davlat budjeti hisobidan qoplanadi. Shu bois aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va ko‘lami yanada oshadi. Kasalliklarni erta aniqlash natijasida aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasini uzaytirish imkoni paydo bo‘ladi. Qolaversa, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasi, dori-darmon bilan ta’minlanishi sezilarli darajada yaxshilanadi, tibbiyot xodimlarining oylik maoshi bosqichma-bosqich oshirib boriladi.

Jamg‘arma bilan 26 ta respublika darajasidagi tibbiyot muassasasi, 52 ta hududiy shifoxona va 28 ta nodavlat tibbiyot tashkiloti shartnoma tuzgan.

Ushbu davo maskanlarida shaxslarga ko‘rsatilgan yuqori texnologik tibbiy yordam xarajatlari Jamg‘arma tomonidan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilmoqda. Bu degani imkonsiz va umidsiz qolayotgan bemorlar uchun Jamg‘arma bilan shartnoma tuzgan davlat yoki nodavlat tibbiyot tashkilotlari orasidan o‘ziga qulay bo‘lganini tanlash va zarur tibbiy yordamni bepul olish imkoniyati yaratildi va umid berildi degani. O‘ziga qulay degani bemor xohlasa davlat tibbiyot tashkiloti, xohlasa nodavlat xususiy klinikalarni tanlash imkoniyatiga ega.

Yaqin-yaqingacha biz tekin jarrohlik amaliyoti haqida eshitganmidik? Yo‘q. Qisqa vaqt ichida jamg‘arma, ya’ni joriy yilning 10 oyi davomida o‘sha hammamizga ma’lum va mashhur akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida yo‘llanma asosida 2 ming 523 nafar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslar davolandi va 42 milliard so‘m miqdoridagi davolash xarajatlari Jamg‘arma tomonidan qoplab berildi. Shuningdek, markazda zarur hollarda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan, ya’ni xarajatlar ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga muvofiq Jamg‘arma tomonidan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berilmoqda.

Zohidjon Matkarimov, transplantolog, jarroh: — Bemorlar avval olti oy, bir yilgacha orderni kutgan bo‘lsa, hozir elektron ariza yozish orqali bir haftada yo‘llanmaga ega bo‘lishmoqda. Biz ularning hujjatlarini Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga yo‘naltiramiz va ular ajratgan mablag‘ asosida bemorlar barcha xizmat turlaridan foydalangan holda davolanishadi.

Xurshida Bekqulova, Sirdaryo viloyati, Sirdaryo tumani 32 yosh: — 2019-yilda menga jigar sirrozi tashxisi qo‘yildi. Ahvolim tobora og‘irlashsa-da, qizilo‘ngachimdan qon kelsa-da, imkonsiz edim. Keyin meni poliklinikaning oilaviy shifokori mana shu yerga yo‘lladi. Va Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi barcha xarajatlarni to‘lab berdi. Menga ammamning jigari to‘g‘ri keldi va jigarining bir bo‘lagini menga berdi, hozirda ularning ahvoli yaxshi. Bu yil may oyida operatsiya bo‘lganman. Avvalgidek qizilo‘ngachimdan qon kelishlar bo‘lmadi.

Hozir qayta ko‘rikka ham aksiya doirasida keldim, ya’ni qayta ko‘rik ham tekin. Operatsiyaning ertasigayoq yura boshladim. Operatsiyadan oldin tushkun holatda edim, ikki nafar farzandim bor. Agar bu yerda bepul operatsiya qilishmasa, men chet elga bormoqchi edim, ammo unga menda na mablag‘ va na imkon yo‘q edi. 

Gulnora Eshniyozova, Xorazm viloyati, Hazorasp tumani: — 17 yoshli bir o‘g‘limni 2018-yil mana shu kasallik tufayli yo‘qotganman. Bu ikkinchi o‘g‘lim — Asadbek Qodirberganov, hozir 18 yoshda, unda ham o‘sha tashxis — jigar sirrozi. Hindistonga ketmoqchi bo‘lib, ammo unga mablag‘ni (eshitishimizchi 15 ming dollar kerak bo‘larkan) qayerdan topishni bilmay boshimiz qotib turganida Sog‘liqni saqlash vazirligidan mana shunday jamg‘arma borligini va barcha xarajatlar davlat tomonidan qoplab berilishini aytishdi. O‘g‘limga amakivachchasi donor bo‘ldi. Bu yerdan chiqqanimizdan so‘ng hali ancha paytgacha bolani ehtiyot qilishimiz kerak.

— Ya’ni, bolangizni ehtiyot qilishingiz va parhez saqlashingiz kerak bo‘ladi.

— Bizda gaz yo‘q, o‘tin yoqamiz, bolam tutunli havodan nafas olishi mumkin emas. Bir amallaymiz endi. Elektr plita qo‘yib turish uchun esa chiroqqa ishonch yo‘q, tez-tez o‘chadi...

Ha, onaizoring bizga tekin operatsiya qildi deya suyungani bir taraf, qishloqlardagi abadiy muammolardan biri gaz svetning bemori bor uylarga qanchalik muhimligi yana bir taraf...

Iroda Eshmahmatova, Qashqadaryo, G‘uzor, 12 yosh: — Menga buyrak ko‘chirib o‘tkazishdi. Men har uch kunda dializ olardim, uni olgach ba’zida og‘irlashib qolardim. Mana shu yerda operatsiya qilishgach, dializdan qutuldim.

— Men shu qizchaning buvisiman, bitta buyragimni nevaramga berdim — donorman, ahvolim juda yaxshi, operatsiya uch soat o‘tdi, — deya nevarasining gapini tasdiqladi Zumrad opa. — Yoshim 55 da. Ko‘pchilik donor bo‘lishimga qarshilik ko‘rsatdi, yoshing kattarib qolgan, qiynalasan deyishdi, hatto o‘zimning 76 yoshli onam (onada baribir — bolasiga ichi achiydi) menga o‘ylab ko‘r, dedilar. Lekin hech kim qarorimdan qaytara olmadi. Nevaraginam men uchun ham yashashi kerak, degan qarorga keldim. Qizimniki, ya’ni onasining buyragi tashxis natijalariga ko‘ra to‘g‘ri kelmadi. Mana hammasi muvaffaqiyatli chiqdi, ikkalamiz ham o‘zimizni yaxshi his qilyapmiz.

— Xo‘sh, Davlat tibbiy sug‘urtasida aholining qanday huquq va majburiyatlari bor?

— Aholi kafolatlangan paket doirasida bepul tibbiy yordam olish, ya’ni shifokor qabuli, ixtisoslashgan mutaxassislar bilan maslahatlashish, skrining tekshiruvlaridan o‘tish, stansionarlarda davolanish huquqiga ega. Bu jarayonda bemorning majburiyati bitta, u ham bo‘lsa, eng birinchi oilaviy shifokorga murojaat qilish va u bilan maslahatlashish.

Davlat tibbiy sug‘urtasining eng asosiy talablaridan biri — eng avvalo, har bir inson o‘z hududidagi oilaviy shifoxonaga biriktirilgan bo‘lishi kerak. Fuqaro oilaviy shifoxona eshigidan kirishi bilan uni ro‘yxatga olish, shifokorga kirishi, tahlillardan o‘tishi nazoratga olinadi. Kafolatlangan tibbiy xizmatlar tekin amalga oshiriladi.

— Bizga yana bir savol qiziq Davlat tibbiy sug‘urtasi boshqa hududlarda, shuningdek, nodavlati tibbiyot muassasalarida qachondan joriy etiladi?

— Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari uch bosqichda amalga oshiriladi. Hozirda Sirdaryo viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tizimidagi barcha tibbiyot muassasalarida, 2023 yildan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Samarqand, Navoiy, Surxondaryo hamda Farg‘ona viloyatlarida, 2025 yilda esa yurtimizning barcha hududlarini qamrab oladi. Joriy yilning aprel-may oylaridan nodavlat tibbiyot muassasalari bilan ham shartnomalar tuzish boshlandi, — deya yo‘l-yo‘lakay ma’lumot berib o‘tadi matbuot kotibi Sayyora Shoyeva. — Yana bir muhim jihat, bunda imtiyozli toifaga kiruvchi bemor elektron axborot tizimi orqali navbatga qo‘yiladi. Ushbu yo‘llanma asosida Jamg‘arma bilan shartnoma tuzgan tibbiyot muassasasida bemorga bepul yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatiladi. So‘ngra tibbiyot muassasasi davolangan bemorga bazaviy narx doirasida sarflangan barcha xarajatlar (tibbiy xizmat, dori vositalari, tibbiy buyum va sarflov materiallari, oziq-ovqat, bemor davolangan o‘rin-kunlari soni va boshqalar) aks etgan dalolatnoma tuzadi. Mazkur hisob-faktura bemor davolanib chiqqan kundan keyin 5 ish kuni ichida Jamg‘armaga qog‘oz shaklda yoki elektron dastur orqali yuboriladi. Jamg‘arma bajarilgan ishlar dalolatnomasi hamda hisob-faktura asosida to‘lovlarni 10 ish kuni ichida amalga oshiradi.

— Xo‘sh, imtiyozli toifalar kimlar, ya’ni ushbu jamg‘arma mablag‘laridan kimlar foydalana oladi?

— Faktlarga e’tibor qaratamiz — hozirga qadar davolangan bemorlarning 51 foizini 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 26 foizini 18 dan 60 yoshgacha, 23 foizini esa nafaqa yoshidagilar tashkil etdi. Ya’ni, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 1-2-guruh nogironlari, afg‘onda xizmat qilgan urush qatnashchilari, surunkali kasalliklar bilan ro‘yxatda turganlar, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali kam ta’minlangan, deb e’tirof etilgan oilalarning a’zolariga yordam ko‘rsatiladi.

Biz mana shu ma’lumotlarga ega bo‘lish asnosida Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy amaliy markaziga yo‘l oldik.

Mayram Qulmatova, Buxoro viloyati, Peshku tumani: — Ikki oyog‘imda suyak yemirilishi tashxisi bilan qo‘ltiqtayoqda kelganman. Birinchi bosqich — operatsiya o‘tdi, keyinchalik yana bitta oyog‘imni operatsiya qilishadi. Poliklinika orqali davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi haqida bildim. Hozir bepul operatsiya qilib berishmaganida haliyam qo‘liqtayoqda yurgan bo‘lardim. Menga har bir oyoqni operatsiya qilish 35-40 mln. so‘m atrofida deyishgandi. Biz turmush o‘rtog‘im bilan ikkinchi guruh nogironimiz, buncha pulni qayerdan ham topa olardik?

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy amaliy markazida joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida qariyb 47 ming nafar bemorga bepul tibbiy yordam ko‘rsatildi. Shundan,1400 nafar bemor imtiyozli toifaga mansub bo‘lib, ularga ko‘rsatilgan yuqori texnologik tibbiy xizmatlar uchun Jamg‘arma tomonidan 33 milliard so‘m to‘lab berildi.

Zoir G‘oipov, jarohat asoratlari bo‘limi shifokori: — Shu paytgacha ko‘pgina murakkab operatsiyalar tibbiy sug‘urtasi orqali amalga oshirildi. Toshkent viloyatida bir oy davomida salomatlik aksiyasi doirasi 59 yoshli bemorimiz Hadiyatulloh Hakimov ro‘yxatga kiritilgandi. Jamg‘arma tomonidan elektron yo‘llanma orqali jami 80-90 mln. so‘m to‘lab berildi va bepul jarrohlik amaliyoti amalga oshirildi. Bu bemorimiz nafaqada, nafaqadagi inson shuncha pulni o‘zi topa olarmidi? Bu operatsiyalar chet elda juda qimmat. Misol uchun yaqinda bir jarrohlik amaliyoti o‘tkazdik. Amerikada kelgan jarrohlarning aytishicha, shu operatsiya xorijda 70-80 ming dollar turarkan. Yana hindistonlik, turkiyalik mutaxassislar o‘sha operatsiyani o‘zlarida 30-40 ming dollar deyishmoqda. Buxorolik bir mijozimizga Hindistonda suyak bilan bog‘liq operatsiya 40 ming dollar deb baholangan ekan. Biz o‘sha bemorni shu yerda tekin davoladik, chet elga ketmadi. Andijonning Paxtaobod tumanidan 21 yoshli bemor qizimiz chap son suyagi tug‘ma yuqori chiqishi tashxisi bilan murojaat qilgandi, ya’ni bir oyog‘i ikkinchisidan yetti santimetr kalta. Tibbiy sug‘urta jamg‘armasi orqali operatsiya qilindi va ikki oyog‘i tenglashtirildi. Avval uning dugonalari bo‘lmagan, hozir u qiz talaba, uning dugonalari ko‘p. Ertaga onasi bizni to‘yga aytishga kelyapti...

Ushbu press-turdan qaytganimdan so‘ng ijtimoiy tarmoqlarda shu kabi operatsiyalar uchun mablag‘ topolmayotgan hamyurtlarimizga davlat tibbiy sug‘urtma jamg‘armasini taklif qildim. Har holda «operatsiyalar qimmat, mablag‘ yo‘q», deya umidsizlikka tushayotgan bemorlarga ishonch bilan tavsiya qila oladigan yana bir tashkilot borligidan xursandmiz. Chunki biz ana shunday xayrli ishlarga guvohmiz — hayotga qaytadan umidi uyg‘ongan bemorlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik, gaplashdik, ularning quvonchiga sherik bo‘ldik.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring