Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Faqat haqiqatni, barcha haqiqatni, haqiqatdan o‘zga hech narsani…

«BankirBot» o‘zbekistonliklarni qanday chuv tushirmoqda?

«BankirBot» o‘zbekistonliklarni qanday chuv tushirmoqda?

Foto:«Severposts.ru»

Oramizda sodda insonlar ko‘p. Tabiiyki, bundan foydalanuvchi firibgarlar ham yetarlicha.

Masalan, haligacha elektron pochtaga Liberiya yoki Afrikaning yana qaysidir bir davlatidan keladigan xatlarga ishonishadi. U xatlarda yoki qandaydir siyosiy qochoq bankdagi falon million dollarini unga bermoqchi ekanligini aytiladi yoki qandaydir tanlovlarda o‘zidan-o‘zi yutuq chiqqani yoziladi. Bu axir 20 yil oldingi firibgarlarning eski usuliku, nahotki haligacha shunga ishonsangiz, a? (menga kelgan xatning suratini pastda ilova qilaman).

Foto:«Xushnudbek.uz»

Shu pulni olish uchun hujjatlarni rasmiylashtirishga ozgina xarajat ketadi, o‘shanchun faloncha pulni bizga yubor, keyin Senga 1 mln dollar o‘tkazib beramiz, deyishadi. Pulni oladiyu, qarabsizki, 1ta Prado, 2ta Malibu, 3ta Kaptiva, Toshkent Sitidan kvartira, Bo‘stonliqdan dacha haqidagi orzular chippakka chiqadi.

Yaqinda Telegramda «BankirBot» degan bitta narsa chiqdi. Nima emish, birorta do‘stingiz Siz orqali botga a’zo bo‘lsa, Sizga 3 dollar berarmish. Biror kanaldagi bitta postni majburan ko‘rsangiz, Sizga 2 dollar berarmish. Bot tavsiya qilgan birorta kanalga a’zo bo‘lsangiz, 1 dollar olarmishsiz.

Naqadar zo‘r! Belni og‘ritmay jaraq-jaraq pul topishning bundan oson yo‘li yo‘q-ku, to‘g‘rimi?!

Afsuski minglab insonlar shunaqa o‘ylayapti. O‘zimga ham juda ko‘p linklar yuborishdi. Gruppalarku «BankirBot»ga to‘lib ketdi. Eh, bunchalar sodda bo‘lmasangiz-a...

Botning firibgarligi nimada?

Botda 100 dollar ishlaganingizdan keyin, pulni yechib olishingiz mumkinligi aytiladi. 100 dollar ishlash uchun Siz ularning qanchadan-qancha reklamalariga tekin ishchi sifatida ishlab berasiz. Ular shundan pul topishadi.

Xo‘p, pulni berishsa bo‘ldimasmi, reklama qilsak qilibmizda, demoqchimisiz? Shoshilmang.

Pulni olishga kelganda Sizni o‘zingizni «kiydirishadi». BankirBotda 100 dollardan ko‘p pul ishlagan va pulni olishga urinib ko‘rgan bir do‘stimizning hikoyasi:

«Pul miqdori 100$ dan oshgandan keyin pulni Qiwi orqali yechishga qaror qilindi. Yechmoqchi bo‘linganda sizni to‘lov tizimingiz rubl bilan ishlar ekan pulni konvertatsiya qilish uchun 70 rubl (1$) to‘lang deyishdi, to‘landi.

2-urinishda endi «sizni to‘lov tizimingiz sizni verifikatsiya qilmagan ekan, shuning uchun 95 rubl to‘lang, keyin 95 rublni qolgan pulizga qo‘shib qaytarib beramiz» deyishdi, to‘landi.

3-urinishda «to‘lov tizimi xizmatlari uchun 200 rubl to‘lang deyishdi», to‘landi.

4-urinishda «pulni yechib olish uchun elektron raqamli imzo sotib olishingiz kerak» deyishdi, elektron raqamli imzo 290 rubl turar ekan va shu yerda firibgarlarga boshqa to‘lanmaslikka qaror qilindi.

Qayta aloqaga yozilgan xabarlarning hammasi befoyda bo‘ldi, javob berishmadi».

Ko‘pchilik hamma to‘lovni qilib ham, hozirgacha kutib yurganini, hech qanaqa pul tushmaganini, ular esa dom-daraksiz yo‘qolib ketishganini yozishmoqda.

Xullas, ulardan pul olaman deb ovora bo‘lmanglar. Unutmang, tekin pishloq faqat qopqonda bo‘ladi! Sodda bo‘lmang.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring