«Alfons»lar qanday paydo bo‘ladi?
Bugun oilada ajrashishlar ko‘payib ketgani sir bo‘lmay qoldi. Yoshlar nikohga panja orasidan qarashmoqda. Qolaversa, bunga kattalarning aralashuvi ham sabab bo‘lyapti. Er va xotin bir-biridan qolishmaydi. Biri oiladagi burchini ado etmasa, ikkinchisi gap qaytarish, shaddodlikda peshqadam, tili bir qarich! Yosh oilalar bo‘lar-bo‘lmasga ajrashib, ota farzandini tashlab ketaversa, oqibati nima bo‘ladi? Xonadonda tug‘ilgan farzandlar uchun kim javobgar? Axir bola qalbi bir umr kemtik bo‘lib o‘smaydimi?
Shu va shu kabi savollarga taniqli shifokor-ruhshunos Baxtiniso Azimboyeva javob beradi.
Ajrimlarning ko‘payishi – eng avvalo, ichki qo‘rquv, o‘ziga ishonmaslik tufaylidir. Dangasalik, ma’naviy qashshoqlik, o‘z ustida ishlamaslik, betoqatlik, ya’ni katta maqsadlarga tezroq erishish, yoshlarning hayotga ruhan va jismonan tayyor emasligi, shuningdek, oila tarbiyasi va jamiyatdagi boshqa informatsiyalar ham bunga ta’sir qiladi. Mazkur masalada nafaqat oilada, balki atrofdagilar, ko‘pchilik kuchi bilan ish olib borilsagina yaxshi natijaga erishamiz!
Ajralishlar ko‘paysa, farzandlarimiz ruhiy tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, albatta. Shuning uchun oila qurish oldidan har bir yigit-qizga malakali psixologik yondashuv kerak. Turmush qurishga shoshilmasdan jiddiy munosabat bilan o‘ylab ish tutish maqsadga muvofiqdir.
«Qiz topsak bo‘ldi, bir oyda to‘y» deydigan ota-onalarni ko‘p uchratamiz. Hali yoshlar bir-birini tushunmasdan turib bir oyda to‘y qilib yuborishadi. Tezroq kelin tushirishdan nima naf? Yaxshisi, o‘rtaga sovuqlik tushmasligining oldini olgan ma’qul emasmi? Xuddi o‘g‘li yoki qizi turmush qurmay o‘tib ketadiganday shoshilishadi. Oila qurmasdan oldin sovuqlik tushsin, to‘ydan keyin farzandli bo‘lgandan ko‘ra! O‘zaro ko‘nikma hosil bo‘lishi uchun hech bo‘lmasa olti oy kerak. Shu vaqt ichida tushunmovchilik kelib chiqdimi, demak, oila mustahkamligi yo‘q degani.
Ajrimlarning oldini olish uchun, menimcha, tahlil va vaqt talab qilinadi – to‘y haqida olti oydan so‘ng o‘ylash kerak! Statistika bo‘yicha qancha uzoq munosabat bog‘laganlar bo‘lsa, ana shular birgalikda uzoq yashar ekan.
Dardga ko‘nikaver degani yengilgin, degani emas. Avval dardga rozi bo‘l, shukr qil! Bor-yo‘g‘i shu dard ekan-ku, yanada og‘ir bo‘lishi mumkin edi, deb rozi bo‘l, so‘ng niyat qilib oldinga intil, shundagina natijaga erishasan! E’tibor bering: zamondan kutmaslik, ya’ni harakat qilish kerak!
Ayrim onalar bolasining tarafini olib, qo‘shnilar bilan janjallashadi. Ularning farzandi shu qadar erka bo‘lib o‘sadiki, kattalar dakki berishga cho‘chiydilar. Darhol onasiga chaqib beradi, keyin dod-voyni ko‘ring! Bundaylarning onasiga mahalla oqsoqoli dashnom berib, tushuntirib ko‘radi, afsuski, foydasi bo‘lmaydi. Qanday chora ko‘rish mumkin?
Ha, jamiyatimizda shunday ayollar ham uchrab turadi. Ular psixologiyada manipulyasiya qiladigan insonlar deb ataladi. Bundaylar boshqalarning asabiga tegib, quvvat oladi, ayniqsa ko‘ngli bo‘sh odamlar mazkur toifaning xarakteri kuchayishiga yordam beradi. Janjalkash odam ko‘ngilchan insonlarning qo‘rquvidan foydalanadi. Bundaylarga nisbatan ko‘pchilikning fikrini inobatga olgan holda ko‘rsatayotgan ziyoni evaziga chora ko‘rish kerak!
Kuch – birlikda, deydilar. Mahalla oqsoqoli va posbonlari hamkorlikda ish ko‘rishlariga to‘g‘ri keladi. Chora ko‘rmasdan faqat ogohlantirish berish bilan natijaga erishib bo‘lmaydi, amalda ko‘rilgan chora boshqalar uchun ham saboqdir! Ichki qo‘rquvni yengish lozim. Ko‘pchilik bilan maslahatlashgan holda chora ko‘rish mahalla osoyishtaligini ta’minlashga yordam beradi.
Bugun ayrim yigitlarning xurmacha qiliqlari hayratga soladi. Qandaydir qizmijozmi-yey! Masalan, futbol o‘ynashdan ko‘ra soatlab vaysaqilik qilishni yaxshi ko‘rishadi. Dunyoqarashlari ham allatovur! Boy-badavlat xonadonga ichkuyov bo‘lishni orzu qilishdan uyalishmaydi. Hech bir istisnosiz sevgan qizidan pul yoki boshqa moddiy qiymatlar so‘rashadi. Or-nomus, erkaklik g‘ururi yo‘q! Bu nimaning oqibati bo‘lishi mumkin?
Bu savol ko‘pchilikni qiziqtiradi, ayniqsa ayollarni! Nachora, hayotda har xil insonlarni uchratamiz.
Men mijozlarni test sinovidan o‘tkazganimda ayrim ayollarda o‘g‘il bola xarakteri yoki aksincha, o‘g‘il bolalarda ayollar fe’l-atvori borligiga amin bo‘lganman. Nega shunday?
Mazkur jarayon onaning homiladorlik davridan boshlanadi. Agar ota-ona o‘g‘il farzandi tug‘ilishini ko‘proq xohlasa-yu, qiz dunyoga kelsa, go‘dak botiniy ongida ularning xohishini amalga oshirish uchun o‘g‘il bola xarakteri shakllanadi. Yoki, aksincha, yigitlarda qiz bola fe’li shakllanadi va ko‘pincha ota-ona uni o‘zlari kutgan farzandidek qabul qilmay, yoshligidan kiyinishini ham shunga yarasha olib boradi.
Bir tanishim qizini kichkinaligidan o‘g‘il bolalarga xos kiyintirdi, karate to‘garagiga berdi, dadasi mashinasida olib yurdi va erta yoshidan avtomobil haydashni o‘rgatdi. Qiz 15-16 yoshga yetganida ota-onasi xatolarini tushunishdi va undan qizlar kiyimida yurishini talab qilishdi. Oqibatda... qiz og‘ir kasal bo‘lib qoldi. Tanishim mendan yordam so‘radi. Ular bilan uzoq ishlashimga to‘g‘ri keldi.
Boshqa oilada faqat o‘g‘il bolalar bo‘lgan. Onasi ularni kichkinaligidan uy ishlari, ovqat pishirish, kir yuvish, supur-sidir, tozalashga o‘rgatgan. Bolalari bilan sirlashgan ham. Bunday tarbiya vositasida o‘zi bilmay o‘g‘il bolalarda xotin-qizlarga xos xarakterni ko‘proq shakllantirgan. Ular oyisiga xuddi qizlar singari mehribon, ammo erkak sifatida o‘z o‘rnini topishga qiynalishdi.
Yigitlarimiz tarbiyasi, asosan, ayollar qo‘lida qolib ketyapti. Aksariyat ayollar bolalarining aybini otasidan berkitishini esa alohida ta’kidlashim kerak. Bu ham farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘g‘il bolalar mehr va g‘amxo‘rlikni onadan olsa, haqiqiy erkaklik g‘ururini ota beradi. Mabodo otasi bo‘lmasa atrofdagi yaqinlari – tog‘a, amaki yoki sport murabbiylari ularni mard, jo‘shqin va o‘ziga ishonchini mustahkam qilib tarbiyalaydi. Shunday ekan, oilada o‘g‘il bolalar tarbiyasiga alohida e’tibor qarating.
Muhtarama onalar, o‘g‘lingizni yaxshi ko‘ring, parvarish qiling, ammo tarbiyasini erkak kishiga ishonib topshiring!
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter