Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Alisher Qodirov: «Lo‘lilarni tinch qo‘ying, Rasul Kusherbayev»

Alisher Qodirov: «Lo‘lilarni tinch qo‘ying, Rasul Kusherbayev»

Foto: Xabar.uz

«Milliy tiklanish» partiyasi raisi Alisher Qodirov «lo‘lichilik» so‘zini ishlatganiga izoh berarkan, bundan haqorat yasashga urinayotganlarni aytib o‘tgan.

«O‘zbekiston xalq yozuvchisi, O‘zbekiston qahramoni Said Ahmad «Cho‘l shamollari» asarida «Komil lo‘lilik qilib birovga gap bermay bidirlar, Qo‘ziboy esa to‘ng‘illar edi», deganda yoki Hamidaxon Ziyoxonova «Birinchi maktub» hikoyasida «Arzanda qiz maktabda ham lo‘liligi, urushqoq va beboshligi bilan nom chiqardi» degan jumlalarni ishlatganda lo‘li vatandoshlarimizni haqorat qilganmidi? Lo‘lilar bu asarlarni o‘qib, o‘zlarini kamsitilgandek his qilganlariga jiddiy shubham bor.

Har bir millatni o‘ziga xos sifatlari bo‘ladi. O‘zbeklarni «o‘zbekchilik» degan so‘z bilan xos sifatlarini aytish haqorat bo‘lmaganidek, lo‘lilarni ham ularga xos bo‘lgan xususiyatlarining nomi «lo‘lichilik»dir. Qachondan boshlab milliy xususiyatlar haqorat bo‘lib qoldi? Bu so‘zdan millatchilik yoki milliy kamsitishni izlash uchun juda qattiq g‘azabda yoki sog‘lom aqldan ayrilgan bo‘lish kerak.

Menimcha, bir so‘zdan haqorat yasamoqchi bo‘layotganlarni lo‘lilarning sha’ni emas, Jinoyat protsessual kodeksida o‘tmay qolgan «elektron dalillar» tuynugi yo‘liga qo‘yilgan to‘siq ko‘proq tashvishga solmoqda.

Men uchun inson Allohning yaratgan bandasi, oliy mavjudotdir, o‘zbekmi, rusmi, qozoqmi yoki lo‘li, farqi yo‘q. Insonni millatiga qarab emas, tarbiyasiga qarab munosabatda bo‘laman. E’tiqodimiz hatto hayvonlarga hurmat ko‘rsatishni talab qiladi.

Lekin insonlarning ichida ham ayrimlar bor do‘st bo‘lging keladi, gaplashib to‘ymaysan, ayrimlarni do‘st deb o‘ylaysan-u, yaqinroq bilib, vijdonsizligidan qaytib yuziga qaraging kelmaydi...

Lo‘li vatandoshlarni tinch qo‘ying Rasul Kusherboyev, «elektron dalillar»ingizga betaraf bo‘lishga roziman, lekin barcha deputatlar ham siz o‘ylagandek tablodagi qizil tugmaga qarab ovoz bermaydi», degan Qodirov o‘z postida.

Eslatib o‘tamiz, Qonunchilik palatasida Jinoyat protsessual kodeksini o‘zgartirishga oid qonun loyihasi atrofida bahs-munozarada Alisher Qodirov loyihani himoya qilayotgan Rasul Kusherbayevga «lo‘lilik qilmang» degani ortidan samarqandlik lo‘li faollari deputatga qat’iy e’tiroz bildirishgan. «Fidoyilar» mahallasi markazida to‘plangan millat faollari Qodirovni sudga berishlari mumkinligini aytishgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring