Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ayolga sirkda o‘rganganlari qotil eridan qutulishga yordam berdi

Ayolga sirkda o‘rganganlari qotil eridan qutulishga yordam berdi

Foto: «Daily Mail»

Angliyaning Lankashir grafligi Morkam shahrida yashovchi ayol sehrgarning yordamchisi sifatida ishlab yurgan paytlarida olgan ko‘nikmalari sharofati bilan uni bog‘lab qo‘ygan sobiq eridan qutulishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda «Daily Mail» xabar bermoqda.

2008-yilda Elison Garsia-Xernandez Ispaniyada Xuan Xernandez bilan tanishib qolgan. Ko‘p o‘tmay ular turmush qurishib, Angliyada yashay boshladilar.

2019-yil yanvar oyida ularning nikohi darz ketdi. Shundan so‘ng, Xernandez saraton kasalligiga chalinganini va qolgan umrini tug‘ilib o‘sgan yurtida o‘tkazish uchun Ispaniyaga qaytib ketayotganini ma’lum qildi. Aslida esa u Angliyada qolib, sobiq xotinini o‘ldirish uchun reja tuza boshlagandi.

2019-yil 18-sentyabrda Xernandez kurer niqobi ostida Garsia-Xernandezning uyiga bostirib kirib, uni bog‘lab qo‘gan va to‘rt soat garovda saqlagan. Shundan so‘ng, u pichoq bilan uni so‘ymoqchi bo‘lgan.

Ammo 64 yoshli ayolga sirk maktabida o‘rgangan hamda sehrgarning yordamchisi sifatida ishlab yurgan paytlarida orttirgan mahorati asqatadi. U bog‘lab qo‘yilgan qo‘lini bir amallab bo‘shatib, o‘zini himoya qila oldi. Uning faqat bo‘yni chuqur kesilib, qo‘li jarohatlandi. Ayolni uyiga qaytib kelgan talaba nabirasi topgan. U politsiyani chaqirgan. Keyinchalik Garsia-Xernandez jarohatlarini tikish uchun oltita operatsiyani boshidan o‘tkazgan.

1-mart kuni sudda Xernandez odam o‘ldirishga urinishda va odamni noqonuniy hibsda saqlashda aybiga iqror bo‘ldi. Sud jinoyatchining ruhiy nosog‘lomligini aniqlab, uni muddatsiz majburiy shifoxonaga yotqizishga hukm qildi. Agar aqli raso deb topilsa, 12 yilga ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Garsia-Xernandez sudda sobiq erini kechirganini ma’lum qildi.

«U boshqalar bilan tinch yashashni o‘rganishi kerak», — dedi u.

Avvalroq, Xernandez 1984-yili Ispaniyada birinchi xotinini o‘ldirgani uchun 14 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring