Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Buxoroda bola o‘g‘risi ushlandimi?

Buxoroda bola o‘g‘risi ushlandimi?

Foto: «Xabar.uz»

Bugun, 27 sentyabr kuni, ijtimoiy tarmoqlarda «Buxoroda bola o‘g‘risi ushlanibdi» degan xabar yashin tezlikda tarqalgan va bu bir necha soat ichida aholi o‘rtasida shov-shuv va vahimaga aylanib ulgurgan.

«Xabar.uz» muxbiri holatga oydinlik kiritish maqsadida voqea joyida bo‘lib, ichki ishlar organlari  vakillari bilan suhbatlashdi.

Voqeaga ko‘ra, Buxoro shahridagi Yangiobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan avtomobillarga gaz quyish shoxobchalaridan birida avtomobillar turnaqator navbatda turishgan.

Shoxobcha atrofida yurgan notanish bir ayol bir nechta avtomashinalarda oilasi va farzandlari bilan kutib turgan haydovchilardan «Bolaningizni bering, shirin ekan, men bilan o‘ynasin», — deya so‘rab chiqavergan.

Xuddi shu kezda ayol o‘z avtomashinasi yonida suhbatlashib turgan ota-onasidan sal chekkaroqqa o‘tirgan bir bolaning qo‘lidan ushlab, u bilan g‘alati xatti-harakatda bo‘lgan.  Bu esa ota-onani qo‘rquvga solgan. «Bolamizni o‘g‘irlayapti», degan xavotir bilan baqir-chaqir qilishgan.

Zudlik bilan odamlar va ichki ishlar xodimlari voqea joyiga to‘planishgan. Olib borilgan tezkor harakatlar natijasida notanish ayolning asli Navoiy shahridan ekani va uning ruhiy nosog‘lom ekani aniqlangan. Va ijtimoiy tarmoqlarda Buxoroda bola o‘g‘riligi holati sodir bo‘lgani va bola o‘g‘risining ushlangani haqida noto‘g‘ri talqindagi turli ovoz yozuvlar tarqalgan.

«O‘rganuvimizga ko‘ra, u ayol gaz quyish shoxobchasida oilasi va bolalari bilan navbat kutib turgan birmas, bir nechta haydovchilardan bolasini u bilan o‘ynab turishga berishini so‘ragan. Ayolning ruhiy nosog‘lom ekani jismoniy jihatidan ham sezilib turgani uchun unga indashmagan. Biroq, bu bolasining qo‘lidan ushlagan boshqa ota-onani esa vahimaga solgan. Voqea joyiga ichki ishlar xodimlari sergaklik bilan yetib kelishgan. Holat esa yashin tezligida «Buxoroda bola o‘g‘risi ushlandi» degan xabarga aylanib ketgan. Bola o‘g‘irlangani va o‘g‘rining ushlangani holati sodir bo‘lgani qabilidagi mish-mishlar haqiqatdan yiroq», — deydi viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov.

IIB rasmiysi fuqarolarni tarmoqlarda noto‘g‘ri axborot tarqatmaslikka chaqirgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring