Eduards Stiprays YeIning O‘zbekiston bilan viza tartibini soddalashtirish istiqbolini baholadi
O‘zbekiston Respublikasi hamda Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangani tarixiy hodisa deya baholanmoqda. Ostonada o‘tgan xalqaro anjuman doirasida Xabar.uz muxbiri Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduards Stiprays bilan uchrashib, yuqori martabali diplomatdan yangi bitimning ahamiyati, O‘zbekiston fuqarolari uchun viza tartibini soddalashtirish imkoniyati haqida qisqa intervyu oldi.
«O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim mohiyat e’tiboriga ko‘ra hamkorlikning yangi, yanada tizimlashtirilgan tartibini shakllantiradi. Hujjat nafaqat savdo munosabatlariga doir masalalarni, shuningdek, investitsiya, standartlarni uyg‘unlashtirish, sanitariya, veterinariya talablarini muvofiqlashtirish, turli sohalarda tartib-qoidalarni takomillashtirish, transport, energetika kabi ikki tomonlama manfaatli hamkorlik yo‘nalishlariga doir jihatlarni ham qamraydi. Suv xo‘jaligi kabi Markaziy Osiyo mintaqasi uchun o‘ta muhim sanalgan jabha, qolaversa, ichki xavfsizlik, migratsiya, tashqi siyosat kabi masalalar ham e’tibordan chetda qolmagan. Umuman olganda, Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim barcha jabhalarni qamragan hujjat bo‘lib, hamkorlik uchun yanada aniq tizim yaratishga xizmat qiladi», – dedi Eduards Stiprays.
Joriy yil 2-dekabr kuni Qozog‘iston Yevropa Ittifoqi bilan viza tartibini yengillashtirish yuzasidan rasmiy muzokaralarni boshladi. Xo‘sh, YeI O‘zbekiston fuqarolari uchun ham yaqin istiqbolda viza tartibini yengillashtirishi ko‘zda tutilganmi?
YeI diplomatiga ko‘ra, bu amalga oshmas orzu emas, ammo uni ro‘yobga chiqarish uchun ma’lum shart va muayyan muddat talab etiladi.
«Ayni vaqtda bu masala kun tartibida emas. Ammo viza tartibining yengillashtirilishi utopiya emas, balki real hodisadir. Qozog‘iston keysi ham bu reallik ekanini tasdiqlaydi. Buning uchun migratsiya oqimi kuzatuvi borasida muayyan tajriba hosil qilish talab etiladi. Bu reputatsiya masalasi hamdir. Viza tartibining soddalashtirilishi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining migratsiya qonunchiligiga to‘laqonli rioya etishini taqozo etadi. O‘zbekiston fuqarolari migratsiya borasida qonunchilik talablariga yetarlicha mas’uliyat bilan yondashayotgani qayd etilgan holatda, albatta, viza tartibini yengillashtirish bo‘yicha qaror qabul qilinishi mumkin. Shuni ham qayd etish joizki, bu ertangi yoki ertadan keyingi kunning masalasi emas. O‘ylaymanki, bunga qadar bir necha yil o‘tadi. Qisqa qilib aytganda, bu ko‘p jihatdan O‘zbekiston fuqarolarining qonunchilikka nechog‘li hurmat ko‘rsatishiga bog‘liqdir», – deb xulosa qildi YeIning mintaqamiz bo‘yicha maxsus vakili.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil 24-oktyabr kuni Bryussel shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (Enhanced Partnership and Cooperation Agreement) imzolashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen yangi bitim O‘zbekiston va YeI fuqarolarining o‘zaro manfaatlari uchun birgalikda ishlashga asos yaratishini urg‘ulagan.
9 ta bo‘lim, 356 ta modda va 14 ta ilovadan iborat bitim ikki tomonlama munosabatlarning deyarli barcha sohalarini qamraydi.
Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi bitim 1996-yilda imzolangan Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim o‘rnini egallaydi.
Eslatib o‘tamiz, yangi bitim loyihasi bo‘yicha muzokaralar 2019-yil fevral oyida boshlanib, 2022-yil iyul oyida yakunlangan. Hujjat 2022-yil 6-iyul kuni Bryussel shahrida parafirlangan edi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter