Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Erdo‘g‘on BMT minbarida keskin savollarni o‘rtaga tashladi

Erdo‘g‘on BMT minbarida keskin savollarni o‘rtaga tashladi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on BMT Bosh assambleyasining 79-sessiyasida dunyo davlatlarini tarixning muhim pallasida haqiqat tomonida bo‘lish va Falastin davlatini tan olishga chaqirdi.

Turkiya rahbari BMT dunyodagi ixtiloflar, xususan, G‘azo sektoridagi xunrezlikning oldini olishda sustkashlik qilayotganini tanqid qilgan.

«BMT Xavfsizlik kengashi nega G‘azodagi qatliomga chek qo‘yish, zulm va zo‘ravonlikni to‘xtatish borasida sustkashlik qilmoqda?! O‘z siyosiy manfaati yo‘lida butun mintaqani urush domiga tortishga urinayotgan ommaviy qotillar guruhini to‘xtatishni paysalga solmoqda?!» – deya savol qo‘ygan Erdo‘g‘on.

Siyosatchi G‘azo sektori Isroil hujumlari oqibatida bolalar va ayollar qabristoniga aylangani, 17 mingdan ziyod bolalar Isroil bomba va o‘qlariga nishon bo‘lganini taassuf ila qayd etgan.

BMT minbarida yangragan nutqda aytilishicha, Isroil armiyasi G‘azo sektoriga qo‘shin kiritgan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon 41 ming falastinlik halok bo‘ldi, 100 ming nafari yaralandi, 10 mingdan ziyod g‘azolik bedarak yo‘qoldi.

Turkiya rahbari G‘azo sektorida so‘nggi bir yil ichida 172 nafar OAV xodimi halok bo‘lganiga ham e’tibor qaratgan.

«Men xalqaro media tuzilmalar vakillaridan so‘ramoqchiman: Isroil jonli efir payti o‘ldirgan, idoralarida tintuv o‘tkazgan jurnalistlar ham sizning hamkasbingiz emasmidi?!» – deya peshqadam OAVni savolga tutgan u.

Erdo‘g‘onga ko‘ra, Tel-Aviv ma’muriyati inson huquqlari talablarini buzgan holda Falastin yerlarida etnik tozalash va genotsid jinoyatlarini sodir etmoqda.

«(G‘azoda) insonlar hayotini qutqarayotgan 500 dan ziyod tibbiy xodim o‘ldirildi. Ochlik va tashnalik domida qolayotgan G‘azo ahliga ko‘makka kelgan BMT va insonparvarlik tashkilotlarining 210 dan ziyod xodimi o‘ldirildi. Urush paytida ham daxlsiz qolishi zarur bo‘lgan 820 ta masjid, 3 ta cherkov yo‘q qilindi. O‘nlab shifoxona va maktablar bombalandi, bemorlarni olib ketayotgan 130 dan ziyod tez yordam mashinasiga hujum uyushtirildi. Ular BMT nizomini ham oyoqosti qilmoqda», – degan Turkiya rahbari.

Ma’lumot o‘rnida, hozirga qadar BMTga a’zo 193 davlatdan 145 tasi Falastinni davlat sifatida tan olgan.

Falastin ayni paytda BMTda doimiy kuzatuvchi davlat maqomiga ega. Bu maqom egasi tashkilotning barcha majlislarida qatnashsa-da, asosiy tuzilmalarda ovoz berish huquqidan mahrumdir.

Joriy yil aprel oyida BMT Xavfsizlik kengashida Falastinning xalqaro tashkilotga to‘laqonli a’zoligi to‘g‘risida rezolyusiya loyihasi yuzasidan ovoz berish o‘tkazilgandi. Xavfsizlik kengashining 12 a’zosi hujjatni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, Buyuk Britaniya va Shveysariya betaraf qolgan. Birgina AQSh veto huquqidan foydalangan holda rezolyusiya loyihasini yo‘qqa chiqargan.

Tahlilchilarga ko‘ra, mustaqil Falastin davlati tuzish g‘oyasiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqayotgan Isroil ma’muriyati BMTga to‘laqonli a’zo bo‘lish yo‘lidagi urinishlarni ham AQSh ko‘magida yo‘qqa chiqarib kelmoqda.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 18 iyul kuni Isroil parlamentida ko‘pchilik ovoz bilan Falastin davlati tashkil etilishini rad etuvchi qaror qabul qilindi.

Knesset qaroriga xalqaro tashkilotlar yetakchilari, jumladan, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish e’tiroz bildirdi. Bosh kotib ta’kidicha, 1967 yilgi chegaralarda, poytaxtlari Quddus bo‘lgan mustaqil, suveren va demokratik ikki davlat mavjudligi mintaqada barqarorlik o‘rnatishning yagona oqilona yo‘li sanaladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring