Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hokimning xohishi kuchlimi yoki qonun talabi?

Hokimning xohishi kuchlimi yoki qonun talabi?

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yilning 28-dekabr kuni Oliy Majlisga qilgan Murojaatida sud-huquq tizimidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, qariyb 25-yil oldin qabul qilingan ko‘plab qonunlarni bugunning talabidan kelib chiqib takomillashtirish zarurligiga alohida e’tibor qaratgani bejiz emas.  Bundan tashqari, sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash ham dolzarb masalalar sirasiga kirishi qayd etildi.

Mamlakatimizda ayni yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar sabab jamiyatda ijobiy o‘zgarishlar yuz berayotgani ham haqiqat. Ammo, besh barmoq barobar bo‘lmaganidek, joylarda oqilona siyosat mohiyatini tushunmayotgan mansabdorlar hali-hamon saqlanib qolayotgani taraqqiyotga tushov yanglig‘ ko‘zga tashlanaverar ekan. Jumladan, Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida saylov qonunchiligini buzish bilan bog‘liq holatlar yuz bergani, bunga mutasaddilarning o‘zi bosh-qosh bo‘layotgani dilni xira qiladi...

Oliy sud qarori O‘rtachirchiqda bajarilmadi

Avvalo, tumanning nomini to‘g‘ri yozish masalasiga ikki og‘iz to‘xtalmoq joiz. Mazkur atama sud hujjatlarida «O‘rtachirchiq» tarzida, tumanning rasmiy xat(blanka)larida «O‘rta Chirchiq» shaklida bayon etilgan. Qaysi to‘g‘ri? Maqolada qay birini qo‘llasak o‘quvchi oldida mulzam bo‘lmaymiz? Sud baribir sudda, deya sud hujjatlaridagisini tanladik.

2018-yilning 15-aprel kuni xalq deputatlari O‘rtachirchiq tuman Kengashidagi bo‘shab qolgan o‘rinlarga saylov o‘tkaziladi. 8-saylov okrugida «O‘zLiDeP»dan Sobirjon Ergashev, XDPdan Narimon Xaitqulov, «Adolat» va «Milliy tiklanish» DPlardan Qurbonbibi Atakulova va Ibrohimjon Iminovlarning nomzodi qo‘yiladi. Tuman saylov komissiyasining 2018-yil 15-apreldagi 7-sonli qarorining 1.2-bandida Sobirjon Ergashev deputat etib saylangani e’tirof qilingan.

O‘zbekiston Respublikasining «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risda»gi qonunning 46-moddasiga asosan saylangan deputatlar ro‘yxati tuman saylov komissiyasi tomonidan alifbo tartibida deputatlarning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan yili, partiyaga mansubligini, egallab turgan lavozimi, saylov okrugining tartib raqami va nomi ko‘rsatilgan holda matbuotda e’lon qilingan («Mash’al» gazetasi, 2018-yil, 20-aprel). Ushbu ro‘yxatda Sobirjon Ergashev ham ko‘rsatilgan.

Intiq kutayotganingiz ajab hangomalar shundan so‘ng boshlanadi. XDP tuman kengashi raisi Egamberdi Ernazarov saylov paytida amaldagi qonunchilik buzilganini da’vo qilib, O‘rtachirchiq tuman ma’muriy sudiga ariza beradi. Mazkur sudning 2018-yil 21-apreldagi hal qiluv qaroriga asosan shikoyat qanoatlantirilib, 8-okrug saylov komissiyasining ovoz berish natijalari bo‘yicha bayonlari haqiqiy emas, deb topiladi. Toshkent viloyat ma’muriy sudi apellyasiya instansiyasi 2018-yilning 3-may kuni tuman ma’muriy sudining hal qiluv qarorini o‘z kuchida qoldiradi.

8-okrug saylov komissiyasi raisi G.Mengliboyevaning nazorat tartibidagi shikoyatini ko‘rib chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining 2018-yil 30-iyuldagi 7-467-18-sonli qaroriga ko‘ra, ham tuman, ham viloyat sudlarining qarorlari bekor qilinadi. Ish yangitdan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuboriladi.

Toshkent tuman ma’muriy sudining 2018-yil 10-sentyabrdagi ajrimiga ko‘ra, XDP tuman kengashi raisi Egamberdi Ernazarovning mansabdor shaxsning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yozgan shikoyat arizasi ko‘rmasdan qoldiriladi.

Shundan so‘ng, tuman saylov komissiyasi raisi Tolib Hakimov yuqoridagi sud hujjatlarini asos qilgan holda 2018-yilning 26-sentyabrida 8-saylov okrugidan Sobirjon Ergashev Xalq deputatlari O‘rtachirchiq tumani kengashi deputati etib ro‘yxatga olingani xususida yana qaror chiqaradi. Xalq deputatlari O‘rtachirchiq tumani kengashidan ushbu qarorni navbatdagi sessiyada tasdiqlab berishni so‘raydi. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu qaror saylov natijalari bo‘yicha birlamchi, hal qiluvchi kuchga ega hujjat sanaladi.

Lekin O‘rtachirchiqdagi mansabdoru mutasaddilar to‘rt oydan beri bu qaror ijrosini turli bahonalarni ro‘kach qilib bajarishmayapti. Nega shunday qilyapsizlar, nima uchun Sobirjon Ergashevni belgilangan tartibda ro‘yxatga olib, uning guvohnoma va ko‘krak nishonini bermayapsizlar, deb surishtiradigan mard topilmayapti. Tolib Hakimov «koptok»ni tuman hokimi, xalq deputatlari mahalliy Kengashi raisi Olimjon Nurmatovga, u kishi esa tashkiliy-nazorat guruhi rahbari O‘ktam Allayevga oshirish bilan band. Abjag‘i chiqqan «koptok»ning oraliqdagi paytlar XDP tuman kengashi raisi Egamberdi Ernazarovning qo‘lida turib qolishining sabablari xususida turli taxminlarni ilgari surishdan yiroqmiz.

Beixtiyor o‘ylab qolasan kishi: hokim xohishi kuchlimi yoki qonun talabi? Shunday paytda Prezidentimiz joylardagi ayrim amaldorlarning o‘zibo‘larchiligi va korrupsiya balosi haqida bejiz yonib-kuymayotganini qalbdan his qila boshlaysiz.

Fakt shuki, o‘sha saylov 2018-yilning bahorida bo‘lgandi. Mana, 2019-yilning ko‘klamiga ham ko‘p qolmadi. Biroq natija ko‘rinmaydi. Shu muddatning ikki oyini «o‘g‘irlagan» Oliy sudda ham masalaga nuqta qo‘yilmadi. Ham tuman, ham viloyatda mavjud hujjatlarni obdon o‘rgangan Oliy sud sudyasi Sh.Saidov, Prezidentimiz kuyunayotganidek, butun mas’uliyatni zimmasiga olib, «Qaror qat’iy, shikoyatga o‘rin yo‘q» tarzida adolat bolg‘asini barcha eshitgudek qattiqroq taqillatsa bo‘lmasmidi!?

Sarson o‘zing, sargardon o‘zing...

O‘zi tajribali huquqshunos bo‘laturib Sobirjon Ergashev o‘sha «ish»ning yangitdan ko‘rilishi uchun qaysi tumanga berilgani haqida hech qayerdan ma’lumot ololmagani har qanday aqli raso odamni taajjubga soladi. Viloyatdagi quyi instansiya ma’muriy sudlarini birin-ketin aylanib chiqadi. Oxiri Toshkent tuman ma’muriy sudiga berilganini biladi.

Eng qizig‘i, XDP tuman kengashi raisi Egamberdi Ernazarovning Oliy sud qaroridan keyin ham, ya’ni 2018-yilning 6-oktyabrida shu ishni avval ko‘rgan O‘rtachirchiq tuman ma’muriy sudiga ayni shikoyat bilan qayta murojaat yo‘llashi va sud uni qabul qilishi mantiqsizlik ekanini huquqshunos bo‘lmaganlar ham tushunadi-ku, axir! Tolib Hakimov esa go‘yo bilmaydi. Shuning uchun ham Sobirjon Ergashevga hamon guvohnoma va ko‘krak nishonini topshirmayapti.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida»gi qonunining 47-moddasiga asosan deputatning guvohnomasi va ko‘krak nishoni tuman saylov komissiyasi tomonidan beriladi. Tolib Hakimovdan nima uchun o‘z vazifasini oxirigacha bajarmaganini so‘raganimizda guvohnoma va ko‘krak nishonini qayerdan olishini bilmayotganini aytdi. Tilga olinayotgan qonunning 9-moddasiga asosan Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi saylov komissiyalarining faoliyatini uslubiy jihatdan ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

Tolib Hakimov MSK mas’ul xodimiga ham murojaat qilgan ekan, avval qayerdan olgan bo‘lsangiz shu yerdan oling, deyishibdi. Na iloj, kichik shaharlarda ham katta hangomalar bo‘lib turar ekan-da!?

Endi savol tug‘iladi: janob Ernazarov bunchalik qattiq turib ilgari surayotgan (aslida himoya qilayotgan) nomzod – XDP a’zosi kim o‘zi? Xaitqulov Narimon Mamatovich: 1960-yili O‘rtachirchiq tumanida tug‘ilgan. Rahbarlik lavozimida ishlash tajribasiga ega: 2007-2011-yillarda Yangiyo‘l tumaniga hokimlik qilgan. Toshkent viloyat sudining 2011-yil 27-dekabrdagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bo‘yicha aylanib, 13 yilga (!) ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. N.Xaitqulovning muddatidan oldin qachon ozodlikka chiqqani, oqlangan yoki oqlanmagani xususida ma’lumot topishning umuman imkoni bo‘lmadi.

Navbatdagi savol bilan tuman saylov komissiyasi raisi Tolib Hakimovga yuzlandim: bunday shaxsni deputatlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olishingiz mumkinmidi? Mujmal javobdan o‘zingiz xulosa chiqaring: «Men uning sudlanganini bilmasdim. Buni tekshirib ko‘rish imkoniyatim ham yo‘q edi»...

O‘zbekiston Respublikasi «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risda»ni qonunining 23-moddasiga asosan sodir etgan og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyati uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar deputatlikka nomzod etib ro‘yxatga olinmaydi.

Qaror qat’iy, shikoyatga o‘rin yo‘q

Do‘ppini oli-i-b, obdon o‘ylasam, 23 yillik jurnalistik faoliyatim davomida eng KAM eshitganim shu GAP bo‘libdi. Misli qahat – defitsit! Agar ahvol shunday davom etsa, yaqin kelajakda anqoning urug‘iga tenglashish ehtimoli ancha yuqori. 10-15 yilni qo‘yavering, 2-3 yil avvalgi vaziyat bilan bugungi shiddatli o‘zgarishlar o‘rtasida yeru osmoncha farq borligini izohlash shart emas. Sud-huquq sohasidagi jiddiy islohotlar, ayniqsa, sudyalarning amalda mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha ancha ishlar qilingani, ularning ishiga aralashgan har qanday shaxs javobgarlikka tortilishi belgilangach ham bu boradagi ahvol o‘nglanishi juda qiyin kechayotir.

Davlatimiz rahbari sud organlari xodimlari bilan uchrashuvda (2017 yil 13 iyun) alohida ta’kidlaganidek, asosiy vazifasi va burchi oqni – oqqa, qorani – qoraga ajratish, adolatni himoya qilishdan iborat bo‘lgan sudya qonunga, o‘z kasbiga xiyonat qilsa, odamlar dodini kimga aytadi? Ayrim sudyalar joylardagi ba’zi bir mansabdorlar bilan munosabatni buzmaslik haqida ko‘proq o‘ylashi, «o‘yin» qilib yurishi hech kimga sir emas. Nahotki, O‘rtachirchiq tuman va Toshkent viloyat ma’muriy sudidagilar bu da’vatdan o‘ziga xulosa chiqarmagan bo‘lsa?

Qonunchilikda belgilangan tartibda yashirin ovoz berish yo‘li bilan mahalliy kengash deputatligiga saylangan, lekin qariyb bir yildan buyon tegishli tartibda ro‘yxatga olinmayotgan, guvohnoma va ko‘krak nishonini tushida ko‘rayotgan tajribali huquqshunosning arzini bevosita eshitsangiz bormi, beixtiyor «Eh-he», devorasiz. Rost-da, quyi sudlar va mahalliy hokimiyat mutasaddilari tartib-qoidalarni yoddan biladigan yuristni shunchalik ovora, sarsonu sargardon qilayotgan bo‘lsa, huquqiy bilimlari sayoz kishilarning kosasi oqarmasligi ikki karra ikki to‘rtdek ayon?! Inson omili birinchi o‘ringa chiqqan joylarda «to‘rt» kuppa-kunduzi «besh»ga aylanganini ko‘rganlar qancha!?

Hokim muxbirni aldadi

Shuncha yildan beri jurnalist sifatida ishlayotgan bo‘lsam-da, baribir soddaligimcha qolaverarkanman, chog‘i. Yosh boladay aldanganimni o‘zgacha ta’riflash mushkul. Indallosini aytganda, O‘rtachirchiqqa borishim Yurtboshimiz ta’biridagi «o‘yin»chilarning mug‘ombirona kulishini ko‘rish, ularga qo‘shilib majburan jilmayishdan boshqa naf keltirmadi.

Sobirjon Ergashev masalasi nima uchun shuncha vaqtdan beri sessiya kun tartibiga kiritilmayotganini aniqlash niyatida Xalq deputatlari O‘rtachirchiq tuman Kengashi raisi, tuman hokimi Olimjon Nurmatov bilan uchrashdim. Hokimga tuman saylov komissiyasi raisining 2018 yil 26 sentyabrda yo‘llagan xatini, ya’ni Sobirjon Ergashevni tuman kengashi sessiyasida belgilangan tartibda tasdiqlanishi so‘ralgan hujjatni ko‘rsatdim. Kengash raisi sifatida og‘zaki yoki yozma munosabat bildirishini so‘radim. Hokim yordamchisiga topshiriq berdi: «Partiyalarni, saylov komissiyasini, orgotdelni chaqir, bu masalani oxiriga yetkazishimiz kerak».

Tashkiliy-nazorat guruhi rahbari O‘ktam Allayev yo‘q ekan. Muhokama kechga qoldirildi. Vaholanki, men u bilan shu vaqtda uchrashishga avvaldan ikki marta telefonda kelishgan edim. Demak, O‘.Allayev yolg‘on gapirgan, muxbir degani kutib-kutib ketishini bilgan.

XDPdan deputat etib saylangan hokim, saylov komissiyasining qarorini bajarmayotgan Olimjon Nurmatov esa mening telefon raqamimni olib, muhokama xulosasini yetkazishga va’da berdi. Ertasi kuni o‘zi telefon qilib, tashkiliy-nazorat guruhi tegishli hujjatlarni taqdim etishini yana bir bor eslatdi.

Yo‘q, O‘.Allayevdan ham, tegishli hujjatdan ham darak bo‘lmadi...

Mandatini ko‘rmasdan muddati tugayotgan deputat

Xabaringiz bor, joriy yil oxirida vakillik organlariga navbatdagi saylovlar bo‘lib o‘tadi. Amaldagi deputatlarning vakolat muddatlari nihoyasiga yetadi. «O‘zLiDeP»dan xalq deputatlari tuman Kengashiga saylangan Sobirjon Ergashevning vakolati esa o‘z mandatini ko‘rmasdan tugab boryapti. Tug‘ilmasdan bo‘g‘ildi, deganlari shu bo‘lsa kerak-da. Ayting-ayting, sudlaru mahalliy mutasaddilar yakuniy qarorlarini hozirgi deputatlarning faoliyati poyoniga yetgandan so‘ng chiqarishmasa go‘rga edi.

Kimga qiyin – elektoratga qiyin. O‘zi saylagan deputatning 2018-yilning aprelidan 2019-yilning oxirigacha tasdiqlanganini ko‘rmasa-ya? Saylov komissiyasi yoxud kuzatuvchilar qaysidir taomilga to‘liq amal qilmagan bo‘lsa, saylovchining aybi nimada? 8-saylov okrugi deputatsiz qolib ketaveradimi? Bunaqada odamlarda nainki siyosiy partiyalar, ayni paytda sud va ijroiya hokimiyatiga ham ishonchi qolmaydi. Navbatdagi saylovlarga, ayrim xorijiy davlatlarda bo‘lganidek, saylovchilarning yarmi ham saylov uchastkalariga kelmaydi. Yuring qo‘shni, saylovga chiqamiz desa, e qo‘ying, biz kimga ovoz berganimiz bilan o‘zlariga ma’qul kelganini o‘tkazishadi, deyishmaydimi? Esingizdami, avvalgi saylovda Sobirjon Ergashevni saylagandik, g‘olib chiqqan bo‘lsayam baribir o‘tkazishmadi-ku, deya hafsalasi pir bo‘lmaydimi?

Yo‘g‘-e, xudo ko‘rsatmasin, Oliy sud va Markaziy saylov komissiyasi rahbariyati bunga yo‘l qo‘ymasligi darkor. Ne bo‘lganda ham mazkur idoralardan ushbu maqolada tilga olingan holatlar bo‘yicha jo‘yaliroq javob kutishga haqlimiz.

Ozod Rajabov, jurnalist

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring