Huquqshunos O‘zbekiston haqida «qasddan uyushtirilgan axborot manipulyasiyasi”ni fosh qildi
Huquqshunos Zarnigor Omonillayeva Rossiyaning katta auditoriyaga ega «Lenta.ru” sayti muxbiri tomonidan yozilgan maqolada axborot atayin soxtalashtirilgani holatiga e’tibor qaratdi.
Joriy 27 avgust kuni Sankt-Peterburg sudlari birlashgan matbuot xizmati Sankt-Peterburg shahri Kuybishev tumani sudi Tojikiston fuqarosi Amin K.ga nisbatan ma’muriy ishni ko‘rib chiqqani haqida xabar bergan. Xabarda Tojikiston fuqarosida odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV) aniqlangani haqida so‘z boradi.
«Lenta.ru» saytida 28 avgust kuni chop etilgan materialda esa o‘zbekistonlik migrantda OIV aniqlangani tufayli u Rossiyadan deportatsiya qilingani haqida yozilgan. Qiziq jihati, O‘zbekiston nomi umuman zikr qilinmagani holda tojikistonlik fuqaro o‘zbekistonlikka aylantirilgan.
«Bu qasddan axborot bilan manipulyasiya qilish sanaladi. Ya’ni shu xabarni yozgan odam noma’lum maqsadlari uchun qasddan axborotni yolg‘on, noto‘g‘ri va buzib ommaga yetkazgan. OAV axborot bilan manipulyasiya qilishiga sabablar orasida:
- tijoriy manfaat (homiy, reklama beruvchilarning talablariga moslashish);
- siyosiy manfaat (ba’zi OAV ma’lum siyosiy partiyalar yoki harakatlar bilan aloqador bo‘lishi mumkin. Bunday holatda axborotni buzib ko‘rsatish siyosiy kun tartibini ilgari surish, jamoatchilik fikrini boshqarish yoki raqiblarni obro‘sizlantirish uchun qo‘llanadi);
- ideologik moyillik (jurnalistlar yoki muharrirlarning ham o‘z qarashlari bor, shu qarashlar ishga ta’sir ko‘rsatishi mumkin, masalan, shu xabarni yozgan odamni biror o‘zbek aldab qo‘ygan bo‘lsa, vaziyatdan foydalanib shunday yozib qo‘ygan kabilar bor. Bekordan bekorga qilinmaydi bu ish», – deb yozadi huquqshunos Zarnigor Omonillayeva.
Qayd etilishicha, axborot manipulyasiyasi jamoatchilik fikriga ta’sir o‘tkazish, ommada ba’zi guruhlar, millatlar yoki holatlar haqida kerakli tasavvurni shakllantirish, auditoriyada ma’lum bir reaksiya (javob) yaratish uchun qilinadi. Shunga ko‘ra, huquqshunos axborot gigiyenasi zarurligini urg‘ulagan.
«Agar biz aqlli bo‘lmasak, ruhiy salomatligimiz ham aziyat chekadi. O‘zimiz ham adekvatlikni yo‘qotamiz. Bizga ruxsatimizsiz berilayotgan «o‘yin»ni ularning «qoidalari»ga ko‘ra o‘ynashga kirishib ketib qolamiz... Bu mavzuning yana bir og‘riqli tomoni bor. O‘zbek segmentidagi OAV, yangilik tarqatuvchilari ham rus tilidagi xabarlarni tarjima qilib, katta auditoriyaga tarqatadi. Ya’ni o‘zbek yangiliklari rusiyzabon medianing makonida shakllanib boradi. Shu ma’lumotni ham qaysidir tarjimon o‘zbekistonlik OIV bilan Rossiyadan deportatsiya qilindi, deb tarqatgan bo‘lishi mumkin. Shu uchun ham axborot gigiyenasiga rioya qilish o‘ta zarur», – deydi ekspert.
Axborot gigiyenasi esa ovqat tanovulidan oldin qo‘lni yuvishga o‘xshatilgan.
«Agar biror xabar sizni hissiyotlarga olib chiqqan bo‘lsa, unda manbasini tekshirishingiz kerak. Masalan, biror xabar jahlingizni chiqardi yoki kayfiyatingizni tushirib yubordi yoki juda-juda xursand qilib yubordi. Unda shu xabarning rasmiy manbasini topishingiz kerak. Topasiz, o‘qiysiz, solishtirasiz va xulosa qilasiz. Shu axborot gigiyenasi. Qo‘lni yuvib, ovqat tanovul qilgandek, ishonishdan avval axborotni «yuvib», tozalab olasiz», – deb xulosa qiladi huquqshunos Z.Omonillayeva.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter