Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Issiqlik ta’minoti, tariflar va kompensatsiyalar: aholini nimalar kutmoqda?

Issiqlik ta’minoti, tariflar va kompensatsiyalar: aholini nimalar kutmoqda?

Foto: Xabar.uz

«Qisqa muddatli moddiy yordam bilan birga, oilalarning kelgusidagi energiya xarajatlarini kamaytirish ham ko‘zda tutilgan. «Og‘ir» toifadagi mahallalarda davlat ta’minotidagi oilalarning 3 mingta xonadonni issiqlikni saqlovchi materiallar bilan izolyasiya qilish, energiya tejamkor deraza va eshiklar, quyosh panellari hamda geliokollektorlar o‘rnatish rejalashtirilgan.  

Bunga amaliy misol sifatida 2025-yilda Guliston shahrining «Obod yurt» mahallasidagi bir xonadonda 10 kVt quvvatli quyosh paneli va geliokollektor o‘rnatilganini keltirish mumkin. Natijada xonadon elektr energiyasidan oyiga o‘rtacha 2 mln so‘mgacha qo‘shimcha daromad olayotgani, gaz iste’moli esa ikki baravar kamaygani qayd etilgan».

Kecha OAV uchun Kontent tayyorlash markazida Energetika vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qurilish vazirligi, «Issiqlikta’minot» AJ hamda «Hududgazta’minot» AJ mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida nafaqat energiya tariflarini isloh qilish, aholining ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari balki energiya resurslaridan tejamkor foydalanishga qaratilgan takliflar, tajribalar haqida ham ma’lumot berildi.

Islohotlar nimani ko‘zlaydi?

Energiya va kommunal xizmatlar sohasidagi islohotlar resurslarni barqaror yetkazib berish, tarmoqlarni modernizatsiya qilish va tizimning moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan. Shu bilan birga, tariflar o‘zgarishining aholiga ta’sirini yumshatish uchun ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ham taklif etilmoqda.

Shuningdek, suyultirilgan gaz ta’minotiga xususiy sektorni jalb qilish, raqobat muhitini shakllantirish va kross-subsidiyalash amaliyoti bosqichma-bosqich bekor qilinadi.

Elektr energiyasi uchun yangi me’yor taklif etilmoqda

Isitish mavsumida tabiiy gaz bilan ta’minlanmagan hududlarda elektr energiyasining oylik bazaviy me’yorini amaldagi 200 kVt/soatdan 350 kVt/soatgacha oshirish taklif qilinmoqda. Bunda 201–350 kVt/soat oralig‘idagi iste’mol uchun har bir kilovatt-soat elektr energiyasi amaldagi 900 so‘m o‘rniga 650 so‘mdan hisoblanadi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, oyiga 300 kVt/soat elektr energiyasi iste’mol qiladigan xonadon 25 ming so‘m, 350 kVt/soat iste’mol qiladigan xonadon esa 37,5 ming so‘m tejash imkoniga ega bo‘ladi.

Aholi uchun isitish va issiq suv tariflarini 2026-yil 1 noyabrdan respublika bo‘yicha 30 foizga oshirish taklif etilmoqda. Shu bilan birga, tariflar o‘zgarganidan keyin ham xizmatlar tannarxi bilan aholi uchun belgilangan tariflar o‘rtasidagi farq qariyb to‘rt baravar bo‘lib qolishi kutilmoqda.

Kimlarga 1 million so‘m yordam beriladi?

2026–2027-yilgi isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga bir martalik 1 million so‘mdan moddiy yordam ajratish rejalashtirilgan.

Mazkur yordam Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalardan tashqari, belgilangan daromad mezonlariga mos keladigan boshqa oilalarni ham qamrab olishi mumkin.

 Kompensatsiya muddati uzaytiriladimi?

Elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli belgilangan bazaviy me’yordan oshganda beriladigan kompensatsiya muddatini 2028-yil 1 aprelgacha uzaytirish taklif etilmoqda.

Daromad mezonlarini kengaytirish orqali qo‘shimcha 166 ming oilani qo‘llab-quvvatlash, avvaldan yordam olayotgan 470 ming oilaga esa kompensatsiya to‘lovlarini yana bir yil davomida uzaytirish rejalashtirilgan.

 Suyultirilgan gaz kimlar uchun arzonlashadi?

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga oyiga 20 kilogrammgacha suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun 3 ming so‘mdan kompensatsiya to‘lash taklif qilinmoqda. Ushbu mexanizm amalga oshirilsa, belgilangan me’yor doirasida oilalarning suyultirilgan gaz uchun xarajati bir kilogrammga 2 ming so‘m darajasida saqlanadi.

 Uylarni isitish uchun qancha mablag‘ ajratiladi?

«Og‘ir» toifadagi mahallalarda davlat ta’minotidagi oilalarning 3 mingta xonadonini  «energiya tejamkor» qilish rejalashtirilmoqda. Buning uchun uylarni issiqlikni saqlovchi materiallar bilan izolyasiyalash, energiyani tejaydigan deraza va eshiklar, quyosh panellari hamda geliokollektorlar o‘rnatish maqsadga muvofiq.

Kommunal to‘lovlar uchun kimlarga yordam beriladi?

Yoqilg‘i va kommunal xarajatlarni qoplash uchun beriladigan yordam oluvchilar doirasini kengaytirish ham taklif etilmoqda. Bunda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar bilan bir qatorda, belgilangan daromad mezonlariga mos keladigan boshqa oilalarni ham qamrab olish nazarda tutilgan.

«Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi orqali kommunal xarajatlarni qoplash uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) bir baravarigacha, kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlikni qoplash uchun esa besh baravarigacha yordam ko‘rsatish mexanizmlari mavjud.

Shuningdek, ko‘mir va boshqa yoqilg‘i xarajatlari uchun BHMning ikki baravarigacha, gazlashtirilmagan hududlarda esa uch baravarigacha yordam berilishi mumkin.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring