Mahmud Abbos Falastinning g‘alaba qozonishi shartini aytdi
Falastin prezidenti Mahmud Abbos 15 avgust kuni Turkiya Buyuk Millat majlisida qilgan ma’ruzasida Isroilning bosqinchilik siyosatini keskin qoraladi.
«Falastin xalqi o‘z haq-huquqlarini himoya qilishda sobitdir. Biz o‘z yerlarimizni aslo tark etmaymiz. Falastin xalqi bosqinchilarni quvib chiqaradi. Bosqinchilar mag‘lubiyatga uchrashi muqarrar. Falastin albatta ozod bo‘ladi!» – dedi Mahmud Abbos.
Notiq Falastindagi barcha siyosiy partiyalar hamda harakatlar birlashuvi lozimligini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Falastin g‘alabasining asosiy sharti milliy birlikdir.
Ayni paytda Falastin yerlari – G‘arbiy Sohil, G‘azo sektori hamda Sharqiy Quddus Isroil okkupatsiyasi ostida ekani ma’lum. Tel-Aviv xalqaro kelishuv hamda BMT rezolyusiyalariga qarshi borib, Falastin davlati ta’sis etilishiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqmoqda. Xususan, joriy yil 18 iyul kuni Isroil parlamentida ko‘pchilik ovoz bilan Falastin davlati tashkil etilishini rad etuvchi qaror qabul qilindi. Knesset qaroriga BMT hamda Yevropa Ittifoqi keskin e’tiroz bildirdi.
Mahmud Abbos o‘z nutqida Isroilning Falastin davlati tuzilishiga qarshi harakatlariga ma’lum ma’noda javob qaytardi.
«Biz poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan Falastin davlatini har qancha tovon to‘lab bo‘lsa-da albatta tuzamiz. Qancha og‘ir tovon to‘lashimizdan qat’i nazar, buni amalga oshirmay qo‘ymaymiz. Baralla aytamizki, G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil va Sharqiy Quddus mustaqil Falastin davlati tarkibiga kiruvchi ajralmas jug‘rofiy yaxlitlikdir», – deb ta’kidladi u.
M.Abbos falastinliklarni o‘ldirayotganlar jazosiz qolmasligi, har qancha og‘ir bo‘lmasin Falastin yerlari boshqa birovga berilmasligini urg‘uladi.
«Biz Falastinning bir qarich ham yerini birovga berib qo‘ymaymiz. Falastinga tegishli birgina toshni qurbon qilmoqchi bo‘lganlar bizdan emas», – dedi siyosatchi.
M.Abbos o‘z chiqishida Falastinni faol qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Turkiya prezidenti va xalqiga minnatdorlik bildirdi.
Falastin rahbarining Turkiya Buyuk Millat majlisidagi 46 daqiqalik nutqi davomida deputatlar uni olqishlar va qarsaklar bilan qo‘llab-quvvatlab turdi.
1 oktyabrga qadar ta’tilda bo‘lgan Turkiya parlamenti a’zolari Falastin prezidentining nutqi munosabati bilan navbatdan tashqari majlisga yig‘ildi.
Eslatib o‘tamiz, 24 iyul kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh Kongressida ma’ruza qilib, G‘azo sektoridagi qatliomlarni oqlashga uringan edi. Ko‘p sonli AQSh qonunchilari Isroil bosh vazirini ochiq dastaklagan bo‘lsa, yana boshqa guruh siyosatchilar uning chiqishini boykot qilgan.
Tahlilchilarga ko‘ra, Abbosning Turkiya parlamentida nutq so‘zlashi Netanyahuning AQSh Kongressidagi chiqishiga o‘ziga xos javob sanaladi.
Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon 40 mingdan ziyod falastinlik (hudud aholisining 1,8 foizi) halok bo‘ldi. Ularning kamida 16 ming nafari bolalardir.
«The Lancet» jurnali ma’lumotlariga qaraganda esa, so‘nggi 9 oy davomida halok bo‘lgan falastinliklar soni 186 ming kishidan ortadi.
Xalqaro hamjamiyat G‘azo sektorida urushni to‘xtatish va tomonlarni o‘zaro sulh tuzishga chaqirmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter