Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Mudofaa doktrinasi. Yangi qonun nimasi bilan ahamiyatli?

Mudofaa doktrinasi. Yangi qonun nimasi bilan ahamiyatli?

Senatorlar Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida

Foto: «Senat.uz»

2017-yil 20-dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n uchinchi yalpi majlisi ochildi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar.

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi N.Yo‘ldoshev boshqardi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar berdi.

Senatorlar «O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqdilar. Mudofaa doktrinasi 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab qo‘yilgan vazifalarni ijro etish doirasida tayyorlanmoqda.

Mazkur doktrina harbiy sohadagi milliy xavfsizlikni ta’minlashga doir rasmiy qarashlar, prinsiplar va yondashuvlar tizimini o‘zida ifodalab, respublikaning qonun hujjatlariga va xalqaro huquq normalariga asoslanadi, mamlakatning milliy manfaatlaridan, jahondagi va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyatdan, hozirda yuz berayotgan harbiy nizolar xususiyatidan kelib chiqadi, shuningdek, mudofaa sohasidagi davlat siyosatining istiqboldagi ustuvorliklarini, Qurolli Kuchlarni tayyorlash, tashkil etish va qo‘llash asosiy prinsiplarini hamda yo‘nalishlarini belgilab beradi.

Shuningdek, harbiy sohada milliy xavfsizlikka tahdidlar ko‘lami o‘zgarishiga, harbiy-siyosiy vaziyat shart-sharoitlariga hamda hozirgi harbiy nizolar xususiyatiga, mamlakatning harbiy tuzilmani rivojlantirish vazifalari va yo‘nalishlariga qarab Mudofaa doktrinasining ayrim qoidalariga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda aniqlik kiritilishi va to‘ldirilishi mumkin. Bunda harbiy xavfsizlikni ta’minlash sohasidagi davlat faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni tomonidan aniqlashtiriladi.

Mudofaa doktrinasi ochiq xususiyatga ega, bu esa shunga o‘xshash konseptual hujjatlar qabul qilish borasidagi chet el tajribasiga mos keladi. Hujjat O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiqligi, yaqin qo‘shnilar bilan amaliy munosabatlarni rivojlantirish ustunligini mustahkamlaydi va rivojlantiradi, shuningdek, mamlakatimiz mudofaa siyosatining shaffofligini ta’minlaydi, xavfsizlik va mudofaa sohasida boshqa chet davlatlar bilan samarali harbiy-siyosiy munosabatlar va hamkorlik qilish uchun tashkiliy-huquqiy sharoitlar yaratadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring