O‘zbekiston shaxmat olimpiadasida AQShni mag‘lub etdi
Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan Butunjahon shaxmat Olimpiadasida 9-tur uchrashuvlarida O‘zbekiston g‘alaba qozondi.
O‘zbekiston erkaklar asosiy jamoasi turnir favoritlaridan biri bo‘lgan AQSh ustidan g‘alabaga erishdi.
Dastlab 4-doskada dona surgan Muhiddin Madaminov kuchli raqib Levon Aroyan bilan durang o‘ynadi (u o‘tgan turda yutqazib qo‘ygan Shamsiddin Vohidov o‘rnini egallagandi).
Shundan keyin Nodirbek Abdusattorov jahon reytingida uchinchi o‘rinda turuvchi Fabiano Kuruanani taslim bo‘lishga majbur etdi.
Ammo Javohir Sindarov yana bir nomdor shaxmatchi Uesli So bilan o‘yinda qiyin vaziyatga tushib qoldi va yakunda bu vaziyatdan chiqib keta olmadi va umumiy hisob tenglashdi: 1,5-1,5.
Shundan keyin o‘zbekistonlik shaxmat ishqibozlar bor e’tiborini Nodirbek Yoqubboyevning o‘yiniga qaratishdi. O‘tgan turda yutqazib qo‘ygan ushbu shaxmatchi esa bu safar ishonchni oqladi va Hans Nimannga qarshi kechgan o‘ta qiyin bahsda g‘alabani o‘z tomoniga og‘dira oldi va yakuniy hisob quyidagicha ko‘rinish oldi: 2,5-1,5.
Endi O‘zbekiston asosiy jamoasi 9 turdan keyin 16 ochko bilan turnir jadvalida peshqadamligini davom ettirmoqda. Avvalgi turda O‘zbekiston Germaniyaga mag‘lub bo‘lgandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter