Prezident qarori: kasb-hunar ta’limi bo‘yicha yangi markaz tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 3-fevral kuni «O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida» qarorni imzoladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-yanvardagi «Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonini ijro etish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi tashkil etiladi.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilandi:
— tasarrufida kasb-hunar kollejlari bo‘lgan vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalar bilan birgalikda kasb-hunar ta’limi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatli dasturlarni hayotga tatbiq etish va kasb-hunar kollejlarida o‘quv-tarbiya jarayoniga tashkiliy va metodik rahbarlik qilishni ta’minlash;
— ish beruvchilarning ehtiyojlari va takliflaridan hamda ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, shuningdek, iqtisodiyotning real sektoridagi tarkibiy o‘zgarishlarni hisobga olib kasb-hunar kollejlarida o‘rta bo‘g‘inning mehnat bozorida talab etilgan mutaxassislarini tayyorlashning o‘quv rejalari va dasturlari ishlab chiqilishini tashkil etish;
— yuqori professional rahbarlar va pedagog kadrlarni tanlash hamda ular bilan kasb-hunar kollejlarini ta’minlash, ularning malakasi va kasbiy darajasini muntazam ravishda oshirish, shuningdek, ular mehnatini rag‘batlantirish ishlarini tizimli asosda ta’minlash;
— tizimning rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlashning yangi shakllari va usullarini joriy etish;
— respublikadagi barcha kasb-hunar kollejlari o‘quv-metodik ishini ularning idoraviy mansubligidan qat’i nazar, muvofiqlashtirish;
— kasb-hunar kollejlarida ta’lim sifatini oshirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, ta’lim jarayonini doimiy ravishda takomillashtirish;
— umumta’lim maktablari 10-11-sinf o‘quvchilarining kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida kasb-hunar ta’limi jarayonini muvofiqlashtirish va metodik ta’minlash.
Markaz O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha uning huquqiy vorisi hisoblanadi.
Markazning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘ladi.
Markazga direktor — O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari rahbarlik qiladi.
Markaz direktori O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining taqdimnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Markaz direktori O‘zbekiston Respublikasi kasb-hunar ta’limi tizimi sifatli va samarali tashkil etilishi, normativ-huquqiy boshqarilishi, unga yuklangan vazifalar to‘laqonli va o‘z vaqtida bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
Shuningdek, san’at, madaniyat va olimpiya zaxiralari kasb-hunar kollejlari (kollejlari) bitiruvchilariga davlat namunasidagi diplom beriladigan ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari va maktab-internatlariga, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlariga aylantiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Markaz va Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda tugatiladigan va qayta tashkil etiladigan kasb-hunar kollejlari xodimlarini ishga joylashtirishda yordam beradi.
Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S.Qosimov zimmasiga yuklandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter