Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Shaxmatchilarga 200 ming dollargacha mukofot beriladi

Shaxmatchilarga 200 ming dollargacha mukofot beriladi

O‘zbekistonda xalqaro shaxmat musobaqalarida yuqori natijalar qayd etayotgan sportchilar va ularni tayyorlayotgan murabbiylarni rag‘batlantirishning yangi tartibi belgilandi. Prezidentning 2026-yil 21-sentyabrdagi PQ–346-son qarori bilan nufuzli xalqaro shaxmat musobaqalari g‘olib va sovrindorlari hamda ularning trenerlariga beriladigan bir martalik pul mukofotlari miqdori oshirildi. Hujjat 23-sentyabrdan kuchga kirgan.

Yangi tartibga ko‘ra, eng yuqori mukofot Butunjahon shaxmat olimpiadasi va paralimpiadasida kattalar o‘rtasida g‘olib bo‘lgan o‘zbekistonlik shaxmatchilarga beriladi.

  • Jumladan, oltin medal sohibi 200 ming AQSh dollari, uning treneri esa 50 ming dollar miqdorida bir martalik mukofot oladi;
  • Kumush medal uchun shaxmatchiga 100 ming, treneriga 25 ming dollar;
  • Bronza medal uchun esa mos ravishda 50 ming va 12,5 ming dollar to‘lanadi.

Yoshlar o‘rtasidagi Butunjahon shaxmat olimpiadasi va paralimpiadasi g‘oliblari uchun ham alohida rag‘batlantirish miqdorlari belgilandi.

  • Unga ko‘ra, oltin medal sohibi 20 ming dollar, treneri 5 ming dollar;
  • Kumush medal sohibi 10 ming dollar, treneri 2,5 ming dollar;
  • Bronza medal sohibi esa 5 ming dollar, treneri 1 250 dollar bilan taqdirlanadi.

FIDE tasnifiga kiruvchi jahon miqyosidagi musobaqalarda ham yuqori natija qayd etgan shaxmatchilar va ularning murabbiylari uchun bir martalik mukofotlar belgilandi.

  • Jahon miqyosidagi musobaqalarda oltin medal uchun shaxmatchiga 15 ming, treneriga 7 ming dollar;
  • Kumush medal uchun 7,5 ming va 3,5 ming dollar;
  • Bronza medal uchun esa 3 750 va 1 750 dollar to‘lanadi.

Osiyo miqyosidagi FIDE musobaqalarida g‘olib va sovrindor bo‘lganlar uchun mukofotlar ham alohida belgilangan.

  • Oltin medal sohibi 10 ming, uning treneri 5 ming dollar;
  • Kumush medal sohibi 5 ming, treneri 2,5 ming dollar;
  • Bronza medal sohibi 2,5 ming, treneri esa 1 250 dollar oladi.

Shuningdek, shaxmatchilarning professional o‘sishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida xalqaro grossmeyster sport unvonini olgan shaxmatchiga 5 ming AQSh dollari miqdorida bir martalik mukofot berish belgilandi.

Qarorda trenerlarni rag‘batlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, mukofot puli sportchini musobaqadan oldingi so‘nggi bir yil davomida tayyorlagan trenerga beriladi. Ayrim hollarda esa Trenerlar kengashi qarori asosida ushbu mablag‘ sportchini so‘nggi to‘rt yil davomida tayyorlashda ishtirok etgan mutaxassislar o‘rtasida qayta taqsimlanishi mumkin.

Shu tariqa, yangi tartib nafaqat shaxmatchilarning xalqaro maydondagi natijalarini moddiy rag‘batlantirish, balki ularning yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rishida muhim o‘rin tutadigan trenerlarni ham munosib qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.

Avval amalda bo‘lgan tartibda kattalar o‘rtasidagi Butunjahon shaxmat olimpiadasi va paralimpiadasida oltin medal uchun 880 million so‘m, kumush uchun 440 million so‘m, bronza uchun esa 220 million so‘m miqdorida mukofot belgilangan edi. Yangi qaror bilan mazkur toifadagi mukofotlar AQSh dollarida ifodalangan yangi miqdorlarga almashtirildi.

Prezident qarori shaxmat sohasida xalqaro musobaqalarda yuqori natijalar ko‘rsatayotgan o‘zbekistonlik sportchilarni va ularning murabbiylarini rag‘batlantirish mexanizmlarini yangiladi. Mukofotlarning yangi miqdorlari mamlakat shaxmatchilari uchun xalqaro musobaqalardagi natijalarni moddiy rag‘batlantirish tizimining muhim qismini tashkil etadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring