Tramp ma’muriyati Ukrainada internet cheklanishiga aloqasini rad etdi
AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ukraina harbiylari foydalanayotgan Starshield sun’iy yo‘ldosh aloqasi tizimiga joriy etilgan cheklovlarga aloqador emasligini bildirdi. Bu haqda Axios nashri AQShning yuqori lavozimli rasmiysiga tayanib xabar berdi.
Avvalroq Ukraina harbiylari SpaceX kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Starshield tizimida uzilishlar kuzatilayotganini ma’lum qilgan edi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, dronlar soatiga 160 kilometrdan yuqori tezlikda harakatlanganda sun’iy yo‘ldosh aloqasi uzilgan. Bu esa ayrim harbiy operatsiyalarga ta’sir ko‘rsatgan.
SpaceX rahbari Ilon Mask Starshield tizimi AQSh hukumati nazoratida ekanini, tezlik va foydalanishga oid cheklovlar Amerika harbiylari, oxir-oqibat esa prezident tomonidan belgilanishini aytgan.
Biroq Axios bilan suhbatlashgan AQSh rasmiysi Tramp ma’muriyati mazkur cheklovlarga hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa Financial Times nashriga bergan intervyusida aloqa tizimidagi muammolar texnik nosozlik oqibati emasligini bildirgan.
«Bu texnik muammo emas, balki qabul qilingan qaror edi», – degan Zelenskiy.
Hozircha cheklovlarni kim va qanday sabab bilan joriy etgani yuzasidan aniq ma’lumot berilmagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter