Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Tarozida tortilgan palov va dehqonning sho‘ri

Tarozida tortilgan palov va dehqonning sho‘ri

Men o‘n birinchi sinfni bitirgandan keyin O‘shda o‘qidim, harbiy xizmatda bo‘ldim, maktabda o‘qituvchilik qildim. Shundan keyingina Toshkentga kelib, o‘zimdan besh-olti yosh kichiklar bilan o‘qidim. Shaharda hayotiga ko‘nikishim qiyin bo‘ldi. Chorsu bozorida palovni tarozida tortib sotayotganlarini ko‘rib, yig‘lab yuboray deganman.

Shu holatda temiryo‘l vokzaliga qatnaydigan tramvayni uzoq kutdim. Kelavermadi. Ichki bir ovoz «Orqangga qayt, shaharlik bo‘lishni senga kim qo‘yibdi», derdi. Agar shu lahzada tramvay kelganida, ishoningki, uyga qaytib ketgan bo‘lardim.

Bir payt bozorga kiraverishda qadim madrasaning shundoq yonida qovun yuklagan aravani yuk mashina to‘yqus turtib yubordi. Arava ag‘darilib, qovunlarning ko‘pi yorilib, tuproqqa qorildi. Bu yilgi hosilning oldi!

Dehqonga qiyin bo‘ldi. Ikki yondan vizillab o‘tayotgan mashinalar qovunlarni yerga qapishtirib o‘tishmoqda. Yorilgan-yorilmaganini qo‘ltiqlab ketayotganlarni ko‘rib turibman. O‘sha yerning o‘zida yutoqib yeyayotganlar-chi? Echkiga jon, qassobga yog‘ qayg‘usi.

Bir necha kishi ko‘tar-ko‘tar qilib, aravani o‘ngladik. Butun qovunlarni yo‘l chetiga to‘pladik. Shu yerda arzon-garovga ketdi. O‘zini zo‘rg‘a tutib turgan qovunchi yelkamga qoqib, «Rahmat, o‘g‘lim», dedi. Shunaqa dediki, bu – mening shaharda yashayotganimdan beri eshitgan birinchi rahmatim to hanuz yodimdan chiqmaydi.

Rahmatli dadam qo‘shnimiz Alivoy buva bilan birga qishloq chetidagi Savdogarariq yonida (ariqning nomi shunday edi) bir-ikki yil ko‘mma qilib, qovun ekishgan. Men tengdoshim Hayitvoy bilan urug‘ tashlanadigan chuqurni go‘ng bilan to‘ldirardik. Shunday qilinsa, hosil zo‘r bo‘ladi. Tilni yoradigan o‘sha qovunlarni esladim. Og‘ir mehnat. Polizni har kuni oralab *turish kerak. «Bangi devona» degan alaf o‘sib chiqib, endi guldan chiqqan palakni g‘ippa yoqasidan oladi.

Dehqon yigitga shularni gapirib berayotgan edim, sharaq-shuruq qilib men kutgan tramvay kelib qoldi. Men unga bir nigoh tashladim-u, fikrimdan qaytib, ijara uyiga olib boradigan katta yo‘lga burildim...

Ahmadjon Meliboyev

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring