Xitoy bilan raqobat qabristongacha yetib bordi
Yevropa tobut yasovchilari bir ittifoq bo‘lib, Yevrokomissiyaga shikoyat tayyorlamoqda. Kompaniyalar Xitoy importiga qarshi antidemping surishtiruvi boshlashni talab qilmoqchi, deb yozmoqda Politico nashri.
Mahalliy korxonalar xorijlik eksportchilar raqobatiga dosh bera olmayapti. Bozordagi bosim tufayli oxirgi besh yilda Yevropadagi tobut yasovchi korxonalarning chorak qismi yopildi.
Yevropalik tobut yasovchilar Xitoy korxonalari o‘z mahsulotlarini sun’iy pasaytirilgan narxlarda sotmayotganmikan degan gumonda.
Hozircha shunisi aniqki, xitoyliklar Yevropa Ittifoqida aslida olib kirilganidan ko‘proq tobut sotishmoqda. Sababi oddiy: tobutlar qismlarga ajratilgan holda, hujjatlarda oddiy yog‘och sifatida ko‘rsatilib olib kiriladi, so‘ng shu yerning o‘zida yig‘iladi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, hatto bir xil yog‘ochdan foydalanganda ham, Xitoyda bitta tobut yasash Italiyadagiga qaraganda taxminan uch baravar arzonga tushadi. Yevropaliklar bu tafovutni Pekinning davlat subsidiyalari, eksport uchun soliq imtiyozlari, arzon ishchi kuchi va xom ashyo bilan bog‘lamoqda. Bundan tashqari, AQShda Xitoy tovarlariga bojlarning oshishi oqibatida osiyoliklar «tobutlar oqimi»ni Yevropaga yo‘naltirishga majbur bo‘lishdi.
Yevropa Ittifoqi va Xitoy o‘rtasidagi savdo-sotiq muvozanati Bryusselning asosiy muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. Xitoy esa Yevropaning savdo cheklovlarini tinmay tanqid qilib keladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter