Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maktablarni attestatsiyadan o‘tkazish hokimliklardan olib qo‘yildi. Tizim yangilanadi

Maktablarni attestatsiyadan o‘tkazish hokimliklardan olib qo‘yildi. Tizim yangilanadi

Bugun, 24 oktyabr kuni Uchtepa tumanidagi 238-umumta’lim maktabida «Umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan o‘tkazish – ta’lim sifatini oshirishning muhim omili» mavzusidagi Respublika seminari bo‘lib o‘tdi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda umumiy o‘rta ta’lim maktablarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazishdagi yangicha tartiblar to‘g‘risida so‘z bordi.

Seminarda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev, Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov, inspeksiya va vazirlikning tegishli boshqarma boshliqlari, hududiy bo‘limi boshliqlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vazirligi, Toshkent shahar va viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalarining ta’lim sifati monitoringi bo‘limi boshliqlari, Toshkent shahridagi tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlarining ta’lim sifati monitoringi bo‘limi bosh inspektor-metodistlari, 2020 yilda attestatsiyaga jalb etiladigan maktab direktorlari va ularning o‘quv-tarbiya ishlari bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etishdi.

Ma’lumki, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirishning asosiy omillaridan biri sifatida o‘quvchilarning sifatli bilim olishlari uchun yetarlicha shart-sharoitlar yaratish muhim ahamiyatga ega.

Ta’lim muassasalarining attestatsiyasi ayni shu maqsadga yo‘naltirilgan bo‘lib, unda o‘quvchilarning yetarlicha bilim olishlari uchun muassasada yaratilgan sharoitlarga baho beriladi. Attestatsiya jarayonida o‘quvchilarning bilim darajasi, o‘qituvchilarning salohiyati, ish hujjatlarining yuritilishi, o‘quv va laboratoriya xonalarning jihozlanishi o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish choralari ko‘riladi. Bu borada ota-onalarning fikrlari va o‘quvchilarning talablarini inobatga olgan holda maktabni rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xarita»lari belgilanib, amalga tatbiq etiladi. Pirovardida ta’lim muassasasidagi sharoitlar yaxshilanib, ta’lim sifati oshishiga erishiladi.

Shu kungacha bu jarayon tuman (shahar) hokimliklari qoshida tashkil etilgan va hokim o‘rinbosari raislik qiladigan attestatsiya komissiyalari tomonidan amalga oshirilar edi.

Biroq, ushbu tizim ta’lim sifatini oshirishda, bu borada ta’lim muassasalarida yetarli sharoitlarni yaratishda kutilgan natijani bermadi.

Komissiyalar tomonidan Attestatsiya jarayonlarida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan yo‘l xaritalarini tuzish va uning ijrosini ta’minlashga e’tibor qaratilmagan.

Ushbu holatlar bugungi islohotlar davrida ta’lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi huquqiy me’yoriy hujjatlarni zamon talablariga muvofiq ilg‘or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirishni taqozo etgan edi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi 470-sonli qarori bilan «Davlat ta’lim muassasalari hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom» tasdiqlandi.

Tasdiqlangan nizom avvalgisidan tubdan farq qilib, unga ko‘ra attestatsiya jarayonlari mutlaqo yangi tartib asosida tashkil etilishi belgilandi.

Xususan, umumiy o‘rta ta’lim maktablarini attestatsiyadan o‘tish davriyligi 9 yildan 5 yilga, attestatsiya davomiyligi esa 10 kundan 3 kungacha qisqartirildi.

Mazkur nizomga muvofiq umumiy o‘rta ta’lim maktablarini 2020-2024 yillarda attestatsiyadan o‘tkazish grafigi tasdiqlandi hamda attestatsiyadan o‘tkazish mezonlari ishlab chiqildi.

Ushbu grafik va mezonlar asosida 2020 yil davomida 2514 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari attestatsiya va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi.

Seminarda so‘zga chiqqan xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov bugungi kunga qadar umumta’lim maktablari faoliyatini baholash bo‘yicha yaxlit samarali tizim bo‘lmaganini ta’kidlar ekan, attestatsiyadan o‘tkazish jarayonini qog‘ozbozlikdan holi va adolatli ko‘rinishda tashkil etish lozimligini aytib o‘tdi.

Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev yangi baholash mezonlari ilg‘or xalqaro tajribadan foydalangan holda YuNISEF ekspertlari bilan hamkorlikda tayyorlanganligi aytar ekan, ushbu jarayondagi bir qator yangiliklar haqida ma’lumot berdi. Xususan, umumiy o‘rta ta’lim maktablarini attestatsiyadan o‘tkazuvchi komissiya tarkibi tubdan qayta ko‘rib chiqilgan. Endilikda attestatsiya komissiyasi tuman (shahar) hokimligi tomonidan emas, balki bevosita xalq ta’limi bo‘limi tomonidan boshqarilishi belgilangandi.

Shundan so‘ng so‘zga chiqqan inspeksiya bosh boshqarma boshlig‘i Asliddin Odilov umumiy o‘rta ta’lim maktablari faoliyatini baholash vositalari va mexanizmlari soddalashtirilib, attestatsiyadan o‘tkazish va akkreditatsiyalash jarayonlari elektronlashtirilganini ma’lum qildi. Endilikda jahon tajribasidan kelib chiqqan holda ichki va tashqi attestatsiya o‘tkazilishi belgilanib, ta’lim muassasalarining bevosita o‘zini o‘zi baholashda ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Seminar davomida mutaxassislar tomonidan ta’lim muassasalarini ichki va tashqi attestatsiyadan o‘tkazish tartiblari bayon etilib, sho‘’ba yig‘ilishlarida muhokama qilindi va ishtirokchilarga seminar materiallari tarqatildi.

Mazkur seminar materiallari asosida joriy yil 4-6 noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlar miqyosida, 8-9 noyabr kunlari esa tuman (shahar)lar miqyosida targ‘ibot ishlari davom ettirilib, nizom talablarini barcha maktab rahbarlariga, har bir pedagog xodimlargacha yetib borishini ta’minlash bo‘yicha kelishib olindi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi
Matbuot xizmati

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring