Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Hindcha kinoni eslatuvchi voqea: sud milliarderlar oilasini ozodlikdan mahrum qildi

Hindcha kinoni eslatuvchi voqea: sud milliarderlar oilasini ozodlikdan mahrum qildi

Foto: Mathrubhumi

Kelib chiqishi hindistonlik magnat Prakash Hinduja, uning xotini, o‘g‘li Ajay va kelini Namrata Shveysariya sudi tomonidan aybdor deb topildi.

Bu oila Shveysariyaning Jeneva ko‘li bo‘yidagi o‘z villasida xizmatkorlarni tahqirlab ishlatgan. Sud ularga nisbatan 4 yildan 4,5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgiladi, deb yozdi Daily Mail.

Hindujalar ishchilarning pasportlarini olib qo‘yish, maoshni shveysar franki o‘rniga rupiyda to‘lash, ularga villadan chiqishni taqiqlash, arzimas pul evaziga tinmay ishlashga majburlashda ayblangan. Hindistondan keltirilgan ishchilarning tasdiqlashicha, ularga sutkasiga 18 soat ishlagani uchun 8 AQSh dollari qiymatida haq to‘langan, bu esa Shveysariya qonunchiligida belgilangan minimal summaning o‘ndan birini ham tashkil etmaydi.

Boyligi 47 mlrd dollarga baholanayotgan oila o‘z xizmatkorlarining villani tark etishlariga kamdan-kam hollarda ruxsat bergan. Prokurorlar sudda aytishicha, oila xizmatkorlaridan ko‘ra itlariga ko‘proq pul sarflagan.

Albatta, ayblanuvchi tomonning advokatlari sud hukmi ustidan apellyasiya berishlarini ma’lum qilishdi. Yoshi 70 dan oshgan katta Hindujalar sog‘lig‘i yomonligi vajidan sudga kelmadi, Ajay va Namrata sudda qatnashdi, biroq hukm o‘qilgan kuni ular ham yo‘q edi.

Hindujalar oilasi Hinduja Group egasi bo‘lib, avtomobilsozlik, neftni qayta ishlash, telekommunikatsiyalar, moliya va sog‘liqni saqlash sohalarida faoliyat yuritadi. Kompaniyaga 1914-yilda asos solingan, shtab-kvartirasi Londonda joylashgan. Hindujalar Buyuk Britaniyadagi eng boy oila hisoblanadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring