Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Zelenskiy Rossiyaning yashirin rejasini ochiqladi

Zelenskiy Rossiyaning yashirin rejasini ochiqladi

Foto: Getty Images

Rossiya Belarus hududiga ballistik qurilmalar joylashtirib, Ukrainaning g‘arbiy qismiga hujum uyushtirmoqchi. Bu haqda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ommaviy axborot vositalariga ma’lum qildi.

«Ular Belarus hududiga retranslyatorlar o‘rnatib, ushbu koridordan foydalangan holda dronlar hujumini kuchaytirmoqda. Belarus hududida ballistik tizimning o‘rnatilishi esa mamlakatimizning butun g‘arbiy qismi uchun tahdid sanaladi. Bu Belarusni to‘g‘ridan-to‘g‘ri urushga tortish demakdir. Bu xatarlidir», — degan Ukraina yetakchisi.

Ukraina Belarusni Rossiyaga bosqinchilik urushida ko‘mak ko‘rsatishda ayblab kelmoqda.

Ukraina tomoniga ko‘ra, Belarusdagi 3 000 dan ziyod korxona Rossiyaga raketa ishlab chiqarish uchun ehtiyot qismlarni yetkazib bermoqda. Belarus, shuningdek, o‘z hududida «Oreshnik» ballistik raketalarini joylashtirgan. 2025-yildan Belarus korxonalari Rossiyani ushbu qurol uchun zaruriy komponentlar bilan ta’minlamoqda.

Ukraina bosh prokuraturasi Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga qarshi jinoyat ishi ochishi mumkinligi ham xabar qilingan.

Rossiya Ukrainaga qarshi hujumlarni kuchaytirmoqda. So‘nggi kunlarda raketa va dronlar hamlasi oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘lgan, 70 kishi jarohatlangan. Ko‘plab yong‘inlar, vayronagarchiliklar qayd etilgan.  

Vaziyat qaltis bo‘lib turgan pallada Kiyevning yaqin ittifoqchisi AQSh bilan munosabati taranglashmoqda. Ukraina rahbariyati AQSh kabi kuchli hamkorini yo‘qotgani sababli o‘zini xiyonatga uchragandek his qilayotganini aytgan. Biroq mamlakat taslim bo‘lish yoki «o‘z yurtini sotish» niyatida emas.

Boz ustiga, Ilon Maskka tegishli SpaceX kompaniyasi Ukraina harbiylari foydalanayotgan Starlink sun’iy yo‘ldosh aloqasi tizimiga cheklov joriy etgan. Yangi cheklov uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarishga salbiy ta’sir ko‘rsatgani aytilmoqda.

Vashington Kiyevdan Rossiya neft bazalariga zarbalarni to‘xtatishni talab qilmoqda.

Moskva Ukrainaga nisbatan agressiv siyosatdan voz kechmasligi oydinlashmoqda.

Rossiya tahlika va sarosima uyg‘otish uchun Yevropa davlatlariga ham hujum uyushtirishi ehtimoli mavjud.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring