Android qurilmalar uçun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab oliş ×
IOS qurilmalar uçun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab oliş ×

Ortiqcha kiyim – ortiqcha tashvish. Bir futbolka tarixi

Dunyoda ishlab chiqarilayotgan har bir futbolka uchun 2 700 litr chuchuk suv ishlatiladi. Bu bir odam iste’mol qiladigan 2,5 yillik suv deganidir.

Biz kiyadigan kiyimning yo‘li paxta dalasidan boshlanadi. Keyin tola, ip va gazlama ishlab chiqariladi. So‘ngra bo‘yash va tikish. Har bosqichda suv, energiya va kimyo sarflanadi. Matoni tayyorlash hali hech narsa emas – uni bo‘yash vaqtida bo‘yoq va kimyo oqava suvga qo‘shilib, yana o‘sha biz iste’mol qiladigan daryolarga oqadi.

⦁ Dunyoda har yili taxminan 92 million tonna kiyim-kechak chiqindisi hosil bo‘ladi.
⦁ Bu har sekundda bitta chiqindi tashuvchi yuk mashinasi degani.
⦁ Faqat 1 foizdan kamroq kiyim qayta ishlanib, yangisiga aylantiriladi.
⦁ Har yili taxminan 500 milliard dollar kiyim chiqindisi tufayli yo‘qoladi. Tushunishingiz uchun, bu 50 ta kambag‘al davlatning bir yillik yalpi ichki mahsulotiga barobar.

Dunyo bo‘yicha kiyim sotuvi 2000 yildan 2015 yilgacha ikki baravar o‘sdi. Lekin foydalanish muddati 36 foizga kamaydi. Ya’ni ko‘proq ishlab chiqarilmoqda, kamroq kiyilyapti.

Bu raqamlar shunchaki raqam bo‘lib qolardi, agarda ularning tabiatga yetkazadigan zarari bo‘lmaganda.

⦁ To‘qimachilik sohasi yiliga 1,2 milliard tonna issiqxona gazini chiqaradi. (Dunyodagi hamma uchib yurgan samolyotlar va dengizda suzib yurgan kemalar chiqargan issiqxona gazini qo‘shib hisoblaganingizda ham shuncha bo‘lmaydi. Kiyimning iqlim o‘zgarishiga ta’siri samolyotu, kemalarnikidan ko‘proq).
⦁ Kiyim-kechak sanoati tufayli har yili okeanga yarim million tonna plastik tashlanadi. Bu 50 milliard plastik idishga teng. (Shuncha plastik idishdan zanjir yasalsa, Yer sayyorasini ekvator bo‘ylab 287 marta aylantirib o‘rab chiqish mumkin.)
⦁ BMT ma’lumotiga ko‘ra, dunyodagi oqava suvlarning 20 foizi to‘qimachilik bo‘yog‘idan chiqadi.

O‘zbekistonda vaziyat qanday? Yurtimizda odamlarning daromadi o‘sib bormoqda. Xalqimiz yaxshiroq kiyinish imkoniga ega bo‘ldi. Ammo bu to‘kinchilik ortidan isrof ham kirib kelmoqda. Savdo markazlaridagi «aksiya»lar tufayli arzon deb olingan kiyim-kechak ko‘pincha javonda qolib ketmoqda.

Faraz qilaylik, yurtimizda 37 million odamning har biri yiliga bitta ortiqcha futbolka oladi. Bu 37 millionta degani. Bu raqamni 2 700 litrga ko‘paytirsak 100 milliard kelib chiqadi. Ya’ni taxminan 100 million kub metr suv biz kiymaydigan futbolkaga sarflanmoqda. Bu esa taxminan 2,5 million kishining bir yillik suv iste’moliga barobar. Biz faqat futbolka haqida gaplashdik. Javonlarda qancha ko‘ylak, shim, palto va boshqa kiyimlar taxlanib yotibdi.

Yurtimizdagi maishiy chiqindida to‘qimachilikning ulushi yiliga 55 ming tonnagacha yetadi.

Xo‘sh, bu masalalarga yechim bormi? Bor!

1. Tomchilatib sug‘orishni keng joriy etish. Natijada 18 foizdan 42 foizgacha suv tejaladi va hosildorlik 10–19 foizga oshadi.
2. Qayta ishlash. Eski kiyimdan yangi ip va gazlama tayyorlanadi.
3. Chiqindisiz ishlab chiqarish. Mato qoldiqlaridan turli mahsulotlar tayyorlanadi.
4. Suv tejaydigan bo‘yash texnologiyalari va sifatli bo‘yoqlardan foydalanish. Bunda oqava suv kamayadi.
5. Sifatli kiyim olish va «ikkinchi hayot» madaniyatini joriy etish: almashish, ijara, ta’mir!

Ekologiya - har birimizning hayot tarzimiz bo‘lishi lozim. Buning uchun har bir sotib olingan kiyimga «70 marta kiyish qoidasi»ni joriy etish shart. Olishdan oldin o‘zingizdan so‘rang: bu kiyimni kamida 70 marta kiyamanmi?

Aslida biz azaldan tejamkor xalq bo‘lganmiz. Diniy aqidamiz ham, ahloqiy turmush tarzimiz ham shunga asoslangan. Bir tarixiy misol keltirsak, Chorsu yaqinidagi Xo‘ja Ahror valiy masjidini hammamiz yaxshi bilamiz.

Manbalarda keltirilishicha, XV asrga tegishli ushbu masjid mato parchalaridan tushgan daromad evaziga qurilgan. Xo‘ja Ahrori Valiy mato qoldiqlarini qayta ishlatib, quroqlardan chopon, do‘ppi, dasturxon, belbog‘, ko‘rpa tayyorlatgan. Ulardan tushgan pul to‘lig‘icha masjid qurilishiga yo‘naltirilgan.

Yaqin-yaqingacha ham deyarli har bir xonadonda quroq dasturxon yoki ko‘rpacha albatta bo‘lardi.

Yodingizda tursin - eng yaxshi kiyim yangi xarid qilingani emas, javoningizda turganidir. Keyingi safar savdo markaziga borishdan oldin kiyim javoningizni oching. Yaxshilab qarang, balki sizga hech narsa kerak emasdir.

Izohlar 0

Izoh qoldiriş uçun saytda röyxatdan öting

Kiriş

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring