Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Скачать ×

Nolish ham bir «kasb», tanqidchilik ham «sharaf»

Nolish ham bir «kasb», tanqidchilik ham «sharaf»

Foto: «euroradio.fm»

Ruslarning bir maqoli bor: «Все за чистоту, но никто веник не берёт». Mazmuni juda oddiy, hamma tozalik deb jar soladiyu, hech kim qo‘liga supurgi olishni xohlamaydi. 

Oxirgi paytlarda muammolar haqida arz qilish bo‘yicha juda keng imkoniyatlar yaratildi. Prezident portali, xalq qabulxonalari, ochiq muloqotlar... Ammo ularga bo‘layotgan murojaatlar tahlil qilinsa, salmoqli qismi aniq bir shaxsning shu ondagi muammosi ekanligi ma’lum bo‘ladi. Kimdir uyida o‘tin yo‘qligidan shikoyat qilgan, kimgadir bitta sigir kerak, yana kimdir mashinasiga chiroyli raqam ilinjida. Bir qizning sevgan yigiti o‘ziga uylanishni paysalga solayotgani uchun portalga shikoyat qilgani, bir abonentning esa aloqa kompaniyasi tug‘ilgan kunida uy hadya qilmagani ustidan yozgani alohida mavzu, alohida kulgu. 

Ya’ni murojaatchilarning ma’lum bir qismi shu bugungi kun bilan umr o‘tkazadi, arzimas muammolarni yengolmay halak va eng g‘alatisi ularda boqimandalik kayfiyati mavjud. Davlat hammasini yechishi lozim, kimdir hoziroq kelib mening masalamni hal qilishi shart, degan fikrda yashashadi. 

Albatta, ma’lum bir hudud aholisini, biror shaharni va umuman jamiyatni qiynayotgan muammolar haqida yozganlar anchagina. Ularning kuyunchakligiga shubha yo‘q. Ammo yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib nolishni kasb qilib olayotganlar, tanqid qilsang obro‘ning tagida qolasan, degan uslubni qo‘llayotganlar ham afsuski, anchagina bor. 

Eng qizig‘i, ko‘pchilik o‘z muammosi shu ondayoq yechilishini istaydi. Buning uchun vaqt kerakligi, yetarli sharoit zarurligini anglab yetmaydi, «davlatning pulini yeb yotibsanmi, hal qilasan, tamom» tamoyiliga amal qiladi.

O‘ylab ko‘raylik, juda mayda muammolarga o‘ralashib ketmayapmizmi? Ko‘zimiz maishiy masalalarni ko‘rish bilangina cheklanib qolmayaptimi? Eng muhimi, o‘zimiz yeng shimarsak, bir pasda amalga oshirishimiz mumkin bo‘lgan ishlarni jar solishga o‘rganib olmayapmizmi, yechimni izlash o‘rniga muammoni topish va ko‘z-ko‘z qilishga odatlanmayapmizmi?

Ko‘pchilikni qiynayotgan muammolar borligiga ko‘z yumib bo‘lmaydi. «O‘zi tishim og‘rib turganida chet elda zilzila bo‘lib, ming kishi o‘lgani to‘g‘risidagi bema’ni gaplaring bilan boshimni qotirmasangchi» deya yozg‘irgan ekan bir kishi. Kimdir uyida tabiiy gaz yoki elektr energiyasi yo‘qligi uchun sovqotib o‘tirganida dunyoviy masalalardan so‘z ochish o‘rinsiz tuyilishi mumkin. Ammo baribir atrofga teranroq nazar tashlashimiz lozim.

Ikkinchi jahon urushi mehnat faxriysi bo‘lgan, yoshi to‘qsondan hatlagan onaxonni yetaklab, nurab ketgan uy atrofini aylanayotgan va «onam bilan bu uyda yashab bo‘lmaydi, davlat bizga uy bersin, to‘kilib yotganini qarang buni», deya dalil sifatida qo‘li suvoqlarni ko‘chirib tashlayotgan yo‘g‘on erkakka qanday ta’rif berish mumkin? Yoki mahallasidagi stadionni tikan bosib ketgani uchun «Bu stadionda qo‘ylar futbol o‘ynaydi. Qachon bizning stadionimizni tozalab berishadi?» deya o‘zicha lavha olib internetda tarqatgan yigit nimani ko‘zlamoqda? Nahot yoniga to‘rt nafar tengdoshini to‘plab, qo‘lga ketmon olib, o‘zi o‘ynaydigan joyni tozalab tashlashdan ko‘ra, hammaga o‘z qishlog‘ini va o‘zini sharmanda qilish ma’qul tuyilsa? Odatda uyi yonidagi axlatni boshqaga ko‘z-ko‘z qilguncha, qo‘lga supurgi olmasmidi xalqimiz?

Albatta, xalq murojaatlarini qabul qilish, tinglash, o‘rganish va muammolarni yechish davlatning asosiy vazifasi. Lekin bu holni suiste’mol qilishga o‘rganish durust emas. 

Murojaatlar orasida vatanimizning xalqaro doiralardagi obro‘sini oshirish bo‘yicha aniq takliflar berganlarni, yoshlarga oid siyosat, ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha dasturlar kiritganlarni, iqtisodda yangi marralarni zabt etish yuzasidan mulohazalar bitganlarni, dunyoni zabt etayotgan yuqori texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha amaliy choralar bayon etilgan qarashlarni, xorijdagi yurtdoshlarimiz muhofazasi, ularning daromadlarini himoyalash bo‘yicha yo‘llangan xatlarni ko‘rmayapmiz, yoki bo‘lsa ham ular oshkor qilinmayapti.

Axir faqat nolish va yuzaki tanqid bilan taraqqiyotga erishish, har qanday tashabbusga ishonchsizlik ruhida yashash, kimdandir turtki kutib o‘tirish bilan rivojlanish bo‘lmasligi kunday ravshanku.

Shunday ekan, dunyoni o‘zgartirishni avvalo o‘zimizdan boshlaylik. Har birimiz o‘z sohamizning ustasi bo‘lishga intilaylik. Shunday qilaylikki, harakatlarimiz avvalo o‘zimizga, keyin yon atrofdagilarga, va nihoyat butun xalqimizga naf keltirsin. 

Balandparvoz tuyulsa-da, nolishni bas qilib, Vatan ravnaqi yo‘lida yeng shimaraylik!

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети