Мобильное приложение Xabar.uz для Android устройств. Скачать ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Скачать ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«Gulnora Karimova», «jinsiy tarbiya»... Senat raisi nima degan edi?    

«Gulnora Karimova», «jinsiy tarbiya»... Senat raisi nima degan edi?    

Foto: Senat matbuot xizmati

Bundan to‘rt kun oldin «Hillton» mehmonxonasi «Congress hall» zalida gender tenglikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergandik.

Tadbirda jurnalistlarning savollariga mutasaddilar imkoni boricha javob qaytarishdi. Yig‘ilishdan qaytgach, internet nashrlarini kuzatdim. Ijtimoiy tarmoqlarda «Senat raisi Karimova haqida gapirdi», «Polkovnik Umida Abdullayeva Gulnora Karimova haqidagi mish-mishlarni asossiz dedi» kabi xabarlar keng tarqaldi.

Ha, o‘sha tadbirda men ham bor edim. Tadbir tugay deganida jurnalistlardan biri «Gulnora Karimova o‘z joniga suiqasd qildi, degan mish-mishlar qanchalik asosli», deb bergan savoliga Senat raisi T.Norboyeva: «U kim bo‘lishidan qat’i nazar o‘z jinoyati uchun qonun oldida javob berishi kerak», dedi — bor gap shu. IIV vakili — polkovnik Umida Abdullayeva esa «Bu gaplar mish-mish, asossiz», dedi qisqa qilib.  Tadbir mavzusidan chetlangan savol bo‘lgani uchun balki mutaxassis istamaygina javob bergandir.

Men bir o‘sha tadbir ishtirokchisi sifatida aytishim mumkinki, G.Karimovaga bog‘liq bir og‘iz gapning ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvi tinmay turib, ikkinchi boshlangan «talato‘p» undan ham oshib tushdi. Bu T.Norboyevaning «jinsiy tarbiya» haqidagi o‘rtaga tashlagan fikri.

Senat raisi shunday degandi: «Ginekolog masalasida, qizlar ko‘rinmasligi kerak degan stereotiplar bor. Jinsiy tarbiya masalasi biz uchun yopiq mavzu hisoblanadi. Hech kim gapirishi mumkin emas. Deyarli ko‘p oilalarda, hattoki ota-ona ham farzandlariga shu narsalarni gapirmaydi. Bu noto‘g‘ri. Biz o‘ylaymizki, jinsiy tarbiyani yosh bolalikdan olib borish kerak. Prezidentimiz tashabbusi bilan maktablarda tarbiya darsi kiritildi. Vazirliklarga shu tarbiya darsida, albatta, jinsiy tarbiya yo‘nalishi, gender tenglik masalalarini kiritishni, qizlarni alohida, o‘g‘il bolalarni alohida o‘qitish, tayyorlash vazifasini qo‘ydik. Hozir tarbiya dars soatlariga mana shu narsalar kiritilgan.

O‘quv dasturlarini shu darajada noziklik, bilim bilan qilishimiz kerakki, o‘g‘il bola, qiz bolaga kerakli bilimni berishimiz lozim. Maktabgacha ta’limda yoshga mos qilib, o‘zini doirasida, yuqori sinflarda va oliy ta’lim muassasalarida qizlar va o‘g‘il bolalarni oilaga tayyorlash, reproduktiv salomatlik, tug‘ish, saqlanish, qarindosh urug‘lik nikohlari va boshqalar to‘g‘risida ochiqdan-ochiq ma’lumotlarni berishimiz kerak.

Biz yopganimiz sari internet ochiq. Internetda yomon narsalarni o‘rganayapti. U salbiy oqibatlarga olib kelayapti. Shuning uchun, undan ko‘ra, do‘st bo‘lib, dugona bo‘lib, ota, aka-uka bo‘lib, ma’lumotni bergani, menimcha foydaliroq bo‘lsa kerak».

Xo‘sh, aytingchi? Yoshlarni yo‘ldan ozdiradigan bu yerda qanday noto‘g‘ri fikr bor?  Qizlarning to‘yidan oldin ginekolog ko‘rigiga borishi atrofdagilarga shubha gumon uyg‘otayotgani va shunday shubha gumon uyg‘onmasligi uchun onalar qizlarini ko‘rikka olib borolmay, kasalliklarni o‘tkazib yuborayotgani va bu og‘ir holatlarga olib kelayotgani yolg‘onmi? Yoki qarindoshlar o‘rtasida nikohlar to‘xtamayotganichi? Qarindoshlar o‘rtasidagi nikohdan keyin nega bolalar nosog‘lom tug‘ilishi haqida gapirishning, tibbiy nuqtai nazardan tushuntirishning nima yomon tomoni bor?

Yaqinda bir qarindoshimizning qizi katta farzandi bir yoshga yetmasdan homilador bo‘lib qoldi. Ona tug‘ayotgan payti ko‘p qon yo‘qotgani bois o‘zining ham, chaqaloqning ham hayoti xavf ostida qoldi. Unga shu paytgacha hech kim farzandlar orasini katta qilib tug‘ish haqida fikr aytmagan, saqlanish nimaligini o‘rgatmagan. Ona shunchaki «saqlan», deb aytishi mumkin. Agar shu tibbiyot tili bilan, masalan «saqlanish nima o‘zi, organizmga qanday foydasi bor, qancha paytda organizm o‘zini tiklab oladi», degan fikrlarni to‘liq tushuntirilsa, o‘rtada farq borku, to‘g‘rimi?

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda 21 yoshli qiz otasiz tug‘ib, farzandini sotayotgan vaqtda qo‘lga tushgani haqidagi xabarlar tarqaldi. U nima uchun turmushga chiqmasidan tug‘ib qo‘ydi. Ha, internet bor, unda T.Norboyeva aytmoqchi bo‘lgan narsalar — erkak va ayol munosabatlari (tahrir bizniki) tiqilib yotibdi. O‘sha yoshlar, aytaylik, hayosiz filmlarni ko‘rib, o‘zini tiyolmay qolgan ham deylik. Birinchidan, o‘zbek segmenti g‘alayon qilayotganidek, bu qizga hali na maktabda, na oliy ta’lim muassasasida jinsiy tarbiya berilmagandiku, xo‘sh bu qiz qanday qilib adashdi. Agar shu qizga maktabdan jinsiy hayot nima, uning turmushga chiqquncha bo‘lgan zararlari haqida gapirilganda bu qiz hozir o‘zini-o‘zi ehtiyot qilarmidi balki? Bir otasiz bolani dunyoga keltirmasmidi?

«Fakebook» ijtimoiy tarmog‘ida ayollar uchun bir necha yopiq guruhlar bor. Juda ko‘p anonim ayollardan, yosh kelinlardan ginekologiyaga oid savollar bo‘ladi. Hamma o‘z bilganicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashadi. Afsuski, anonim savol beruvchilar orasida mana shu jinsiy tarbiya nima ekanligini bilmagan, shu bois oilasi buzilish arafasida turganlari bor. Oilaning buzilish sabablaridan biri jinsiy hayotga tayyorgarlikning yo‘qligi ekanligini ham tan oladigan vaqt allaqachon yetmadimikan?

O‘sha tadbirda jurnalistlar ko‘pgina savollar bilan murojaat qilishdi. Masalan, oiladagi zo‘rovonlikni kamaytirish uchun 194 ga yaqin shelterlar markazi faoliyat yuritayotgani, demak bunday markazlar har bir viloyatga kamida 10 tadan to‘g‘ri kelishi haqida.

Vaholanki, bunday ayollarga ijtimoiy ko‘mak reabilitatsiyalarining, ya’ni bunday NTTlarning 14 nafari moliyalashtirilgani, qolgani ham moliyalashtirilishi rejalanayotgani, eng chekka qishloqdagi ayollar ham bunday markazlar borligidan xabardor bo‘lishi uchun targ‘ibot-tashviqot ishlari yo‘lga qo‘yilishi kerakligiga urg‘u berildi. Undan tashqari bu tadbirda bolalar shifokori — pediatrning yetishmasligi, ayniqsa, qishloq joylarda aholi shaharga qatnashga majbur bo‘lishayotgani haqidagi savollar berildi. Bu savollarga har bir mutasaddi kerakli javoblarni berishdi. Yana bu tadbirda karantin vaqtida asosan ayollar ishsiz qolgani, oilada ayollar zo‘ravonlikdan jabr chekkani haqidagi holatlar mas’ul vakillar tomonidan faktlari bilan keltirildi. 

Senat raisi yana bir muhim masala — qizlarning oliy ma’lumotli bo‘lishi ularning kelajakda karera qilishi, jamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun qanchalar asqotsa, agar vaziyat taqozosi bilan ishlamay, uyda o‘tirgan taqdirda ham farzandlarini tarbiyasi uchun shunchalik muhimligi, qizlarimiz faqat osh-ovqat pishirish yoki tikuvchilik kabi hunarlar bilan chegaralanib qolmasligi, ular nozik qo‘llari bilan erkaklar bajaradigan zargarlik va soat tuzatish kabi ishlarni ham mahorat bilan bajara olishiga ham to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, onalik va bolalikni muhofaza qilish yuzasidan kelgusi yil 1 iyun sanasidan boshlab 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar vitaminlar va mikronutriyentlar, 10 yoshgacha bo‘lgan bo‘lgan bolalar parazitlarga qarshi dorilar, homilador, emizikli ayollar, 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar yod pereparatlari, 35 yoshgacha bo‘lgan ayollar foliy kislotasi va ferrum bilan bepul ta’minlashi ko‘zda tutilayotgani haqidagi xayrli ishlar nashrlar tomonidan deyarli yoritilmadi. Axir aynan mana shunday xayrli ishlar amalga oshsa, inson kapitaliga qanchalar hissa qo‘shilar edi.

Ko‘pchilik baqir-chaqir qilib ayuhannos solayotgan «jinsiy tarbiya» haqidagi fikrlarni men — venerik kasalliklarning oldi olinadi, qizlardagi ginekologik kasalliklarga barvaqt barham beriladi, xavfsiz homiladorlik, istalmagan homiladorlik va uni oldini olish, o‘sma kasalliklari va o‘sma oldi kasalliklarini oldini olish, o‘smirlar reproduktiv salomatligi — balog‘at ostonasida turgan yoshlarning murakkab va fiziologik o‘zgaruvchanligiga vaqtida e’tibor qaratiladi, deb tushundim. 

So‘zimning so‘ngida shu yilning mart oyida Hidoyat.uz nashrida e’lon qilingan Usmonxon Alimovning «Tarbiyaning nozik jihatlari: jinsiy tarbiya mas’uliyati» maqolasidan iqtibos keltirmoqchiman: 

«Bolalar bog‘chasiga qatnaydigan kichkintoy odam tanasining tuzilishi, o‘g‘il va qiz bola a’zolarining tuzilishi haqida qiziqib va o‘smoqchilab savol beraveradi. Hatto bu haqida bexosdan ko‘pchilik davrasida so‘rab qolishi ham mumkin. Ota-ona yoki tarbiyachi shunday holatda ularga: «Bunday narsani so‘rama», «uyat bo‘ladi» demasligi, bolaga ta’qib ko‘zi bilan qaramasligi, ularni qiziqtirgan savolga vaqtini topib, to‘g‘ri, erinmasdan, bosiqlik bilan javob berishi kerak. Aks holda, bolada noxush va qo‘rqinchli tasavvur paydo bo‘lishi mumkin.

Aslida, bunday tarbiyadan maqsad – bolaning aqli uyg‘onishi bilan, avvalo, jinsga nisbatan qarashini to‘g‘ri singdirib borish. Bu esa yigitlarning erkaklarga xos tarbiyasi va o‘z o‘rnida, qizlarning ayollarga xos bo‘lgan tarbiyasiga e’tibor yo‘lidir. Shu yo‘sinda oilada farzandlarning bir-birlariga nisbatan o‘zaro muomaladagi masofa va o‘zlari haqidagi nozik tushunchalar berib boriladi. Shu bilan birga yoshlariga qarab, uylanish va turmush qurish bilan bog‘liq masalalarni ham yetkazib va uqtirib borish talab etiladi. Toki o‘spirin ulg‘ayib borarkan, hayotda bu borada nima halol va nima harom ekanini tushunib yetsin. Kelgusidagi turmushi davomida bu borada muammolarga duch kelmasin. Chunki aksariyat oilalarda ota-onalar istihola qiladi yoki umuman ushbu tarbiyaga befarq bo‘ladi. Oqibatda esa farzandlari turmush qurganidan keyin, ushbu masalalar sabab bo‘lib, muammolar va ular orqasidan kelishmovchilik kelib chiqadi. Natijada, ko‘pincha bunday oilalar hayoti ajralish bilan xotima topadi. Yoki tamoman noto‘g‘ri tarbiyadan mosuvo bo‘lib o‘sgan farzand o‘ta qabih yo‘l – nafsoniy shahvat ketidan quvib, turli buzuqliklarga berilib ketishi ham mumkin. Bu kabi xunuk, sharmsiz holat va muammolarga barham berishning eng go‘zal yo‘li jinsiy tarbiyani o‘ziga xos uslubda, dinimiz ko‘rsatmalari va milliy urf-odatlarimizga muvofiq tarzda o‘rgatib borishdir».

Darvoqe, dinimizda ham farzand tarbiyasi borasida hech bir narsa e’tibordan chetda qoldirilmagan, balki tarbiyaning eng nozik qirralari ham bayon qilingan.

Mavzuning mohiyati bir chetda qolib, unga aloqadar bo‘lmagan bir og‘iz gapni xayp uchun bayroq qilib olib chopayotganlarga nima ham derdim — uyat, uyat, uyat...

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети