Новости в нашем Телеграм канале Подписаться ×

Нурбек Алимов

Оз нарсани қурбон қилган одам, оз нарсага эришади. Кўп нарсани хоҳлаган одам эса кўпроқ нарсадан воз кечиши кераклигини билади.

AQSh harbiy bazalari qaysi mamlakatlarda joylashtirilgan va qanday maqsadda? (sharh)

AQSh harbiy bazalari qaysi mamlakatlarda joylashtirilgan va qanday maqsadda? (sharh)

Foto: «rapidcityjournal.com»

O‘zbekiston hududida nafaqat AQShning, boshqa biror xorijiy davlatlarining harbiy bazalari joylashtirilmagan va joylashtirilishi mumkin ham emas!

Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin, dunyoning hech bir mamlakati Amerika Qo‘shma Shtatlari kabi ko‘plab mamlakatlarda harbiy bazalar ochmagan. Amerikalik tarixchi Jozef Gersonning fikricha, AQSh tarixini harbiy bazalar uchun kurash davri deb hisoblash mumkin.

AQShdan tashqaridagi birinchi harbiy bazalar XX asr boshlarida, AQShning Ispaniya-Amerika urushidagi g‘alabasidan keyin paydo bo‘la boshladi.

Ikkinchi jahon urushi paytida AQSh Islandiya, Shimoliy Afrika va Hind okeanida harbiy bazalarga ega bo‘ldi, ulardan foydalanish Yaponiya va Germaniyaga qarshi urushda g‘alaba qozonishga imkon berdi.

Ikkinchi jahon urushi tugaganidan keyin esa Germaniya, Italiya, Fransiya, Yaponiyaning g‘arbiy qismi va Koreya yarimorolining janubiy qismida ham AQSh qo‘shinlari doimiy asosda bazalarga ega bo‘lishdi, ularning ba’zilari hozirgacha mavjud.

Koreya urushidan keyin AQShning Koreya va Yaponiyadagi bazalari doimiy bo‘lib qoldi. Bugungi kunda ham Amerika Qo‘shma Shtatlarining eng ko‘p bazalari Germaniya, Yaponiya va Janubiy Koreyada joylashgan.

1946-yilda AQSh Filippinga mustaqillik bergandan so‘ng, o‘zining ko‘pgina harbiy bazalarini ushbu davlatda saqlab qoldi. «Sovuq urush» boshlanganidan so‘ng esa AQSh o‘z ittifoqchilari bilan harbiy qo‘shinlarini ularning hududlariga joylashtirish imkoniyatlari bo‘yicha keng ko‘lamli muzokaralarni boshladi.

1960-yilga kelib, AQSh 42 mamlakat bilan 8 ta harbiy hamkorlik shartnomalarini imzoladi va boshqa 30 ta davlatlar bilan shu kabi alohida bitimlarga tuzildi. Bu esa AQShga ma’lum shartlar asosida o‘z bazalarini ushbu davlatlarga joylashtirish huquqini berdi.

Foto: «getarchive.net»

Harbiy bazalar ikki yoqlama rol o‘ynadi

1949-yilda NATO bloki yaratildi, birinchi bosqichda unga AQShdan tashqari yana 12 ta Yevropa davlatlari kirdi. 1960-yilga kelib ularga G‘arbiy Germaniya va Turkiya qo‘shildi. 1951-yilda AQSh Avstraliya va Yangi Zelandiya bilan xavfsizlik shartnomasini imzoladi. Harbiy bazalarni joylashtirish bo‘yicha ikki tomonlama shartnomalar Filippin (1951), Janubiy Koreya (1953) va Yaponiya (1960) bilan imzolandi.

Bu bazalar ikki yoqlama rol o‘ynadi: bir tomondan ular Sovet Ittifoqi va Xitoy tajovuziga qarshi turishlari kerak bo‘lsa, boshqa tomondan dunyoning strategik muhim mintaqalaridagi AQSh harbiy kuchlarini mustahkamladi.

Hozirda AQSh Yaqin Sharqda harbiy bazalar tarmog‘ini yaratishga intilmoqda. Sovuq urush davrida u yerda deyarli harbiy ob’yektlar yo‘q edi. AQShning asosiy ittifoqchilaridan biri bo‘lgan Kuvaytda birinchi Amerika harbiy bazalari 1980-yillarning boshlarida paydo bo‘lgan.

1990-1991-yillardagi Fors ko‘rfazidagi urushdan so‘ng, Kuvaytni bosib olgan Iroq kuchlari xalqaro koalitsiya tomonidan mag‘lubiyatga uchratilgach, AQShning mintaqada keng ko‘lamli harbiy bazalari paydo bo‘la boshladi.

Shunday qilib, Kuvayt, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, Qatar, Ummon va Birlashgan Arab Amirliklarida AQSh bazalari paydo bo‘ldi. Ularning mavjudligi Iroq va ehtimol Eronning tajovuzkorligini cheklash, shuningdek, neftni tashish yo‘llarining xavfsizligini ta’minlash zarurligi bilan izohlandi.

Amerikaning harbiy bazalari aslida ushbu mintaqada 1970 yillarning boshlariga qadar mavjud bo‘lgan Britaniya harbiy bazalarining o‘rnini egallagani esa geosiyosatdagi qiziq vaziyatlardan biridir.

O‘zbekistonning Xonobod hududidagi harbiy bazada taxminan 1,5 ming amerikalik bo‘lgan

90-yillarning o‘rtalarida Qo‘shma Shtatlar fuqarolar urushi avj olgan sobiq Yugoslaviya hududida tinchlikparvarlik va gumanitar operatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun bir qator harbiy bazalarni yaratdi. Keyinchalik esa bu harbiy ob’yektlar Serbiyani bombardimon qilishda ishlatilgan, bu Kosovo tinch aholisini Yugoslaviya harbiylari va maxsus xizmatlari tomonidan o‘tkazilgan etnik tozalashdan himoya qilishga qaratilgan operatsiyalar edi.

Keyinchalik AQSh harbiy bazalari Vengriya, Albaniya, Bosniya, Makedoniya va Kosovoning janubida paydo bo‘ldi. 2001-yil 11-sentyabr voqealari va buning ortidan xalqaro terrorizmga qarshi urush boshlanganidan so‘ng, AQSh yana 19 ta yangi harbiy baza yaratdi. Ular birinchi marta postsovet davlatlari hududida paydo bo‘ldi. Xususan, Afg‘onistondagi operatsiyalar paytida AQSh Sovet harbiy-havo kuchlarining sobiq aerodromi bo‘lgan Qirg‘izistondagi Manas aviabazasidan foydalanish huquqini oldi.

Bazada transport samolyotlari va AQSh dengiz korpusining qiruvchi samolyotlari joylashdi. 2001 yil Afg‘onistondagi tolibon va Al-Qoidaga qarshi harbiy amaliyotlarning dastlabki bosqichida O‘zbekistonning Xonobod shahridagi harbiy baza hududida, taxminan 1,5 ming amerikalik harbiy xizmatchilar bo‘lgan.

Ushbu harbiy baza bo‘yicha AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi shartnomada undan faqat gumanitar va qutqaruv operatsiyalarida foydalanish ko‘zda tutilgan. 2005-yilning kuz oylariga kelib ushbu baza o‘z faoliyatini to‘xtatdi. 25-noyabr kuni AQSh so‘nggi harbiy samolyoti Qarshi-Xonobod bazasini tark etdi.

Eron va AQSh o‘rtasidagi nizolar fonida hozir dunyo OAVsi va ijtimoiy tarmoqlarda AQSh harbiy bazalarining xaritalari ko‘p uchrab turibdi. Unda O‘zbekiston ham qayta qayta tilga olinayapti. Hattoki mashhur siyosatchilar va jurnalistlar ham ushbu aniq bo‘lmagan ma’lumotni ishlatishmoqda. O‘zbekistoning 2 ta hududida, ya’ni Chirchiq va Xonobodda AQSh harbiy bazasi bor deb ko‘rsatilayapti.

O‘zbekiston Respublikasining 2012-yili qabul qilingan Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi «O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida»gi Qonunga va O‘zbekiston Respublikasining Harbiy doktrinasiga muvofiq harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi har qanday davlatlararo tuzilmadan, bu tuzilma harbiy-siyosiy blokka aylantirilgan taqdirda chiqish huquqini o‘zida saqlab qoladi, shuningdek, o‘z hududida xorijiy davlatlarning harbiy bazalari va ob’yektlari joylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Yuqorida keltirilgan konsepsiya va «O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosiy faoliyatining asosiy prinsiplari to‘g‘risidagi» O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga ko‘ra, hozirda O‘zbekiston hududida nafaqat AQShning, boshqa biror xorijiy davlatlarining harbiy bazalari joylashtirilmagan va joylashtirilishi mumkin ham emas.

Источник: uza.uz

Комментарии 0

Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии

Вход

Заходите через социальные сети