Biz o‘z bosqinchisini ko‘kka ko‘targan ilk millat sifatida tarixda qolamizmi?
Bundan 2-3 yil avval Andijonda, arab sarkardasi Qutayba ibn Muslim ziyoratgohi davlat mablag‘lari hisobidan qayta ta’mirlangani haqida o‘z munosabatimni bildirgandim, Qilichmozor qishlog‘i hududida Qutayba o‘z safdoshlari tomonidan o‘ldirilgach, keyinchalik bu yerda uning maqbarasi bunyod etilgan. Ancha ta’mirtalab ahvolga kelib qolgach, Andijon viloyati hokimligi tomonidan bu qadamjo obod qilindi. Balki, Qutayba yurtimizni islom nuri bilan nurlantirishga hissa qo‘shgandir. Ammo, uning islomiyatga qadar bo‘lgan madaniyatimizni yer bilan yakson qilganini ham unutmaslik kerakligini aytib o‘tgandim, o‘shanda.
Yaqinda Toshkent shahri hokimligi tomonidan yurtimizni bosib olish chog‘ida halok bo‘lgan 24 nafar rus askari sharafiga bunyod etilgan Avliyo Georgiy butxonasining qayta ta’mirlanishi haqida turli fikrlar paydo bo‘ldi.
Tasavvur qiling, bu bosqin xalqimiz boshiga ne-ne kunlarni solmadi. Nahotki, ozodlik uchun jon bergan o‘n minglab ajdodlarimizni, kuli ko‘kka sovrilgan shaharu qishloqlarimizni, yondirilgan, yo‘q qilingan madaniy boyliklarimizni, toptalgan dinimiz, qadriyatlarimiz, tarixiy merosimizni esdan chiqarish shu qadar oson bo‘ldi?
Vatan deb, iymon deb, or-nomus deb jon bergan shahid ketgan bobolarimizga munosib ko‘rilmagan bunday sharaf ne ajabki, ularni beayov qirgan, otgan, osgan, badarg‘a qilgan zolimlarga nasib qilgan bo‘lsa? Albatta, biz rus xalqining Pushkin, Tolstoy, Chexov, Gogol, Griboyedov, Yesenin singari buyuk daholari oldida hamisha ta’zimdamiz. Ularning xotirasini qancha ardoqlasak arziydi. Ammo, Vatanimizni poymol qilgan fotihlarni emas.
Tan olish kerak, bizning ota-bobolarimiz ham boshqa yurtlarga qo‘shin tortib borishgan, boshqa hududlarni o‘z davlatlariga qo‘shib olishgan. Ammo, shu paytgacha biror yurtga kirib borgan turkiylarimiz sharafiga mahalliy xalq tomonidan tiklangan obidani ko‘rmadim. Biz har qancha ulug‘lamaylik, Gruziyada Jaloliddin Manguberdini, Eron yoki Hindistonda Amir Temurni bosqinchi deb bilishadi. Har yili noyabr oyida Tbilisida Kura daryosi bo‘yicha Jaloliddin bobomiz buyrug‘i bilan qatl etilgan gurjilar xotirasi yodga olinadi. Usmoniylar davridagi ziddiyatlar natijasida halok bo‘lgan armanlar xotirasi «genotsid» sifatida bo‘rttirilib, arman xalqi uchun hayot-mamot masalasiga, Armanistonning davlat siyosatiga aylanganini gapirmasa ham bo‘ladi.
Avvalo, butun dunyo, jumladan bizning xalqimiz ham pandemiyadan aziyat chekib, koronavirusga chalinganlar ortib borayotgan, yuz minglab oilalar karantin tufayli daromad manbaidan ayrilgan, davlat iqtiisodiyoti xavf ostida turgan bir paytda, millionlab mablag‘ evaziga bu yodgorlikni tiklash shunchalik zarurmidi? (Garchi bu tashabbus ancha oldinroq boshlangan bo‘lsa-da) Shunday vaziyatda ham bunyodkorlikni unutmagan ekanmiz, obod qilinishi, tiklanishi, ta’mirlanishi lozim bo‘lgan boshqa muassasalar, ta’lim-tarbiya maskanlari yo‘qmidi? Bu mablag‘ evaziga tang ahvolda qolgan minglab oilalarga yordam ko‘rsatish mumkin edi-ku?
...Esimda, bir paytlar Samarqandga kiraverishda, Cho‘ponota tepaligida yurtimizni bosib olishda halok bo‘lgan chor askarlari xotirasiga atab qurilgan yodgorlik bo‘lardi. Bu ham o‘z vaqtida yurtimiz ziyolilarining jiddiy noroziligiga sabab bo‘lgan, O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron bu yodgorlik haqida shunday satrlarni bitgandi:
Samarqandga yaqinlashgan on,
Yurak birdan g‘azab-la urar:
Yuksak adir ustida, ne tong,
Bosqinchilar haykali turar...
Bu dunyoda bosqinchidek g‘ar,
Bosqinchidek zolim yo‘q, xalqim!
Haykal emas, sening ko‘ksingda
Zanglab yotar bitta o‘q, xalqim!..
Xullas, shu chiqishlar, da’vatlar sabab bo‘ldimi, boshqami, tepalikdagi bu yodgorlik tamomila yo‘q qilindi. Oradan yillar o‘tib, xuddi ana shu yo‘nalishda barpo etilgan yana bir yodgorlik obod etildi. Kim bilsin, shahar chiroyini ochish uchun balki bu ham kerakdir? Ammo, shaharni tomosha qilish uchun kelgan xorijlik mehmonlarga bu obidani qanday «tanishtiramiz»? «Mana, bir paytlar bizdek «yovvoyi» xalqqa taraqqiyot, ozodlik olib kelishdek buyuk maqsad yo‘lida qahramonlarcha halok bo‘lgan azamat askarlar sharafiga qurilgan obidani biz ta’mirlab qo‘ydik» desak qalay bo‘larkin?
Balkim, o‘z bosqinchisini ko‘kka ko‘tarib, uning xotirasiga bag‘ishlangan obidalarni ta’mirlab, ko‘z-ko‘z qilgan ilk «bag‘rikeng» millat sifatida tarixda qolarmiz?
P.S: 1886-yilda barpo etilgan bu bino tarixiy obida sifatida o‘z qiymatiga ega, deydiganlarga javobim: men ham bu butxonani tag-tugi bilan yo‘qotish kerak edi, demoqchi emasdim. Tarixiy bino sifatida asl holatida turgani yaxshi emasmidi? Axir, YuNESKO talablari bo‘yicha tarixiy binolar asl ko‘rinishida saqlanalishi, restavratsiya emas, konservatsiya qilinishi kerak emasmidi? O‘tgan yili Qoraqapog‘istondagi Sham’un Nabi ziyoyoratgohi buzilib qayta tiklangani ham katta shov-shuvga sabab bo‘lmaganmidi? Bitta narsa qiziq: Qoraqalpog‘istondagi bu ziyoratgoh tiklanganda, «tarixni buzib, yo‘q qilishyapti» deb shovqin ko‘targan ayrim rusiyzabon jurnalist va blogerlarimiz nega ushbu butxona tiklanayotganida, «tarixni o‘zgartirmang» deb faryod solishmadi? Yo biz bexabar qoldikmikin?
Зарегистрируйтесь, чтобы оставлять комментарии
Вход
Заходите через социальные сети
FacebookTwitter